«Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga osonlikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir» (Baqara surasi, 185-oyat).
“Ramazon” so‘zi arab tilida qattiq chanqash yoki issiq sababli hovur ko‘tarilishini anglatadi. Ramazon qattiq issiqlik bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelgani uchun shunday nomlangan.
Ramazon oyi nafaqat Qur’oni karim, balki boshqa ilohiy kitob va sahifalar tushirilgan oy sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Vosila ibn Asqa’ roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ibrohim alayhissalomning sahifalari Ramazonning birinchi kechasida, Tavrot oltinchi kunida, Injil o‘n uchinchi kunida, Qur’on esa, yigirma to‘rtinchi kunida nozil qilingan”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati). Tarixchilarning aytishicha, Ramazon oyining ro‘zasini birinchi bo‘lib Nuh alayhissalom kemadan quruqlikka tushganlaridan keyin tutganlar. Mujohid rahimahulloh: “Ramazon ro‘zasi Nuh alayhissalomdan avvalgi ummatlarga ham farz qilingan”, deydi. Alloh Ramazon oyining ro‘zasini, ya’ni bu oyning hiloli muddaticha (bir oy) ro‘za tutishni farz qildi. Shu sababli “shahru” – “oy” deb nomlangan. Hadisda ham: “Agar sizlarga shahr (yangi oy) ko‘rinmay qolsa...” deyilgan. Yangi oyni ko‘rish qiyin bo‘lgan holatlarda Sha’bon oyini 30 kunga to‘ldirish, shuningdek, Ramazon oyini ham 30 kunga to‘ldirish buyurilgan. Bu esa ibodatni aniqlik bilan boshlab, aniqlik bilan tugatish kerakligini anglatadi.
“Qur’on nozil qilingan oydir”. Bu oyat Alloh taoloning quyidagi so‘zlarini bayon qiladi: «Ho, Mim. Aniq Kitob (Qur’on) bilan qasamyod eturmanki, albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz ogohlantiruvchidirmiz» (Duxon surasi, 1–3-oyatlar). Ya’ni, Qadr kechasida: «Biz uni Qadr kechasida nozil qildik» (Qadr surasi, 1-oyat). Jumhur ulamolar fikriga ko‘ra, Qur’oni karim Lavhul mahfuzdan Qadr kechasida to‘lig‘icha dunyo osmonidagi “Baytul Izza” (Izzat uyi)ga tushirilgan. Shundan so‘ng Jabroil alayhissalom uni Allohning amri ila 23 yil davomida amr va qaytariqlar, sabablar taqozosiga ko‘ra oyatma-oyat, qismma-qism Payg‘ambar alayhissalomga nozil qilgan.
“Odamlar uchun hidoyat”. Hidoyat bu – yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va tushuntirish. Ya’ni, Qur’oni karim butun mazmuni bilan – muhkam va mutashobeh, nosix va mansux oyatlari bilan hidoyatdir. “va to‘g‘ri yo‘l” deb xoslanishi oyatlarning yanada sharaflantirilishi uchundir. Bunda halol va harom, nasihat va hukmlar nazarda tutiladi. “hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat” – haq bilan botilni ajratuvchi, ya’ni haqiqat va yolg‘on o‘rtasini farqlovchi vositadir. “Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir”. Hazrat Ali, Ibn Abbos, Suvayd ibn G‘ofala va Oysha roziyallohu anhum fikriga ko‘ra, Ramazon oyini o‘z yurtida va ahli orasida kutib olgan kishi uning ba’zi kunlarida safarga chiqsa ham ro‘zani to‘liq tutishi lozim. Ammo Ramazon oyini safarda qarshilagan kishi ro‘za tutmay, keyin qazo tutib berishi mumkin. Jumhur ulamolar fikriga ko‘ra, kim oyning boshi va oxirida o‘z yurtida hozir bo‘lsa, ro‘za tutadi. Safarga chiqsa, ro‘zasini ochishi mumkin. Birinchi jamoaning fikrini quyidagi holatlarga yo‘yish mumkin:
– fazilatli va solih do‘stlar ni ziyorat qilish kabi mandub safarlar;
– zaruratdan ortiqcha rizq tala bidagi muboh safar.
Ammo zarur rizq topish kabi vojib safarlarda ro‘za tutmaslikka ruxsat beriladi. Garchi u oyni o‘z yurtida boshlab, ba’zisini ro‘za bilan o‘tkazgan bo‘lsa ham. “Alloh sizlarga osonlikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”. Mujohid va Zahhokning fikriga ko‘ra, «yengillik» safarda ro‘zani ochishdir, “mashaqqat” esa safarda ro‘za tutishdir. Ammo ushbu lafzning umumiyligiga ko‘ra, yengillik dinning barcha ishlariga taalluqlidir. Zero, boshqa bir oyatda: «Alloh sizlarga dinda hech bir mashaqqatni yuklamadi», deb marhamat qilingan (Haj surasi, 78-oyat). Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Allohning dini osondir”, “Osonlashtiringlar, qiyinlashtirmanglar”, deya marhamat qilganlar. “Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir”. Bu oyatning ikki xil ta’vili bor: birinchisi, kim safar yoki kasallik sababli ro‘za tutolmasa, keyinroq qazosini tutib, uning adadini to‘ldiradi. Ikkinchisi, Ramazon oyi yigirma to‘qqiz yo o‘ttiz kun bo‘ladimi, ana shu sanoq nazarda tutilgan. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Oy yigirma to‘qqiz kun bo‘ladi”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati). Bu rivoyat “Ramazon va Zulhijja oylari o‘ttiz kundan kam bo‘lmaydi” degan xabarni rad etadi. Ya’ni, ba’zi yilda yigirma to‘qqiz kun bo‘lishi ham mumkin. Jumhur ulamolar: “Bu oylar (Ramazon va Zulhijja) o‘ttiz kun yoki yigirma to‘qqiz kun bo‘lishidan qat’i nazar, uning ajr-mukofoti va gunohlarning kechirilishi jihatidan kamaymaydi”, deyishgan.
Manbalar asosida
Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati