Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Fevral, 2025   |   13 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:22
Peshin
12:42
Asr
16:11
Shom
17:56
Xufton
19:10
Bismillah
12 Fevral, 2025, 13 Sha`bon, 1446
Maqolalar

Sha’bonda tutiladigan nafl ro‘zaning og‘iz ochish va yopish vaqtlari, duolari

5.02.2025   4585   2 min.
Sha’bonda tutiladigan nafl ro‘zaning og‘iz ochish va yopish vaqtlari, duolari

Cavol: Sha’bon oyida ro‘za tutishni niyat qilib turibmiz. Og‘iz ochish va yopish vaqtlari va duolarini aytib yuborsangiz, iltimos.

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Darhaqiqat, ko‘plab hadisi shariflarda sha’bon oyida nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilingan. Jumladan, Oisha raziyallohu anhodan quyidagicha rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sha’bon oyini juda ham kam (holatlarda) ro‘zasiz o‘tkazardilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Bir kuni men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday savol berdim: “Yo Rasululloh, men (Ramazondan tashqari) biror oyda sha’bondagidek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim?” Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bu shunday oyki, odamlar rajab bilan ramazon o‘rtasida vaqt – sha’bondan g‘aflatda qolishadi. Bu oyda amallar Robbil olamiynga ko‘tariladi. Shunday ekan, men amalimni o‘zim ro‘zador holimda ko‘tarilishini yaxshi ko‘raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Nafl ro‘za tong otgandan quyosh botgunga qadar tutiladi. Havo bulutli bo‘lmaganda ko‘zimiz bilan ham tong otishi va quyosh botishini bila olamiz. Bulutli kunlarda esa  tong otishi yoki quyosh botishini aniqlash qiyin bo‘lsa, namoz vaqtlarini ko‘rsatuvchi taqvimdan foydalansa ham bo‘ladi. Taqvimda “Tong” deb ko‘rsatilgan vaqt og‘iz yopishning oxirgi vaqti sanaladi. O‘sha vaqtdan keyin yeb-ichilsa, ro‘za durust bo‘lmaydi. Lekin saharlikda uxlab qolgan odam hech narsa yeb-ichmasdan ham nafl ro‘zani niyat qilib, ro‘za tutishi mumkin. “Shom” deb ko‘rsatilgan vaqt esa og‘iz ochish vaqtidir. Undan avval og‘iz ochib yuborilsa, kuni bo‘yi tutilgan ro‘za buzilgan sanaladi.

Nafl ro‘zaning aksar hukmlari farz ro‘zanikiga o‘xshaydi, faqat niyatda “Tong otgandan toki quyosh botgunga qadar nafl ro‘za tutishni niyat qildim”, deyiladi. Og‘iz yopishda maxsus duo yo‘q, u paytda yuqorida aytilgandek, o‘zbek tilida ham  niyat qilsa, bo‘ladi. Iftorlik (og‘iz ochish) duosi quyidagicha:

اَللَّهُمَّ لَكَ صُمْتُ وَبِكَ آمَنْتُ وَعَلَيْكَ تَوَكَّلْتُ وَعَلَى رِزْقِكَ أَفْطَرْتُ، فَاغْفِرْلِى مَا قَدَّمْتُ وَمَا أَخَّرْتُ

O‘qilishi: “Allohumma laka sumtu va bika amantu va a’layka tavakkaltu va a’laa rizqika aftortu, fag‘firliy ma qoddamtu va maa axxortu”.

Ma’nosi: Allohim, ushbu ro‘zamni Sen uchun tutdim, Senga iymon keltirdim, Senga tavakkal qildim va bergan rizqing bilan iftor qildim. Mening avvalgi va keyingi gunohlarimni mag‘firat qilgil. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Fatvo markazi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Alloma ajdodlarimiz yodga olindi

7.02.2025   7078   1 min.
Alloma ajdodlarimiz yodga olindi

Mir Arab oliy madrasasida Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikda alloma ajdodlarimizdan bo‘lgan Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda Oliy madrasaning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Mustafo Xodjayev, Bahouddin Naqshband jome masjidi imom xatibi Abdug‘ofur Razzoqov, Buxoro davlat universiteti O‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Azimjon Hamidov, ustoz va talabalar ishtirok etdi. 

Abdug‘ofur Razzoqov Mir Alisher Navoiy hayoti va ijodi, qoldirgan ilmiy merosi, asarlaridagi yaxshilik, go‘zallikka targ‘ib masalalari, buyuk mutafakkirning nafaqat turkiy, balki, forsiy tilda qilgan ijodining bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘zladi. 

Azimjon Hamidov esa shoir, adib, olim, sarkarda, yirik davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li, asarlari, Vatan sog‘inchi tarannum etilgan asarlariga to‘xtaldi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari