To‘y inson hayotidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lib, u faqat ikki insonning birlashuvi emas, balki yangi oila poydevorining qo‘yilishidir. Islom bu borada aniq yo‘riqlar berib, nikohni yengillashtirish, ortiqcha isrofgarchilikdan qochishga chaqirgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nikohni yengillashtirish va ma’naviy jihatdan boy qilishga chaqirganlar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Safiyya roziyallohu anho bilan to‘y qilganlarida, valima taomi sifatida saviq (qovurilgan bug‘doy yoki arpa uni) va xurmo tortdilar» (Ibn Moja, 1909-hadis).
Bu hadisdan ko‘rinib turibdiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘y marosimlarini ortiqcha dabdaba bilan emas, balki oddiy va barakali taomlar bilan o‘tkazganlar. To‘y marosimining asosiy maqsadi isrofgarchilik qilish emas, balki nikohning e’lon qilinishi va mo‘minlarning bir-biriga duolar qilishidir.
Bugungi holat
Afsuski, bugungi kunda bu tamoyillar aksincha amalga oshirilmoqda. Hozirgi o‘zbek to‘ylariga nazar tashlasak, haddan tashqari dabdabali marosimlar, yuzlab mehmonlar, qimmatbaho liboslar va ortiqcha xarajatlar bilan o‘tmoqda. Ko‘p hollarda to‘y o‘tkazish uchun qarz olish, bankdan kredit olish yoki ortiqcha majburiyatlarni bo‘yniga olish hollari ham uchrab turadi.
Nima qilishimiz kerak?
1. Nikohni osonlashtirish: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Nikohning eng barakali bo‘lgani eng oson va eng yengil qilingani» (Ibn Hibbon, 4163-hadis).
2. Isrofgarchilikdan voz kechish: To‘y marosimlari ortiqcha chiqim va riyo uchun emas, balki baraka, duolar va oilaviy baxt uchun bo‘lishi kerak.
4. Jamiyatni xabardor qilish: Bu borada ulamolar, imomlar va kattalar yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berishlari, nikoh va to‘y tamoyillari haqida tushuntirishlari zarur.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.
Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.
Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».
Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».
Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!
Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».
Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!
Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!
Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!
Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!
Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!
Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!
Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi