Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2020 yil 21 dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq har yili fevral oyining birinchi haftasi “Dinlararo hamjihatlik haftaligi”, 4 fevral sanasi “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” deb e’lon qilingan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 4-8 fevral kunlari ilmiy, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari haftaligi o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ayni paytda haftalik doirasida “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda UNESCO xalqaro tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi UNESCO milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, dinshunos ekspertlar, taniqli olimlar, yurtimiz faoliyat olib borayotgan konfessiyalar vakillari, shuningdek, Akademiya professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov so‘zga chiqib, yurtimizda xalqaro hamjihatlik borasida keyingi yillarda olib borilayotgan xayrli ishlar, xususan, umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan, qayta tahri qilingan huquqiy-me’yoriy me’yoriy asoslar haqida nutq so‘zladi.
Ilmiy-amaliy seminar davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati