Cavol: Sha’bon oyida ro‘za tutishni niyat qilib turibmiz. Og‘iz ochish va yopish vaqtlari va duolarini aytib yuborsangiz, iltimos.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Darhaqiqat, ko‘plab hadisi shariflarda sha’bon oyida nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilingan. Jumladan, Oisha raziyallohu anhodan quyidagicha rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sha’bon oyini juda ham kam (holatlarda) ro‘zasiz o‘tkazardilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Bir kuni men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday savol berdim: “Yo Rasululloh, men (Ramazondan tashqari) biror oyda sha’bondagidek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim?” Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bu shunday oyki, odamlar rajab bilan ramazon o‘rtasida vaqt – sha’bondan g‘aflatda qolishadi. Bu oyda amallar Robbil olamiynga ko‘tariladi. Shunday ekan, men amalimni o‘zim ro‘zador holimda ko‘tarilishini yaxshi ko‘raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Nafl ro‘za tong otgandan quyosh botgunga qadar tutiladi. Havo bulutli bo‘lmaganda ko‘zimiz bilan ham tong otishi va quyosh botishini bila olamiz. Bulutli kunlarda esa tong otishi yoki quyosh botishini aniqlash qiyin bo‘lsa, namoz vaqtlarini ko‘rsatuvchi taqvimdan foydalansa ham bo‘ladi. Taqvimda “Tong” deb ko‘rsatilgan vaqt og‘iz yopishning oxirgi vaqti sanaladi. O‘sha vaqtdan keyin yeb-ichilsa, ro‘za durust bo‘lmaydi. Lekin saharlikda uxlab qolgan odam hech narsa yeb-ichmasdan ham nafl ro‘zani niyat qilib, ro‘za tutishi mumkin. “Shom” deb ko‘rsatilgan vaqt esa og‘iz ochish vaqtidir. Undan avval og‘iz ochib yuborilsa, kuni bo‘yi tutilgan ro‘za buzilgan sanaladi.
Nafl ro‘zaning aksar hukmlari farz ro‘zanikiga o‘xshaydi, faqat niyatda “Tong otgandan toki quyosh botgunga qadar nafl ro‘za tutishni niyat qildim”, deyiladi. Og‘iz yopishda maxsus duo yo‘q, u paytda yuqorida aytilgandek, o‘zbek tilida ham niyat qilsa, bo‘ladi. Iftorlik (og‘iz ochish) duosi quyidagicha:
اَللَّهُمَّ لَكَ صُمْتُ وَبِكَ آمَنْتُ وَعَلَيْكَ تَوَكَّلْتُ وَعَلَى رِزْقِكَ أَفْطَرْتُ، فَاغْفِرْلِى مَا قَدَّمْتُ وَمَا أَخَّرْتُ
O‘qilishi: “Allohumma laka sumtu va bika amantu va a’layka tavakkaltu va a’laa rizqika aftortu, fag‘firliy ma qoddamtu va maa axxortu”.
Ma’nosi: Allohim, ushbu ro‘zamni Sen uchun tutdim, Senga iymon keltirdim, Senga tavakkal qildim va bergan rizqing bilan iftor qildim. Mening avvalgi va keyingi gunohlarimni mag‘firat qilgil. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Abu Usmon Nahdiydan, u esa Hanzala Usaydiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Hanzala Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yozuvchilari (kotiblari)dan biri edi, bunday deydi: Abu Bakr roziyallohu anhu menga yo‘liqib qoldilar va: — Ey Hanzala, ahvoling qanday? — deb so‘radilar.
Men u kishiga javoban: — Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim. Abu Bakr hayron bo‘lib: — Subhanalloh! Bu nima deganing? — dedilar.
Men: — Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lganimizda, u zot bizga do‘zax va jannat haqida zikr qilib, eslatadilar. Shundayki, biz ularni xuddi ko‘z bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin, u zotning huzurlaridan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchiligimiz bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, - dedim.
Abu Bakr roziyallohu anhu: — Allohga qasamki, biz ham xuddi shunday holatni boshdan kechiramiz! - dedilar. Shunda men va Abu Bakr roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik.
Men: — Yo Allohning Rasuli, Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: — Bu nima deganing? - deb so‘radilar.
Men: — Yo Allohning Rasuli, biz sizning huzuringizda bo‘lganimizda, siz bizga do‘zax va jannat haqida eslatasiz, shu darajadaki, biz ularni xuddi ko‘zimiz bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin sizning huzuringizdan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, dedim.
Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar mening huzurimda bo‘lganingizdek holatingizni uzluksiz davom ettiradigan bo‘lsangiz, farishtalar yotoqlaringizda va yo‘llaringizda sizlar bilan ko‘rishib, salomlashib yurar edilar. Lekin, ey Hanzala, (har narsaning) o‘ziga yarasha vaqti bor (Bu so‘zni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar) (Imom Muslim rivoyati).
Hadisdan olinadigan xulosa:
Odamning ba’zi vaqtlarda Allohning zikri va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda esa o‘zining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlashi tabiiy holdir. Bu uning munofiqligiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun, ushbu hadisdan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, uni gunohlarga yo‘l berish bahonasiga aylantirish mumkin emas.
Hadisdagi ma’no shundan iboratki, musulmon kishi ibodat qilishi bilan birga, vaqti-vaqti bilan tanasiga hordiq berishi va halol narsalardan bahramand bo‘lish huquqini ham ado etishi kerak.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV