O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar podshohligida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida qator vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Davron Maxsudov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ham ishtirok etdi.
***
O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Iordaniya Oliy ta’lim vazirligi chet ellik talabalar bilan ishlash bo‘limi mudiri Fadiy Basim bilan uchrashdi. Uchrashuvda Iordaniyadagi O‘zbekiston konsulligi vakili, Musulmonlar idorasi raisining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ham ishtirok etishdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik, ta’lim sohasida yo‘lga qo‘yilishi reja qilingan tajriba almashinuvlari, o‘zbekistonlik talabalarning arab tili va boshqa turli yo‘nalishlarda ta’lim olish masalalari muhokama etildi. O‘zbekiston va Iordaniya oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari diplomlarini ikki tomonlama tan olinishi bo‘yicha takliflar berildi.
***
Delegatsiya Hanafiy fiqhi fakulteti dekani, professor Saloh Abul Haj bilan muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbek talabalari uchun yanada yaxshiroq sharoit yaratish, kamchiliklarni bartaraf etishda ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.
***
Butunjahon islom ilmlari universiteti (WISE)da Iordaniyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda so‘zga chiqqan Muhammadolim Muhammadsiddiqov so‘nggi yillarda O‘zbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berib, hozirda islom sohasiga bog‘liq yo‘nalishlar uchun ixtisoslik shifrlari ajratilgani, Iordaniyada tahsil olayotgan talabalar kelajakda, albatta, O‘zbekistonga qaytib, olgan bilimlarini ulashishlari kerak ekanini ta’kidladi. O‘zbekistonlik talabalar Iordaniyada faqatgina fiqh yo‘nalishida emas, balki, hozirda yurtimizga kerakli bo‘lgan aqida, tafsir va hadis sohalarida ham o‘qishlari kerak ekanini aytib o‘tdi.
***
Shuningdek, safar davomida Iordaniya Tashqi ishlar, Investitsiya, Ta’lim, Sog‘likni saqlash, Vaqf ishlari bo‘yicha vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi va yirik kompaniyalari rahbariyatlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Payariq tumanida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tashabbusi bilan shahar va tuman imom-xatiblari, iqtidorli imomlar hamda 65 nafar hojilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xalq bilan, keng jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi. Bu bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida yig‘ilish qatnashchilari hududdagi ijtimoiy ahvoli og‘ir, bemor va nogironligi bor oilalar yashaydigan xonadonlarga borishdi. Ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali tomonidan 50 ta nogironi bor ana shunday oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, viloyatda diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘lida faol ishtirok etib kelayogan besh nafar amaliyotchi moddiy jihatdan rag‘batlantirildi.
Vaqf.uz