frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Alisher Navoiy fenomeni – jahon ahli nigohida

09.02.2025   13645   3 min.
Alisher Navoiy fenomeni – jahon ahli nigohida

Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi, Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi Mir Alisher Navoiyning porloq nomi va bebaho merosi xalqimiz tarixida, milliy ma’naviyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Ulug‘ ajdodimiz o‘zining o‘lmas asarlarida ona tilimizning so‘z boyligi va ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, o‘zbek adabiy tiliga asos soldi. Ayni paytda o‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va takomilida hech kim Navoiydek beqiyos xizmat qilgan emas, desak, ayni haqiqatdir.

Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Gomer va Dante, Servantes va Shekspir, Gyote va Tolstoy, Nizomiy Ganjaviy va Hofiz Sheroziy kabi jahon adabiyotining daholari safida turadi. G‘arb olamida Tristan va Izolda, Romeo va Juletta singari qahramonlar qanchalik mashhur va jozibali bo‘lsa, Sharq dunyosida hazrat Navoiy yaratgan Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi adabiy personajlar ham shu qadar sevimli va qadrlidir.
 

Alisher Navoiyning asosiy fenomeni – u buyuk insonparvar va yuksak ideal sohibidir. Shoir hayot va adabiyotdagi asosiy orzusi – komil inson g‘oyasini tarannum etish va uni butun dunyoga targ‘ib qilish borasida ulkan ma’naviy jasorat ko‘rsatgani alohida e’tiborga loyiqdir.


Asrlar davomida shoir asarlaridan bahramand bo‘lib kelayotgan minglab insonlar, ular qaysi millat va elat vakili bo‘lmasin, jahonning qaysi mamlakatida yashamasin, o‘z zamonasining barcha ijtimoiy-ma’naviy muammolariga, o‘zlarini qiynayotgan savollarga javob topa oladilar. Chunki biron-bir hayotiy masala, qadriyat va tuyg‘ular, fazilat va illatlar yo‘qki, Navoiy qalamga olmagan bo‘lsa!


Buyuk ajdodimizning o‘lmas merosi biz uchun, ayniqsa, bugungi murakkab globallashuv davrida har qachongidan ham dolzarb va zarurdir. Bu bebaho xazina tinch va barqaror, erkin va obod hayot barpo etish yo‘lida bashariyatga katta ma’naviy kuch baxsh etadi.


Ulug‘ gumanist Alisher Navoiy hamisha xalqning dard-u tashvishi bilan yashagani, umr bo‘yi yordam va ko‘makka muhtoj insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatib, ilm-fan, san’at va adabiyot ahliga homiylik qilgani bu mumtoz siymoning yana bir ibratli fazilatidir. Uning mamlakat poytaxti Hirot shahrining o‘zida o‘z mablag‘lari hisobiga uch yuz saksondan ortiq ijtimoiy muassasa – madrasa va masjidlar, shifoxona va kutubxonalar, hovuz va ariqlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo ettirgani, adib va olimlar, rassom va me’morlar, sozanda va xonandalar, mohir hunarmandlarni doimo moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlab kelgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinovning o‘quvchilarga taqdim etilayotgan yangi asari – "Alisher Navoiy fenomeni" nomli kitobi buyuk shoir ijodi namunalari hamda ilmiy asoslangan tarixiy ma’lumotlar bilan jahon afkor ommasi, xususan, xalqaro ilmiy, madaniy-ma’rifiy markazlarini yaqindan tanishtirish maqsadida tayyorlangan. Ushbu muhtasham kitob dunyo ahli tomonidan Navoiy dahosiga qiziqish o‘z davridan to bugungi kunga qadar so‘nmay kelayotgani va tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shoirlar sarvari, mutafakkirlar peshvosi, buyuk qalb sohibi Mir Alisher Navoiyning barhayot merosi, umrboqiy asarlari yer yuzidagi yangi-yangi avlodlarni tarbiyalab, olam ahlini doimo yaxshilik va ezgulikka, mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikka chorlab turadi.

Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

"Jadid" gazetasining 2025 yil 7 fevraldagi 6-sonida

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniyada O‘zbekiston mustaqilligi bayrami munosabati bilan tadbir o‘tkazildi

04.09.2026   39216   1 min.
Iordaniyada O‘zbekiston mustaqilligi bayrami munosabati bilan tadbir o‘tkazildi

Iordaniya poytaxtida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbir O‘zbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi tomonidan mamlakatimizning Iordaniyadagi faxriy konsuli Lauy Abug‘azaliy ko‘magida tashkil etildi.

Bayram tantanasida diplomatik korpus, Iordaniyaning davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli ishbilarmonlar, yetakchi ommaviy axborot vositalari hamda o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda mehmonlar O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar natijalari bilan tanishtirildi.

Xalqaro hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, mamlakatimizning investitsion salohiyati, turizmni rivojlantirish, boy tarixiy-madaniy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi sayyohlik va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan turizm imkoniyatlari, qadimiy shaharlar va madaniy obidalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 2 iyun kuni O‘zbekistonning qarorgohi Ar-Riyod shahrida bo‘lgan Iordaniyadagi elchisi Nodirjon Turg‘unov Qirol Abdulla II ibn al-Husaynga ishonch yorliqlarini topshirgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari