Bismillahir Rohmanir Rohiym
Gohida boshingizdan og‘ir damlar kechadi. Shu paytlarda siz “bo‘ldi, kuchim yetmaydi, charchadim” deb o‘ylaysiz. Kurashish, sabr qilish va doimiy mahkam turishga toqatingiz yetmaydiganday ko‘rinadi. Bunday paytda aslo taslim bo‘lmang! Chunki har jonning iqboliyu inqirozi bo‘ladi. Bu inqiroz o‘z ortidan iqbolni ergashtirib kelsa, ajab emas...
Ba’zi paytlarda shuuringizda qulash hissini tuyasiz, ishonchsizlik hamda kamchilikni his etasiz. “Men hech ishga yaramay qoldim”, deb o‘ylab qolasiz. Bunda ham sira taslim bo‘lmang! Doimo yodingizda bo‘lsinki, ixlos ila tinimsiz harakatda bo‘lar ekansiz, yiqilish uyat hisoblanmaydi. Kishi mag‘lubiyatini tan olmagunicha va qayta urinib ko‘rishdan voz kechmagunicha muvaffaqiyatsizlikka uchragan, deb hisoblanmaydi. Buni ham yodingizda saqlang! Qayta-qayta urinib ko‘ravering, hujumni, zarbani yana va yana amalga oshiring. Alloh nasib etsa, tez orada ko‘zlagan maqsadingizga erishasiz.
Gohida sizni manmanlik va “qoyil, o‘zimdan juda ajablanyapman” degan hislar ham chulg‘ab oladi. Buning ortidan siz o‘zingizni “yagona” ekanligingizni o‘ylab qolasiz. “Nasihatgo‘y, maslahat beruvchining menga nima keragi bor” degan xulosaga kelasiz. Mabodo, o‘zingizda shunday tuyg‘ularni seza boshlasangiz, unga taslim bo‘lmang!
Mag‘rurlikdan ehtiyot bo‘ling, u sizning qotilingizdir. Iblis sizdan avvalgilarni ham yo‘ldan ozdirgan va uning o‘zi-da, Allohning dargohidan quvib-solingan. O‘zingizdagi kamchiligu nuqsonlarni, zaifligingizni esdan chiqarmang. Tavfiq faqatgina yolg‘iz Alloh taolodandir.
Ba’zi vaqtlarda g‘am-tashvishlar sizni ta’qib qiladi. “Butun umr mana shu g‘am-tashvishlar ichra yashasam kerak” degan xayol bilan, oldindagi kunlaringizning barchasini nursiz qaro tundek bo‘lishiga gumonda bo‘lasiz. Bularning ortida hech bir xayr yo‘q deb ham o‘ylamang va bu kabi o‘ylarga hech ham taslim bo‘lmang! Albatta har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir.
Doim to‘g‘rilikka intilasiz, birovning haqqida xatoga yo‘l qo‘ymaslikning payida bo‘lasiz. Chohga tushishdan qo‘rqasiz. Fe’lingizdagi bu kabi holatlar sizni kamolot zinapoyalari sari yetaklaydi.
Lekin gohida biror gunoh ishga ham qo‘l urasiz. Shunda shayton: “Hayr-baraka sendan uzoqda, sen baxtsizlikka mahkumsan”, deya ichingizga g‘ulg‘ula soladi. Siz bu shaytoniy vasvasalarga taslim bo‘lmang! Odam bolasi xatokor ekanini hamda xatokorlarning eng yaxshilari tavba qiluvchilar ekanini eslang. Alloh taolo A’rof surasining 201-oyatida: “Taqvo qilganlarga shaytondan (biror) musibat yetsa, (darhol Allohni) eslaydilar. Bas, o‘shanda ular (haqni) ko‘ruvchidirlar”, deya marhamat qiladi.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Qiyomatga yaqin bitta erkakka ellikda ayol to‘g‘ri keladi”, degan gap ko‘p qulog‘imizga chalinadi. Voqelikka qarasak, qiyomatning aksar alomatlari zohir bo‘lsa ham, ayni shu alomati ko‘rinmayotgandek tuyuladi. Masalan, 2022-yilda O‘zbekiston aholisining 49,7 % aholisi ayol bo‘lsa, qolgani erkak bo‘lgan. Xalqaro nisbatni olganda ham 2022-yilda dunyoda erkaklar 50,5 % bo‘lsa, ayollar 49,5 % ga to‘g‘ri kelgan ekan. 2021-yildagi ma’lumotga ko‘ra, dunyoda erkaklar ayollardan 44 millionga ko‘proq bo‘lgan. Bu boradagi hadisni to‘g‘ri tushunib olsak, hech qanday muammo qolmaydi.
عَنْ أَنَسٍ قَالَ : لَأُحَدِّثَنَّكُمْ حَدِيثًا لَا يُحَدِّثُكُمْ أَحَدٌ بَعْدِي : سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ : مِنْ أَشْرَاطِ السَّاعَةِ أَنْ يَقِلَّ الْعِلْمُ، وَيَظْهَرَ الْجَهْلُ، وَيَظْهَرَ الزِّنَى، وَتَكْثُرَ النِّسَاءُ، وَيَقِلَّ الرِّجَالُ، حَتَّى يَكُونَ لِخَمْسِينَ امْرَأَةً الْقَيِّمُ الْوَاحِدُ
Anas roziyallohu anhu aytadi: “Sizlarga bir hadis aytaman, mendan keyin hech kim uni sizlarga aytmaydi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitganman: “Ilmning ozayib ketishi, johillik ustun kelishi, zino ommalashishi, ayollar ko‘payib, erkaklar ozayishi qiyomatning alomatlaridandir. Hatto ellikta ayolga bitta zabardast (erkak) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisdagi “erkaklar kamayadi”, deganda qanday erkaklar nazarda tutilganini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari ham hadisning davomida sharhlab: “Hatto ellikta ayolga bitta qoyyim (zabardast erkak) to‘g‘ri keladi” deganlar. Biz “zabardast” deb tarjima qilgan so‘z hadisda “qoyyim” deb kelgan bo‘lib, arab tilida “ishlarni o‘z zimmasiga oluvchi”, “nazorat qilib, tutib turuvchi”, “kuchli va ishonchli” degan ma’nolarda qo‘llaniladi. Hadisning boshidagi “erkaklar kamayadi” deganlarida, farazan, har qanday erkak kishini nazarda tutganlarida “Bitta erkak kishiga ellikta ayol to‘g‘ri keladi”, deyishlari kerak edi. Ammo u zot “Bitta zabardast kishiga” dedilar. Hadisda zabardastlikka shunchalik urg‘u berdilarki, hatto “erkak” so‘zini ham ishlatmay, uning sifatini zikr qilish bilan kifoyalandilar.
Yuqoridagi hadisning sharhida yigirmanchi asr mujtahidi Anvarshoh Kashmiriy bunday degan: “Hadisning boshqa bir tariqida “bitta ishonchli (omonatdor) qoyyim erkak to‘g‘ri keladi” deb aytilgan. Shu rivoyat bilan barcha muammo yechiladi. Chunki bunday erkak hozir ham juda kamdir”.
Hadisi sharifda “erkaklar ozayishi”dan “haqiqiy va mukammal erkaklar” nazarda tutilganiga yana bir dalil. Arab tilida bir jins mutlaq (umumiy) aytilganda va o‘ziga xos ishoralar bo‘lganda o‘sha jinsdagi eng mukammal tabaqa nazarda tutiladi. Shihob Xafojiy (1069-yil vaf.) “Tafsiri Bayzoviy”ga yozgan hoshiyasida: “So‘z mutlaq ishlatilganda o‘z zimnidagi eng mukammal turni anglatadi” deganlar. Masalan, Alloh taolo ba’zi oyatlarda Qur’oni karimni “Kitob” deb nomlagan, bunda “Eng mukammal kitob”ni nazarda tutgan bo‘ladi. Imom Sibavayh nahv bo‘yicha yozgan asarini “Al-kitab” deb ataganining sababi ham shu, ya’ni nahvdani eng mukammal kitob, demoqchi bo‘lgan. Yana bir misol: Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“أَلَا إِنَّ الْقُوَّةَ الرَّمْيُ، أَلَا إِنَّ الْقُوَّةَ الرَّمْيُ، أَلَا إِنَّ الْقُوَّةَ الرَّمْيُ
“Ayo, albatta, quvvat otish(da)dir” deb uch marta aytganlar. Aslida quch-qudrat otishdan boshqa urush qurollarida ham mavjud. Balki hadisning ma’nosi: “Haqiqiy, eng shiddatli va eng kuchli quvvat otish qurollaridadir” degani.
Demak, hadisga ko‘ra, qiyomatga yaqin, alalxusus, bugungi kunimizda ham ayolini maromida ushlab turadigan, taqvodor, omonatdor, rostgo‘y, quvvatli, ham o‘zining, ham boshqaning muammolarini yelkasiga olib, hal qilib beradigan bitta erkakning muqobilida ellikta yo undan ham ko‘proq ayol to‘g‘ri keladi.
Keling, taxminiy hisob qilib ko‘ramiz. Hozir dunyoda 8 milliard aholi bor. Ulardan 2 milliardi geografik musulmonlar. Shulardan taxminan 1 milliardi erkak bo‘lsa, 25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgani shu adadning yarmiga to‘g‘ri keladi, ya’ni 500 million bo‘ladi, chunki ishlarni idora qila oladigan erkaklar shu yosh orasida bo‘ladi. 500 million musulmon erkaklardan betaqvo, fosiq, o‘g‘ri, zinokor, na namozi, na niyozi bor, umrida boshi sajdaga tegmagan, tegsa ham bir haftada bir marta jumaga borib qo‘yadigan, halol haromni farqlamaydigan, omonatsiz, yolg‘onchi, poraxo‘r, dayus, ro‘za tutmaydigan, zakot bermaydigani nechta deb o‘ylaysiz? Hadisda shunday odamlar kirmasligi uchun ham haqiqiy musulmon erkak sifati keltirilgan. Har yettida erkakdan bittasi haqiqiy taqvodor erkak desak ham, 500 million musulmon erkakdan 70 milliontasi mana shunday sifatga ega bo‘lib chiqadi. Dunyodagi barcha ayollarni 4 milliard deb olsak, har ellik yettida ayolga bitta shunday erkak to‘g‘ri kelar ekan. Demak, hadisning ma’nosi hozirgi kunimizga ham muvofiqdir.
Abdulbosit Abdulvohid,
Hadis ilmi maktabi talabasi.