Ustoz xattaxtaga 1 raqamini yozdi va o‘quvchilarga qarab: “Bu sizning insoniyligingiz”, dedi. So‘ng 1 raqami yoniga 0 raqamini yozib: “Bu sizning boyligingiz” dedi. Yana bir 0 yozar ekan: “Bu sizlarning martabangiz”, dedi.
Ustoz shu zayl raqamni yiriklashtirib borarkan, inson hayotda erishishi mumkin bo‘lgan yutuqlarni sanardi. Keyin esa... Boshlanishdagi 1 raqamini o‘chirib tashladi. Xattaxtada hech bir qiymatga ega bo‘lmagan nollar qoldi. Shunda ustoz shogirdlariga: “Agar sizda insoniylik bo‘lmas ekan, qolgan yutuqlarning bari hech bir qiymatga ega bo‘lmaydi”, dedi.
Qissadan hissa shuki, hayotning o‘zi bir darsxona. Birini ko‘rib fikr qil, birini ko‘rib shukr qil, degan naql bejiz aytilmagan. Alloh bizga bergan umrni O‘zi rozi bo‘ladigan, boshqalarga naf keltiradigan, dunyo va oxiratda foydali bo‘lgan ishlarga sarflaylik.
Akbarshoh Rasulov
Cavol: Tilla yoki naqd pulim yo‘q. Ammo 600 gramm kumushim bor. Shu kumushdan zakot beramanmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kumushning nisobi ikki yuz dirham, ya’ni 595 grammga teng. Kimda shu va shundan ko‘p miqdordagi kumushi bo‘lib, bir yil o‘tgan bo‘lsa, qirqdan birini zakot sifatida beradi. Tilla va kumushda qiymat emas, vazn hisobga olinadi. Shu sababli kumushning narxi zakot nisobiga yetmasligi mumkin, ammo vazn jihatdan yetgani uchun zakot beriladi. Zakot berishda, kumushning o‘zidan yoki qiymatidan bersa ham bo‘ladi (“Bado’ius-sanoi’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.