O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi 4 fevral kuni Buxoro shahrida o‘tkazildi.
Tadbirlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Obidjon domla Qodirov boshchiligida bo‘lib o‘tmoqda.
Dastlab, “Mir Arab” oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, viloyat vakilligi xodimlari, shuningdek, “Haj-2024” hojilari va mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.
Tadbir davomida ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, shu bilan birga otinoyilar o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj-2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etishdi. Muammoli xonadonlarga kirilib, hol-ahvol so‘raldi. Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 160 ta oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub 16 ta oilaga, umumiy hisobda 176 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam qilindi.
***
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining Buxoroga tashrifi doirasida muftiy o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov Mir Arab oliy madrasasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar borasida ham so‘z borib, yuksak darajada ekani va buning shukri faqat ilm olish bilan ado etilishi haqida so‘z ketdi.
***
Mir Arab oliy madrasasining ustoz va talabalari tomonidan chiqarilayotgan videochiqishlar sifatini yanada oshirish maqsadida ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi zaruriy texnik jihozlar bilan ta’minlandi.
Zayniddin domla Eshonqulov madrasasidagi tasvirga olish xonasi bilan ham tanishib, mediamarkaz faoliyatiga xayr tilab duo qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov