Respublikamizning barcha hududlarida otinoyilar ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish yuzasidan davomli tadbirlar o‘tkazishmoqda.
O‘tgan hafta davomida xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik hamda o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha 220 ta, erta turmush, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlaridan ogoh etish maqsadida 226 ta, to‘y, ma’raka-marosimlarni ixcham, isrofgarchiliksiz o‘tkazish bo‘yicha 346 ta, bid’at-xurofotlarga qarshi kurashish bo‘yicha 260 ta, ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha 264 ta oila bilan suhbatlashildi.
Moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj 130 ta xonadonga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa hadyalar ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugungi kunda taomlanish madaniyatimiz tobora g‘arb madaniyatiga moslashib borayotgani hech kimga sir emas. Restoranlarda vilkalar va pichoqlardan foydalanish odatiy holga aylangan, hatto o‘zimizning milliy taomlarimizni ham qo‘l bilan yeyishdan uyaladiganlar topiladi. Aslida esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning taomlanish odoblariga nazar tashlasak, go‘shtni pichoq bilan emas, tishlab yeyish tavsiya qilinganini ko‘ramiz.
Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: "Go‘shtni pioq bilan kesib yemanglar, chunki bu ajam (musulmon bo‘lmagan)larning ishi. Uni tishlab yenglar, shunda yeyish osonroq va mazasi yoqimliroq bo‘ladi" (Abu Dovud, 3778-hadis).
Yana bir hadisi sharifda Sofvan ibn Umayya roziyallohu anhu bunday deydilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga taomlanayotib, go‘shtni suyagidan qo‘lim bilan ajratib yedim. Shunda u zot: Suyakni og‘zingga yaqin olib kelib yegin, ana shunda mazali va yoqimli bo‘ladi”, dedilar (Abu Dovud, 3779-hadis).
Bu hadislar bizga nimani o‘rgatadi? Eng avvalo, taomlanish madaniyati g‘arbga ergashish bilan o‘lchanmasligini anglatadi. Bugungi kunda ba’zi kishilar qo‘l bilan ovqat yeyishni madaniyatsizlik deb bilishadi. Aslida esa, bu aynan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biridir. Sunnatga mos kelgan narsa hech qachon or va uyat bo‘lishi mumkin emas.
Bundan tashqari, qo‘lda yeyishda miya ovqatga tayyorgarlik ko‘radi va hazm jarayoni yaxshiroq kechadi. Qo‘llar bilan ovqatni ushlaganda miya oshqozonga hazm jarayonini boshlash haqida signal yuboradi. Qo‘llar teridagi mikrobiota (foydali bakteriyalar) tufayli organizmning immunitetini kuchaytiradi. Qo‘l bilan yeyishda kishi ovqatning tuzilishi va haroratini his qilib, shunga muvofiq ish ko‘radi. Qo‘l bilan ovqat yeganda odam sekinroq yeydi va tanasiga yetarlicha to‘yinganlik signalini berishga imkoniyat beradi. Bu esa ortiqcha ovqat yeyishning oldini oladi. Bolalar uchun qo‘l bilan ovqat yeyish motorika (mayda qo‘l harakatlari) va mustaqillikni rivojlantiradi.
Demak, taomlanishda ham biz sunnatni unutmasligimiz, o‘z madaniyatimiz va islomiy qadriyatlarimizga sodiq qolishimiz kerak. G‘arb qadriyatlari hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bir paytda, biz sunnat yo‘lidan uzoqlashmaylik!