«Bir kishi o‘zidan xabardor bo‘lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O‘z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakg‘a sa’y va ko‘shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mezon tarozusiga qo‘yiladurgan amallarning ichida yaxshi xulqdan og‘irrog‘i yo‘qdur. Mo‘min banda yaxshi xulqi sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro‘za tutib ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar”, demishlar».
Abdulla AVLONIY
Farzand tarbiyasi bugun har bir ota-ona uchun, o‘qituvchilar uchun juda og‘riqli masala. Chunki ularning odob-axloqi, darslarni o‘zlashtirishi qoniqarli emas. Yunusobod tumanidagi 117-o‘rta maktab o‘qituvchisi Sumbula ALMANOVA buning sabablari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Bugun yurtimizdagi har bir maktabning o‘ziga xos muhiti bor. Ta’lim jarayonlari ham, bolalarning yurish-turishi, o‘zlashtirishlari ham turlicha. O‘quvchilarning xulqida ko‘zga tashlanayotgan umumiy illatlar jamiyatimiz oldida turgan katta muammodir. Zero, birgina beadab o‘quvchi butun sinf muhitiga ta’sir qiladi.
Ertalab yaxshi kayfiyatda darsga kelasiz. Birinchi soatdan odobsiz o‘quvchi sizni behurmat qilsa, qolgan darslarni qanday o‘tish mumkin?! Sinfda shunaqa bolalardan bir nechasi bo‘lsa-chi? Dars tarbiyaviy soatga aylanib ketmaydimi? Afsus, bugun ko‘plab o‘qituvchilar ish kunini shu tarzda boshlamoqda.
Ba’zi o‘quvchilar darslarga mutlaqo e’tiborsiz. Maktabga faqat davomat uchun keladi. Darslarni o‘zlashtirmasligi oddiy holga aylangan. Ayrim yuqori sinf o‘quvchilari hijjalab o‘qib tursa, bu menga fojia bo‘lib ko‘rinadi. Aksar o‘quvchilarning fikru zikri qo‘l telefonida. Kamsonli o‘quvchilargina qanoatli. Qolganlarida doimiy norozilik kayfiyati ustun bo‘ladi.
Yana bir juda og‘riqli nuqta – bu o‘quvchilarning ibo-hayo masalasi. Shunday muammoga yo‘liqqan o‘quvchiga axloqdan so‘z ochsangiz, sizga “aql” o‘rgatadi.
Afsuski, keyingi paytda ota-onalarning maktab ishiga aralashishi ko‘p uchraydi. Farzandi yaxshi o‘qimasa, darslarga qiziqmasa ham, o‘qituvchilarni aybdor qilishadi. Bolasi nojo‘ya ish qilsa-da, yonini oladi. Shunday qilib, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida jarlik paydo bo‘lmoqda. Aslida ustoz va ota-onaning maqsadi bir bo‘lishi lozim!
Bu muammolarning yechimi, dardning davosi tarbiya ishidir. Bola ota-ona, bobo-buvilar qo‘lida ulg‘ayadi. Hozir-chi? Tan olish kerak, ko‘pchilikning farzandlari televizoru telefon bilan kun o‘tkazmoqda. Ota-onalar esa bunga befarq. Holbuki, bolalar, avvalo, oilada to‘g‘ri tarbiyalanishi lozim, Ta’lim maskanlari ota-onaga yordamchi bo‘ladi, xolos. Ta’lim darsliklarida tarbiyaga oid o‘quv dasturlarimiz bor. Lekin uning poydevori oilada bo‘lishi kerak. O‘qituvchiga ortiqcha mas’uliyatni yuklamaslik kerak. Chunki farzand uchun birinchi galda ota-ona mas’ul. Shuning uchun ota-onalar farzandini o‘qishga qiziqtirishi, uni tinglashi, darslarni o‘zlashtirishiga yordam berishi zarur. Shundagina undan biror yaxshilik kutish mumkin. O‘quvchi darsni o‘z vaqtida o‘zlashtira olmasa, orqada qolib ketadi. Bora-bora darsga umuman qiziqmay qoladi.
Demak, ota-onalar farzandlarining tarbiyasini yaxshilashi, darslarni qanday o‘zlashtirayotgani bilan har kuni qiziqishi, hech bo‘lmaganda smartfonlarda nimalar ko‘rayotgani, qancha vaqtini unga sarflayotganini nazorat qilishi lozim. O‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish oldimizda turgan birdek muhim vazifadir.
Bobur MUHAMMAD yozib oldi.
Sulaymon ibn Surad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ikki kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida so‘kishib qoldi. Ikkisidan birining ko‘zlari qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqa boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men agar u aytsa, undagi bu narsa ketadigan kalimani bilaman. U “A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym”dir», dedilar. Bas, u: «Menda jinnilik bor deb o‘ylaysanmi?» dedi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
G‘azabi chiqishining oldini olish niyatida bo‘lgan odam «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym»ni aytib yurmog‘i lozim. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: “Sizlardan kimda-kim g‘azablansa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin, g‘azabi ketsa ketdi, bo‘lmasa yonboshlasin”, dedilar (Abu Dovud va Ahmad rivoyati).
Albatta, bu ishlarning g‘azabni so‘ndirishi tajribada ham sobit bo‘lgan.
Imom Abu Dovud Abu Voil Ossdan quyidagi rivoyatni keltiradi: «Urva ibn Muhammad Sa’diyning oldiga kirgan edik. Bir odam gapirib, uning g‘azabini qo‘zg‘adi. Shunda u o‘rnidan turib, tahorat qildi. So‘ngra: “Otam menga bobom Atiyya roziyallohu anhudan ushbu rivoyatni aytib bergan edi”, deb quyidagilarni aytdi: Atiyya Sa’diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgandir. Olov suv bilan o‘chiriladi. Kimning g‘azabi kelsa, tahorat qilib olsin”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Albatta, mazkur va shunga o‘xshash choralar g‘azabni qaytarish uchun qo‘llaniladigan yordamchi choralardir. G‘azabning asosiy chorasi esa Allohga bo‘lgan iymon, qiyomatdan umidvorlikdir. G‘azabi chiqqan odam darhol Alloh taoloni eslashi, U Zot har bir narsani ko‘rib-bilib turganini va hamma narsani hisob-kitob qilishi shubhasizligini yodga olishi zarur.
Shuningdek, g‘azabni ishga solib yomonlik qilsa, qanday jazo olishini, g‘azabini yutib ortga qaytsa, qanday savoblar olishini o‘ylashi lozim.
“Ruhiy tarbiya” kitobi asosida tayyorlandi