Davomi...
O‘n birinchi odob – biror gunoh ishni amalga oshirish uchun yoki qarindoshlik aloqalarini uzish uchun duo qilmaslik.
Musulmon kishi biror gunohni bajarishga erishishi uchun yoki biror qarindoshi bilan aloqani uzishga muvaffaq qilinishini so‘rab duo qilmasligi kerak. Zero, bunday duo ijobat ham qilinmasligi hadisi sharifda xabar berilgan:
عَنْ جَابِرٍ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ مَا مِنْ أَحَدٍ يَدْعُو بِدُعَاءٍ إِلاَّ آتَاهُ اللَّهُ مَا سَأَلَ أَوْ كَفَّ عَنْهُ مِنَ السُّوءِ مِثْلَهُ مَا لَمْ يَدْعُ بِإِثْمٍ أَوْ قَطِيعَةِ رَحِمٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kimda kim biror duo qiladigan bo‘lsa, Alloh taolo, albatta, unga so‘raganini beradi yoki o‘shancha yomonlikni undan to‘sadi, modomiki u biror gunohga yo qarindoshlik aloqasini uzishga duo qilmagan bo‘lsa”, – deyayotganlarini eshitganman” (Termiziy rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharifda shariat man qilgan ishlardan saqlanib duo qilish, albatta, mazkur uchta zarur narsadan biriga sabab bo‘lishi bayon qilingan. Shuning uchun orif zotlardan biri: “Duo gunohni tark qilishdir”, degan.
O‘n ikkinchi odob – o‘ziga yo farzandiga yo moliga zarar yetishini so‘rab duo qilmaslik.
Odatda aqli raso inson hech qachon o‘ziga yo farzandiga yo moliga zarar yetishini so‘rab duo qilmaydi. Ammo “jahl kelganda aql ketadi” deganlaridek ba’zi insonlar biror narsadan qattiq g‘azablangan paytlarida o‘zlariga nisbatan “o‘lsam bo‘lmasmidi”, farzandiga nisbatan “bo‘yning uzilgur”, moliga nisbatan “qirilib ketgur” kabi so‘zlarni “jahl qilib” aytib yuboradilar. Ushbu so‘zlarni aytayotgan kimsa zohiran shu narsalar sodir bo‘lishi uchun duo qilayotganga o‘xshab qoladi. Zero, duoning asli so‘rovdir. Hadisi shariflarda bunday “so‘rov”ning o‘ta xatarli ekani haqida ogohlantirilgan:
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ لاَ تَدْعُوا عَلَى أَنْفُسِكُمْ وَلاَ تَدْعُوا عَلَى أَوْلاَدِكُمْ وَلاَ تَدْعُوا عَلَى خَدَمِكُمْ وَلاَ تَدْعُوا عَلَى أَمْوَالِكُمْ لاَ تُوَافِقُوا مِنَ اللَّهِ تَبَارَكَ وَتَعَالَى سَاعَةَ نَيْلٍ فِيهَا عَطَاءٌ فَيَسْتَجِيبَ لَكُمْ. رَوَاهُ اَبُو دَوُودَ
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zlaringga zarar yetishini so‘rab duo qilmanglar, farzandlaringga zarar yetishini so‘rab duo qilmanglar, xizmatchilaringga zarar yetishini so‘rab duo qilmanglar, mollaringga zarar yetishini so‘rab duo qilmanglar (tag‘in) Alloh tabaroka va taolo (so‘ralgan narsani) ato qiladigan ijobat soatiga muvofiq kelib qolmanglarki, (so‘rovlaringni) ijobat qilib qo‘yadi”, dedilar (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Ushbu hadisga rioya qilgan musulmonlar jahllari chiqqan paytda “bo‘yning uzilgur”ning o‘rniga “baraka topkur”, “uying bug‘doyga to‘lgur” kabi so‘zlar bilan “koyigan”lar.
O‘n uchinchi odob – biror zarar yo musibat yetgani sababli o‘lim so‘rab duo qilmaslik.
Musulmon kishining biror musibatga uchragani tufayli o‘ziga o‘lim tilashi beodoblik hisoblanadi. Bu haqida hadisi sharifda shunday xabar berilgan:
عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَدْعُوا بِالْمَوْتِ وَلَا تَتَمَنَّوْهُ فَمَنْ كَانَ دَاعِيًا لَا بُدَّ فَلْيَقُلْ اللَّهُمَّ أَحْيِنِي مَا كَانَتْ الْحَيَاةُ خَيْرًا لِي وَتَوَفَّنِي إِذَا كَانَتْ الْوَفَاةُ خَيْرًا لِي. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘lim so‘rab duo qilmanglar, uni hargiz tilamanglar, agar kimki duo qilishga majbur bo‘lib qolsa: “Allohim, hayot men uchun xayrli bo‘ladigan bo‘lsa, meni hayotda qoldirgin, agar vafot men uchun xayrli bo‘ladigan bo‘lsa, meni vafot ettirgin, desin”, dedilar (Nasoiy rivoyat qilgan).
Shuning uchun mo‘min kishi doimo Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib, yaxshilik so‘rab duo qilib borishi lozim.
O‘n to‘rtinchi odob – duo qilishda haddan oshmaslik.
Banda duo qilishda haddan oshmasligi, bandalardan so‘rashdagi holatlar singari maydalab gapirib ezmalik qilmaslik ham muhim odoblardan hisoblanadi. Bu haqida Qur’oni karimda bunday buyruq kelgan:
“Robbingizga tazarru’ ila va maxfiy duo qiling. Zotan, u haddan oshuvchilarni sevmas”[1].
Bir kuni Sa’d ibn Abi Vaqqos roziyallohu anhu o‘g‘illaridan birining duo qilayotib: “Allohim, Sendan jannatni, uning ne’matlarini, shodliklarini va falon-falon narsalarni ato qilishingni so‘rayman, do‘zaxdan panoh berishingni, uning zanjirlaru kishanlaridan va falon-falon narsalardan panoh berishingni tilayman”, – deb duo qilayotganini eshitib qolibdi. Shunda u zot: “Hoy o‘g‘ilginam, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Kelajakda duoda haddan oshadigan bir qavm bo‘ladi”, – deyayotganlarini eshitganman, o‘shalardan bo‘lib qolmagin. Agar senga jannat ato qilinsa, unda nima bo‘lsa hammasi ato qilingan bo‘ladi-ku, agar senga do‘zaxdan panoh berilgan bo‘lsa, undagi hamma yomonliklardan ham panoh berilgan bo‘ladi-ku”, – degan ekan.
Shuning uchun duo qilishda haddan oshmaslik kerak.
O‘n beshinchi odob – dunyoning o‘zida tezroq jazo berilishini so‘rab duo qilishdan saqlanish.
Oxiratdagi jazoning qattiqligidan qo‘rqib, dunyoda berilishini so‘rab duo qilishdan saqlanish lozim. Chunki uning mazkur so‘rovi ijobat qilinsa, uni ko‘tara olmay qolishi ham mumkin. Balki uning o‘rniga Alloh taoloning rahmatidan umidvorlik bilan U zotdan mag‘firat va ofiyat so‘rab duo qilish kerak. Bunga quyidagi rivoyat yorqin dalildir: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlardan bir bemorni ziyorat qildilar. Bemor juda nochor holatda jo‘jadek bo‘lib qolgan edi. Unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biror narsa to‘g‘risida duo qildingmi, yoki U zotdan biror narsani so‘radingmi?” – dedilar. Haligi bemor: “Ha, men: ey Allohim menga oxiratda beradigan jazoingni, tezroq dunyoda bergin”, deb duo qilgan edim”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Subhanalloh! Unga toqating yetmaydi-ku (yoki bir rivoyatda) uni ko‘tar olmaysan-ku, (uning o‘rniga): Ey Allohim, bizlarga dunyoda yaxshilikni ato qilgin, oxiratda ham yaxshilikni ato qilgin”, deb aytmadingmi”, – dedilar. U Alloh taologa (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rgatgan duo bilan) duo qilgan edi, Alloh unga shifo berdi”.
O‘n oltinchi odob – Alloh taologa doimo muhtoj ekanini izhor qilib duo qilish.
Musulmon kishi o‘ziga biror manfaat hosil bo‘lishida ham, biror zarardan saqlanishda ham Alloh taoloning madadiga muhtoj ekanini doimo yodida tutishi lozim. Banda dunyoga taalluqli ishda ham, oxiratga taalluqli ishda ham o‘zicha mustaqil biror narsaga qodir bo‘la olmaydi. Shuning uchun u o‘zining ojizligini, Robbisining qodirligini e’tirof etib, ehtiyojlarini ravo qilishni so‘rab Robbisiga duo qilishi lozim. Ushbu odob musulmonlikning asosi bo‘lgan eng muhim odoblardan hisoblanadi.
Yahyo ibn Muoz rahmatullohi alayh: “Allohim, Senga osiylik qilib turib yana Senga qanday qilib duo qilaman? Allohim, Sen rahmatu ikromi so‘ngsiz Al-Kariym zot bo‘lsang, qanday Sendan duo qilib so‘ramayman?”, deb duo qilgan ekan.
O‘n yettinchi odob – sermazmun va umumiy duo qilish.
Dunyo va oxirat yaxshiliklari so‘rovi jamlangan duolar sermazmun va umumiy duolar hisoblanadi. Bunday duolarning afzallari, albatta, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ta’lim bergan duolardir. U zot alayhissalom ko‘proq quyidagi duoni o‘qiganlar:
“Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilikni, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do‘zax olovi azobidan saqlagin”[2].
O‘n sakkizinchi odob – ko‘proq ofiyat so‘rab duo qilish.
Ofiyat so‘zi lug‘aviy jihatdan “to‘liq eson-omonlik” ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Shunga ko‘ra kimki ofiyat so‘rab duo qilgan bo‘lsa va Alloh taolo uni dunyoyu oxiratda ofiyatda qilgan bo‘lsa, unga barcha yaxshiliklar berilgan bo‘ladi. Ofiyat so‘rab duo qilishga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning alohida ko‘rsatmalari bor. U zot amakilari Abbos roziyallohu anhuga shunday buyurganlar:
أَكْثِرِ الدُّعَاءَ بِالْعَافِيَةِ
“Ko‘proq ofiyat so‘rab duo qiling”.
Shuning uchun ko‘proq ofiyat so‘rab duo qilish kerak.
O‘n to‘qqizinchi odob – ijobat sabablarini ado etib duo qilish.
Duoning ijobat qilinishi sabablari juda ko‘p bo‘lib ular Qur’oni karim va hadisi shariflarda bayon qilib qo‘yilgan. Masalan, Alloh taolo O‘zining ismlarini aytib duo qilishga buyurgan:
“Allohning go‘zal ismlari bordir. Bas, Unga o‘sha (ism)lar ila duo qiling”[3].
Basraliklar Ibrohim Adhamdan: “Bizga nima bo‘lganki, duo qilsak ham ijobat etilmaydi”, – deb so‘rashibdi. Shunda u zot quyidagicha javob bergan ekan: “Duolaringiz qabul bo‘lmasligining sababi, qalblaringiz o‘nta narsani his qila olmaydigan bo‘lib qolgan:
1. Allohni tanigansiz-u, biroq Uning haqqini ado etmagansiz;
2. Allohning kitobini o‘qigansiz-u, biroq unga amal qilmagansiz;
3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni va u zotning sahobalarini yaxshi ko‘rishni da’vo qilgansiz-u, biroq u zotning sunnatlarini tark qilgansiz;
4. Shaytonni o‘zlaringizga dushman deb bilgansiz-u, biroq u bilan murosa qilib qolgansiz;
5. Jannatni yaxshi ko‘ramiz degansiz-u, ammo u uchun amal qilmagansiz;
6. Do‘zaxdan qo‘rqamiz degansiz-u, ammo unga o‘zingizni garov qilib qo‘ygansiz;
7. O‘limni haq deb bilgansiz-u, biroq unga hozirlik ko‘rmagansiz;
8. Odamlarning ayblari bilan mashg‘ul bo‘lgansiz-u, biroq o‘zingizning ayblaringizni tashlab qo‘ygansiz;
9. Robbingizning ne’matlaridan bahramand bo‘lgansiz-u, biroq ularning shukrini ado etmagansiz;
10. O‘liklaringizni dafn etgansiz-u, lekin ulardan ibrat olmagansiz”.
Yigirmanchi odob – ko‘proq “Ya Zal jalali val ikrom” deb duo qilish.
Alloh taoloning ismlaridan biri Zul jalali val ikrom bo‘lib, lug‘atda “ulug‘lik va fazlu karam egasi” ma’nosini anglatadi. Duo qiluvchi ko‘proq Alloh taoloning ushbu ismini aytib duo qilishi afzal hisoblanadi. Chunki bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning alohida ko‘rsatmalari bor:
عَنْ أَنَسٍ أَنَّ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ أَلِظُّوا بِيَا ذَا الْجَلاَلِ وَالإِكْرَامِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ya Zal jalali val ikromni lozim tutinglar”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Matnda kelgan أَلِظُّوا kalimasi “uni lozim tutinglar”, “unda sobit bo‘linglar”, “uni ko‘p gapiringlar” va “duolaringda talaffuz qilinglar” kabi ma’nolarni anglatadi.
Yigirma birinchi odob – yalinib duo qilib yurishda doimiy ravishda bardavom bo‘lish.
Duo qilish odoblaridan biri ixlos bilan yalinib so‘rashda bardavom bo‘lishdir. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ عَائِشَةَ اَنَّ النّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا سَأَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيُكْثِرْ فَإِنَّمَا يَسْأَلُ رَبَّهُ. رَوَاهُ ابْنُ حِبَّان
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam” “Qachon sizlardan biringiz so‘rasa, (so‘rovini) ko‘paytirsin. Albatta, u Robbisidan so‘ramoqda”, – dedilar”. Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
Bandaning doimiy ravishda Robbisidan duo qilib so‘rashni o‘ziga odat qilib olishi U zotning marhamatiga hamisha muhtoj ekani izhori bo‘ladi. Chunki boshqa bir hadisi sharifda: “Kim Allohdan so‘ramasa, Alloh unga g‘azab qiladi”, – deb xabar berilgan.
Hikmatli she’rlardan birida shunday deyilgan:
لاَ تَسْأَلَنَّ بَنِى آدَمَ حَاجَةً وَسَلِ الَّذِى أَبْوَابُهُ لاَ تُحْجَبُ
اَللهُ يَغْضَبُ إِنْ تَرَكْتَ سُؤَا لَهُ وَإِذَا سَأَلْتَ بَنِى آدَمَ يَغْضَبُ
Odamlardan hech qachon so‘ramagil ehtiyoj,
Qo‘llaringni doimo cheksiz dargoh sari och.
Alloh sendan g‘azablanar agar sen so‘ranmasang,
G‘azab qilar odamlar gar ulardan so‘rasang.
Abu Yazid Bastomiy rahmatullohi alayh: “Bandaning Allohdan madad tilashni qo‘yib, bandadan madad tilashi, xuddi zindonda o‘tirgan kishining zindondagi o‘ziga o‘xshash tutqundan madad tilashiga o‘xshaydi”, degan.
Yigirma ikkinchi odob – ijobat va’da qilingan vaqtlarda va fazilatli makonlarda duo qilishga oshiqish.
Duolar ijobat qilinishi va’da qilingan fazilatli vaqtlar va makonlarda ko‘proq duo qilishga oshiqish lozim bo‘ladi. Bularning eng mashhurlaridan ayrimlari quyidagilardir:
– Azon va takbir orasida;
– Farz namozlar ortida;
– Kunduzning oxirgi vaqtida;
– Ro‘zadorning iftor vaqtida;
– Kechaning oxirgi qismida;
– Ramazon kunlarining barchasida;
– Zul hijjaning o‘n kunida;
– Arafa kunida;
– Hajda;
– Ka’ba yonida va hakozolar.
Yigirma uchinchi odob – kengchilik holatlarda duo qilishni ko‘paytirish.
Duo qilishning muhim odoblaridan biri qiyinchilikka uchramagan kengchilik paytlarda ham doimo ixlos bilan yolvorib duo qilib yurish hisoblanadi. Zero, Alloh taolo O‘ziga tazarru’ qilmagan bandalarini doimo tazarru’ qilib yurishlari uchun uning sabablarini ham ro‘yobga chiqarib qo‘yishini bayon qilgan:
“So‘ngra, shoyad, tazarru’ qilsalar deb, ularni balo va ziyonlarga tutganmiz”[4].
Qolaversa, kengchilik paytida tazarru’ bilan duo qilib yurish qiyinchilik paytida duosi tez ijobat bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رضى الله عنه قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ سَرَّهُ أَنْ يَسْتَجِيبَ اللَّهُ لَهُ عِنْدَ الشَّدَائِدِ وَالْكُرَبِ فَلْيُكْثِرِ الدُّعَاءَ فِى الرَّخَاءِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni qiyinchiliklar va mashaqqatlar chog‘ida Alloh taolo (uning duosini) ijobat qilishi xursand qilsa, kengchilik paytida duoni ko‘paytirsin”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Yigirma to‘rtinchi odob – duo ijobat qilinmasligiga sabab bo‘ladigan narsalardan saqlanish.
Duo qiluvchining qilayotgan duolari qabul bo‘lmasligiga sabab bo‘ladigan bir qancha ishlar bo‘lib, ular dinimizda bayon qilib qo‘yilgan. Jumladan, biror gunoh ishni amalga oshirish uchun duo qilish, qarindoshlik aloqasini uzish uchun duo qilish, zulm qilish, harom narsani iste’mol qilish va hakozo ishlarni qiluvchilarning duolari qabul etilmasligi hadisi shariflarda bayon etilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ey insonlar, albatta, Alloh taolo pokdir, pok (amal)dan o‘zgasini qabul qilmas. Albatta, Alloh taolo payg‘ambarlarni nimaga buyurgan bo‘lsa, mo‘minlarni ham shunga buyurgandir. Albatta (Alloh taolo): (Ey Payg‘ambarlar! Pok narsalardan yenglar va solih amallar qilinglar. Albatta, Men nima amal qilayotganingizni o‘ta biluvchiman[5]) degan, hamda: (Ey iymon keltirganlar! Sizlarga rizq qilib berganimiz pok narsalardan yenglar[6]) degan. So‘ngra (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) sochlari to‘zg‘ib chang-to‘zonga belanib, uzun safar qiladigan va qo‘llarini samoga cho‘zib: “Ey Robbim, ey Robbim” – deya duo qiladigan kishini (misol tariqasida) zikr qilib: “Uning yegani harom, ichgani harom, kiygani harom, haromdan ozuqalangan, bas, shunday ekan, qanday qilib (duosi) ijobat qilinsin”, – dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.
Orif zotlardan biri: “Duo ehtiyojlarni qondirish kalitidir, faqat bu kalitning tishlari halol luqmalardir”, – degan ekan.
Yigirma beshinchi odob – yetishib bo‘lmaydigan behuda narsalarni duo qilib so‘rashdan saqlanish.
Odatda bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsalarni so‘rash duodagi beodoblik hisoblanadi. Masalan, “ey Allohim, O‘zing madad ber men farishtaga aylanib qolay” yoki “ey Allohim, menga tog‘ni ko‘tarishga yetadigan kuch bergin” va hakozolar. Albatta, bunday beodobliklardan qat’i ravishda saqlanish lozim bo‘ladi.
Hikmatli so‘zlarning birida: “Dunyodagi baxt orzu qilgan narsaga yetishishda emas, balki erishgan narsasining qiymatini anglashdadir”, deyilgan.
Mazkur odoblar duoning eng zarur va mashhur odoblari bo‘lib, duo qiluvchi ushbu odoblar bilan ziynatlangan bo‘lsa, inshaalloh, bu odoblari samaralaridan dunyoda ham, oxiratda ham bahramand bo‘ladigan saodatmand bandaga aylanadi.
Ey Robbimiz, bizlarni duo qilish baxtiga muvaffaq qilgin, unda bardavom qilgin, hech qachon bu baxtdan ayirma...
Keyingi mavzu:
Vasila qilish bayoni.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mazkur maqolada islom fiqhi nuqtayi nazaridan bozordagi narxlarni sun’iy ravishda belgillash, tovarlarni ushlab turish orqali narxni ko‘tarish (ihtikor) amaliyoti shariatda qanday baholanishiga oid masalalar tahlil qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari va sahobalar rivoyatlari asosida narx belgilash va ehtikorning shariatdagi hukmi, ijtimoiy oqibatlari hamda zamonaviy xatarlari ochib berilgan.
Islom iqtisodiy tizimi adolat, o‘zaro rozilik va zulmsiz muomala asosiga qurilgan. Bozor iqtisodiyotida muhim tushunchalardan biri – narx belgilash huquqidir. Shariatda bu masala shunchaki iqtisodiy vosita emas, balki axloqiy va ilohiy qoida bilan chambarchas bog‘langan. Narxni sun’iy ravishda chegaralash yoki tijorat molini ushlab turib narxni ko‘tarish – shariatda qoralangan ishlardan hisoblanadi. Bu maqolada mazkur holatlarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning munosabati, ulamolar fatvolari va ijtimoiy oqibatlari tahlil etiladi.
«Narxni chegaralash» deganda mas’ul shaxs yoki taraf tomonidan narxni chegaralab qo‘yish tushuniladi.
«Ihtikor» deganda esa, turli yo‘llar bilan bir xil savdo molini egallab olib narxni oshirishga urinish aytiladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Odamlar: "Yo Allohning Rasuli, narx ko‘tarilib ketdi bizga narxni belgilab bering" deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, Allohning o‘zi narxni belgilovchi, tutuvchi, keng qiluvchi va rizq beruvchidir. Men esa sizdan birortangiz ham mendan na qon va na molda zulm, da’vo qilmaganingiz holimda Allohga ro‘baro bo‘lishni xohlayman" dedilar (Sunan egalari rivoyat qildilar).
Qimmatchilik ko‘pchilikni tashvishga solib qo‘yadi. Chunki bu holat barchaga zarar keltirayotgan bo‘lib ko‘rinadi. Hamma bu holatdan chiqish yo‘lini istaydi. Eng oson, eng sodda va hammaga «yalt» etib ko‘rinadigan chora bozorda narxni chegaralab qo‘yish bo‘lib, ko‘rinadi. Nima uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu ishni qilmadilar? Hatto ba’zi sahobalar bu taklifni qilganlarida ham ma’qul ko‘rmadilar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech bir narsaga yuzaki qaramasdilar.
Narxni chegaralash vaqtincha foyda bergani bilan aldamchilikdir, keyin esa zarar bo‘lishi turgan gap. So‘ngra tojirlar o‘z faoliyatlarini to‘xtatadilar. Bu hol esa el yurtga boshqa tomondan rizq kelishini ma’n qiladi. Shuning uchun ham qanchadan-qancha boy davlatlar xonavayron bo‘ladi. Faqirilk va miskinlikka ro‘baro‘ bo‘ladi.
Sotuvchi o‘z molini o‘z ixtiyori ila o‘zi xohlagan narxda sotsa, yaxshi bo‘ladi. Oluvchi o‘z ixtiyori ila o‘zi rozi bo‘lib, xohlagan narxga olsa, yaxshi bo‘ladi. Muhimi, o‘zaro rozilik bo‘lishi kerak.
Yaxshi va sifatli narsaning narxi baland bo‘ladi. Yomon va sifatsiz narsaning narxi esa past bo‘ladi. Hammasi bozor ko‘tarishiga qarab bo‘ladi. Shuning uchun ham har bir kishi bozor yaxshi ko‘taradigan molni yetishtirishga, olib kelishga qiziqadi. Hamma shunga uringandan keyin yurtda doimiy va haqiqiy serobchilik, arzonchilik hukm suradigan bo‘ladi.
Muammar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim ehtikor qilsa, o‘sha xatokordir", dedilar (Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyati).
«Ihtikor» lug‘atda ushlab turish ma’nosini anglatadi. Shariatda esa sotib olingan narsani narxini oshirish uchun qasddan sotmay ushlab turishga «ihtikor» deb aytiladi.
Ulamolarimiz xalq ommasining ehtiyoji ko‘proq tushadigan narsalar, xususan, oziq-ovqatning ehtikoriga alohida, boshqa narsaning ehtikoriga alohida qaraganlar.
Birinchisi mutloq mumkin emas desalar, ikkinchisini qimmatchilik vaqtida mumkin emas deganlar. Ihtikor haqida juda ko‘p hadislar rivoyat qilingan.
Abdulloh ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim taomni 40 kecha ehtikor qilsa, batahqiq u Allohdan voz kechgan va Alloh undan voz kechgan bo‘ladi. Qaysi yurtning ahlidan bir kishi och yotgan bo‘lsa, batahqiq, ular Allohning zimmasidan tushgan bo‘lurlar", deganlar.
Ba’zilar shu hadisga suyanib ehtikor faqat taomda bo‘ladi deydilar. Lekin jumhur ulamolar ehtikor haqida hadislar ko‘p, shuning uchun bu hadis asos bo‘la olmaydi deydilar.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Jalb qiluvchi rizqlantirilgandir, ehtikorchi esa la’natlangandir", deganlar.
«Jalb qiluvchi» boshqa yurtdan o‘z yurtiga kerakli narsalarni olib kelib sotuvchidir. Demak, bu ish, yaxshi ishdir. Kim bu ishni qilsa rizqi ulug‘ bo‘ladi. Ammo o‘z yurti bozorida eng kerakli narsalarni sotib olib, ushlab turib, sun’iy ravishda narxni ko‘taruvchilar la’natlangandur. Chunki unga xalq muhtoj bo‘lib turgandi, u esa ishlab chiqarmay, boshqa yurtdan olib kelmay foyda topishga uringan xaromxo‘r kimsadir.
Imom Ahmad Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulomonlarning narxlariga kirishib, ularga qimmatchilik keltirish uchun harakat qilsa, Alloh uchun uni qiyomat kuni katta olovga o‘tkazmog‘i haq bo‘ladi", deganlar.
Demak, ehtikorchi bu dunyoda ham, u dunyoda ham qattiq azob-uqubatlarga duchor bo‘ladi.
Ashurov Mahmudxon Muhammad G‘ulom
Foydalanilgan adabiyotlar: