Rivoyatga ko'ra, Alloh taolo qiyomat kunida uch yuz yil ibodat qilgan bandani chaqirib: “Mening rahmatim bilan jannatga kir”, deydi. Banda: “Men senga uch yuz yil ibodat qildim, sening rahmating bilan jannatga kiramanmi?” deb so'raydi.
Keyin Alloh taolo bandani adli bilan so'roq qilib, tarozining bir pallasiga uning ko'zini, bir pallasiga solih amallarini qo'yishni buyuradi. Shunda bandaning solih amallari Alloh taolo bergan ko'zning shukronasiga ham etmay qoladi.
Darhaqiqat, Allohning ne'matlari bisyor. Doim ular ichida bo'lganimiz bois gohida uning qadrini bilmay qolamiz.
Inson uchun salomatlikdan katta ne'mat bo'lmasa kerak. Biroq, buni biror joyimiz og'rib, kasallikka chalinganimizda ko'proq his etamiz. Ayniqsa, butun borliqni ko'rib, anglashimiz uchun xizmat qilayotgan ko'zimiz og'risa bormi, uning naqadar ulug' ne'mat ekanini yanada chuqurroq anglaymiz.
Albatta, shifokoru hamshiralarga borib, dardimizga davo topganimizdan so'ng fidoyi kasb egalaridan minnatdor bo'lamiz.
Shu yil aprel' oyida Samarqand shahar 1-klinikasi ko'z kasalliklari bo'limida davolanib, 15 yillik dardimdan forig' bo'lib, Allohga behad shukronalar aytdim.
Shu o'rinda bizga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatgan Ko'z kasalliklari bo'limining malakali tibbiyot xodimlaridan mamnunligimni alohida aytib o'tmoqchiman. Chunki tibbiyot maskaniga qadam qo'yishim bilan bu erdagi tozalik va hududning manzarasi kayfiyatimni yanada ko'tardi. Shuningdek, ushbu shifo maskanidagi soha xodimlari bemorlarni nafaqat dori-darmonlar bilan, balki shirin so'z, mehribonlik va o'z kasbiga sadoqat bilan davolashlarining, ayniqsa, ko'plab insonlarga bepul xizmat ko'rsatib, elning duosini olayotganiga guvoh bo'ldim.
Ikki dunyo saodatini topish ilinjida mana shunday savob amallarni bardavom qilayotgan yurtdoshlarimizni Alloh taoloning O'zi mukofotlasin.
Sharof MARUPOV,
Samarqand viloyati, mehnat faxriysi
? "Hidoyat" jurnalidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijod uyi bosh direktori Sultonbek Imomnazarovning bobolari Imomnazar otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiradi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Sultonbek Imomnazarovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi