Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«O‘zgarmas hukmlar» nima degani? Haqiqatda ham fiqhda ixtiloflar ko‘p. Lekin shunday masalalar borki, ularga barcha ittifoq qiladi, bir hukmga ijmo’ qiladi. Bunday masalalarda tafovutni, ixtilofni qabul qilmaymiz. Ularda faqat va faqat yagona fikr, yagona hukm bo‘ladi. Fiqhning ustunlik siri ham aynan shunda: unda ikki jihat bor. Birinchi jihat – fiqhning universalligi, moslashuvchanligi bo‘lsa, ikkinchi jihati – ko‘plab masalalarda sobitligi, o‘zgarmasligidir. Agar biz mana shu moslashuvchanlikni va ixtilofni butkul tark qilsak, yuqorida ko‘rganimizdek, katta muammolarga duch kelamiz. Ikkinchi jihatni, ya’ni sobitlik va o‘zgarmaslikni tark qilsak, boshqa bir muammoga duch kelamiz. Mana, tahallul yo‘nalishida o‘zgarmas hukmlar degan tushuncha umuman yo‘q. Birinchi toifa hech qanday ixtilofni qabul qilmay, hamma narsaga tashaddud bilan yondashadi, o‘ziga muxolif bo‘lganlarni adashganga, kofirga chiqaradi, mazhablarni ham tan olmaydi. Ikkinchi toifada esa savobitlar, ya’ni o‘zgarmas hukmlar yo‘q. Ahli sunna o‘sha sobit hukmlarni «ijmo’» deb ataydi, ya’ni hamma mazhablar bu masalalarda ijmo’ qilishgan. Biz ularni chetlab ham o‘ta olmaymiz, ularda ixtilof bo‘lishini qabul ham qilmaymiz. Birorta qozi bu kabi masalada ijmo’dan tashqarida hukm chiqarsa, uning hukmi o‘tmaydi ham. Qozining hukmi ixtilof qilingan masalalardagina o‘tadi. Tahallulchilar nazdida esa bironta sobit hukm yo‘q, shuning uchun ularda ijmo’ degan tushuncha ham yo‘q.
Masala fiqh ilmini o‘rganishning hukmi haqida. Bu yerda muhim bir bahs bor. «Fiqhni o‘rganish farzi kifoya, ba’zilar o‘rgansa, qolganlardan soqit bo‘ladi», deymiz. Lekin bu yerda bir narsaga e’tibor qaratish kerak: muayyan holatga tegishli o‘rinlarda uning fiqhini o‘rganish farzi ayn bo‘ladi, ya’ni har bir musulmon fiqhdan o‘zining holatiga kifoya qiladigan miqdorda ilm o‘rganishi shart. Masalan, tahorat, namoz, ro‘za kabi ibodatga oid masalalarni, nikoh, savdo-sotiq kabi muomalot masalalarini bilish farzi ayn. Buni ulamolar «Ilmi hol» (holat ilmi) deb atashadi, ya’ni sizga hozirgi holatingizda o‘rganish shart bo‘lgan ilm, degani. Shunga ko‘ra, farzi ayn sifatida o‘rganishimiz eng kerak bo‘lgan ilm fiqh ilmi bo‘ladi.
Ilmi hol farzi ayn bo‘lgan ilm sifatida yuqoridagi mavzuda zikr qilingan uchala ilmga ham taalluqlidir: o‘zingizga yetarli miqdorda fiqh ilmiga, o‘zingizga yetarli miqdorda aqoid ilmiga hamda o‘zingizga yetarli miqdorda tazkiya va tarbiya (nafsni poklash, tarbiya qilish) ilmiga ehtiyojingiz bor. Tazkiya deganda, ixlosga intilish, masalan, g‘iybat va chaqimchilikdan saqlanish kabilar tushuniladi. Bularning hammasi ilmi holga kirib ketadi. Bu uchala ilmdagi barcha ma’lumotlarni emas, balki musulmon odamga ayni vaqtda, shu bugun kerak bo‘lib turgan qismini bilish farzi ayndir.
Xo‘sh, bu nima degani? Ahli sunna sifatida biz duch kelayotgan eng katta muammolardan biri mana shu ilmi holning yo‘qolib borayotganidir. Unga erishishning eng zaruriy yo‘li esa dinni o‘rgatishdir. Dinni o‘rgatish deganda, ilmi holni o‘rgatib, musulmonlar orasida yoyishni nazarda tutyapmiz. Ba’zi odamlarni ko‘rasiz, tashqi ko‘rinishidan musulmon, lekin shariat ahkomlarini umuman bilmaydi. U boshqalardan nimasi bilan ajralib turadi? Albatta, solih amallari bilan. Solih amal esa shariatga muvofiq bo‘lishi kerak.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.