Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Aprel, 2025   |   19 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:28
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:27
Bismillah
17 Aprel, 2025, 19 Shavvol, 1446

Aslo taslim bo‘lmang!

31.01.2025   3967   2 min.
Aslo taslim bo‘lmang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Gohida boshingizdan og‘ir damlar kechadi. Shu paytlarda siz “bo‘ldi, kuchim yetmaydi, charchadim” deb o‘ylaysiz. Kurashish, sabr qilish va doimiy mahkam turishga toqatingiz yetmaydiganday ko‘rinadi. Bunday paytda aslo taslim bo‘lmang! Chunki har jonning iqboliyu inqirozi bo‘ladi. Bu inqiroz o‘z ortidan iqbolni ergashtirib kelsa, ajab emas...

Ba’zi paytlarda shuuringizda qulash hissini tuyasiz, ishonchsizlik hamda kamchilikni his etasiz. “Men hech ishga yaramay qoldim”, deb o‘ylab qolasiz. Bunda ham sira taslim bo‘lmang! Doimo yodingizda bo‘lsinki, ixlos ila tinimsiz harakatda bo‘lar ekansiz, yiqilish uyat hisoblanmaydi. Kishi mag‘lubiyatini tan olmagunicha va qayta urinib ko‘rishdan voz kechmagunicha muvaffaqiyatsizlikka uchragan, deb hisoblanmaydi. Buni ham yodingizda saqlang! Qayta-qayta urinib ko‘ravering, hujumni, zarbani yana va yana amalga oshiring. Alloh nasib etsa, tez orada ko‘zlagan maqsadingizga erishasiz.

Gohida sizni manmanlik va “qoyil, o‘zimdan juda ajablanyapman” degan hislar ham chulg‘ab oladi. Buning ortidan siz o‘zingizni “yagona” ekanligingizni o‘ylab qolasiz. “Nasihatgo‘y, maslahat beruvchining menga nima keragi bor” degan xulosaga kelasiz. Mabodo, o‘zingizda shunday tuyg‘ularni seza boshlasangiz, unga taslim bo‘lmang!

Mag‘rurlikdan ehtiyot bo‘ling, u sizning qotilingizdir. Iblis sizdan avvalgilarni ham yo‘ldan ozdirgan va uning o‘zi-da, Allohning dargohidan quvib-solingan. O‘zingizdagi kamchiligu nuqsonlarni,  zaifligingizni  esdan chiqarmang. Tavfiq faqatgina yolg‘iz Alloh taolodandir.

Ba’zi vaqtlarda g‘am-tashvishlar sizni ta’qib qiladi. “Butun umr mana shu g‘am-tashvishlar ichra yashasam kerak” degan xayol bilan, oldindagi kunlaringizning barchasini nursiz qaro tundek bo‘lishiga  gumonda bo‘lasiz. Bularning ortida hech bir xayr yo‘q deb ham o‘ylamang va bu kabi o‘ylarga hech ham taslim bo‘lmang! Albatta har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir.

Doim to‘g‘rilikka intilasiz, birovning haqqida xatoga yo‘l qo‘ymaslikning payida bo‘lasiz. Chohga tushishdan qo‘rqasiz. Fe’lingizdagi bu kabi holatlar sizni kamolot zinapoyalari sari yetaklaydi.

Lekin gohida biror gunoh ishga ham qo‘l urasiz. Shunda shayton: “Hayr-baraka sendan uzoqda, sen baxtsizlikka mahkumsan”, deya ichingizga g‘ulg‘ula soladi. Siz bu shaytoniy vasvasalarga taslim bo‘lmang! Odam bolasi xatokor ekanini hamda xatokorlarning eng yaxshilari tavba qiluvchilar ekanini eslang. Alloh taolo A’rof surasining 201-oyatida: “Taqvo qilganlarga shaytondan (biror) musibat yetsa, (darhol Allohni) eslaydilar. Bas, o‘shanda ular (haqni) ko‘ruvchidirlar”, deya marhamat qiladi.


Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Qoziyot kubogi" musobaqasida "Do‘stlik" g‘alaba qozondi

16.04.2025   2442   1 min.

Shu yil 15 aprel kuni Nukus shahri “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurtining yozgi sport maydonida mini-futbol bo‘yicha "Qoziyot kubogi" final o‘yini bo‘lib o‘tdi.


Jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan final o‘yini uyushqoqlik bilan qizg‘in o‘tdi. Unda Nukus shahri "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom bilim yurtining "Do‘stlik" jamoasi 1-o‘rin sohibi bo‘ldi.


Taxtako‘pir va Qorao‘zak tumanlaridan tuzilgan "Dao‘qara" jamoasi 2-o‘rin, Nukus shahri diniy xizmatchilaridan tuzilgan "Orol" jamoasi 3-o‘rin g‘olibi bo‘ldi.


Ma’lumot o‘rnida mazkur musobaqa davomida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyotiga qarashli respublikadagi masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari va masjid xodimlari, bilim yurti o‘qituvchilari va xodimlaridan iborat 12 jamoa ishtirok etdi.
 

Musobaqada g‘olib bo‘lgan jamoalar va yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchilarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti va "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.


Yakunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov va Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razovlar musobaqa ishtirokchilarini g‘alabalari bilan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari