Bismillahir Rohmanir Rohiym
Vatan. Har bir kishining tug‘ulub o‘skan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ulgan, o‘sgan yerini jonidan ortuq suyar. Hatgo bu vatan hissi tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan — uyuridan ayirilsa, o‘z yeridagi kabi rohat-rohat yashamas, maishati talx bo‘lub, har vaqt dilining bir go‘shasida o‘z vatanining muhabbati turar.
Biz turkistonlilar o‘z vatanimizni jonimizdan ortuq suydig‘imiz kabi, arablar Arabistonlarini, qumlik, issig‘ cho‘llarini, eskimo‘lar shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o‘z vatanlarin tashlab hijrat qilurlar edi. Bobolarimiz: «Kishi yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda cho‘pon bo‘l», demishlar (Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar).
Shariat manbalarida Vatanni himoya qilish farzi ayn, ya’ni barchaga barobar buyurilgan amal deb belgilab qo‘yilgan. Agar dushman bostirib kelsa, ayol kishi o‘z eridan, qul o‘z xojasidan izn so‘rab o‘tirmasdan jangga chiqib ketaverishi mumkin. Vatan himoyasi muqaddas amallardan ekani, undan yuz o‘girish yoki biror bahonani ro‘kach qilib, uni himoya qilmaslik og‘ir gunoh ekani yuqorida keltirilgan fikrlardan dalolatdir.
Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo roziligi yo‘lida bir kun chegara hududida posbonlik qilish bir oy kechalari ibodat qilib, kunduzlari nafl ro‘za tutishdan afzaldir”, deganlar.
Dinimiz ta’limotida inson o‘zi yashab turgan vatanini, dinini, oila ahlini himoya qilishi eng ulug‘ amallardan ekanligi ta’kidlangan.
Imom G‘azzoliy hazratlari: “Har bir inson o‘z yeriga, garchi u tap-taqir sahro bo‘lsa ham qattiq bog‘lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo‘linganda sog‘inch, hujum qilinganda mudofaa va kamsitilganda g‘azab hislarini paydo qiladi”, degan.
Hukamolardan biri: “Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, birodarlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”, degan.
Ulamolardan biri: “Har bir kimsaga ma’lumdirki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to‘rt narsasi bordir. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘lurlar. Ular: ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan molga o‘zi egalik qilmog‘i, tug‘ilib o‘sgan ona vatani hamda asrlar bo‘yi asrab-avaylab kelayotgan muqaddas dini”, degan ekan.
Har bir shaxs o‘zi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – o‘z joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilishi vatanparvarlik hisoblanadi. Bu ish ulkan savob ekani haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Moli, joni, dini va ahli ayolini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahidlik maqomini topadi” (Imom Termiziy rivoyati).
Inson o‘z Vataniga xiyonat qilishi, undagi ota-onasi, farzandlari va xalqining qadriga yetmasligi, ularni o‘ylamasdan Vatanga qarshi qurol ko‘tarishi – dinimizdagi eng og‘ir gunoh va juda katta jinoyatdir! Vatanni sevishimizga bir qancha sabablar bor. Jumladan, Alloh taolo taqdirimizni shu yerga bitdi. Shu Vatanda tug‘ilib o‘sdik, tarbiya topdik. Bu Vatanda eng sevimli qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz yashashadi. Buning ziyodasiga bu zaminni son-sanoqsiz ulug‘ zotlar, Allohning do‘stlari vatan tutishgan.
Vatanni yaxshi ko‘rish, vatanni qo‘msash tuyg‘usi barcha maxluqotlarda ham bor. Baliq suvga, hayvon o‘zining iniga, hasharot uyasiga intiladi. O‘sha aqli yo‘q jonivorlar ham, hasharotlar ham o‘zining uyini taniydi, uni quradi, unda jufti bilan yashab, naslini davom ettiradi, zarur paytda uni himoya ham qiladi.
Shunday ekan, aqlu zakovat va tafakkur ato etilgan, borliqdagi mavjudotlarning gultoji bo‘lgan insonda esa bu tuyg‘u yuksak darajada rivojlangan bo‘lishi lozim. Bu borada Imom G‘azzoliy hazratlari: “Vatanning ham haqlari bo‘ladi. Ularning birinchisi shu vatanda yashaganda tinch-xotirjam, shukrona qilib yashash haqqidir. Shuningdek, vatandan ketganda uni sog‘inish, vatan kamsitilganda g‘azablanish, vatanga hujum qilinganda uni himoya qilish ham vatanning shu yurtda tug‘ilib-o‘sganlar zimmasidagi haqqidir”, degan ekan.
Inson qayerda dunyoga kelsa ana shu yer uning uchun qadrli, kindik qoni to‘kilgan joy hamma narsadan ham qimmatli dargohdir. Biror sabab bilan vatanini tashlab, boshqa yurtlarga ketgan inson eng og‘ir damlarda uni qumsab, ko‘z oldiga keltirishi va tug‘ilib o‘sgan zamini xaqida biror qayg‘uli xabar eshitganda qalban ezilishi ham vatanga bo‘lgan muhabbatning belgisidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu bilan Madinai munavvaraga ko‘chib ketayotganlarida orqalariga o‘girilib, o‘z vatani Makkai mukarramaga qarab: “(Ey Makka), sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Insonning o‘z Vatani oldida bir necha vazifalari bo‘lib, ularning eng muhimlari uchtadir:
1. Vatanning haqqiga duo qilish.
2. Vatan obodligi uchun moddiy va ma’naviy hissa qo‘shish.
3. Vatanda fasod va buzg‘unchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmaslik.
Demak, inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatanini qadriga yetishi, haqqiga duo qilishi va obodligiga hissa qo‘shishi bilan birga birinchi vatani bo‘lmish – jannatga borish sabab va omillarini bajarib, ularni unutmasligi zarur. Chunki Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh o‘zlarining “Mirqotul mafotih” kitoblarida: “Insonning birinchi vatani – jannat” deganlar. Zero, Odam alayhissalom va Havvo onamiz birinchi jannatda yashaganlar va undan ma’lum sabablarga ko‘ra tushurilganlar.
Biz hayotimiz davomida dunyodagi Vatanimizni obod qilish bilan birga, oxiratdagi vatanimizga ham zaxira qilib borishimiz darkor. Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Vatan va ahli diyorning qadri musofirotda ma’lum bo‘lur. Haqiqatan, vatan muqaddasdur. Qadrini bilmoq kerak. Sotmasg‘a va va o‘lg‘uncha ayrilmasg‘a kerakdur”, degan edi.
Xalqimizning ham ko‘p ming yillik tarixi ajdodlarimizning yurt ozodligi va tinchligi yo‘lida yuksak matonat va mardlik namunalarini ko‘rsatganlar. Ular ahamoniylar, makedoniyaliklar, arablar, mo‘g‘ullar va keyinchalik Chor Rossiyasi bosqinlari chog‘ida yovga qarshi kurashda ko‘rsatgan jasurligi va mardligi ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi. Ayol bo‘lishiga qaramay malika To‘maris Vatan uchun jangga kirib bosqinchilarni tor-mor qilgani, Shiroq kuchli aql-idroki va botirligi bilan dushman qo‘shinlarini suvsiz cho‘lu biyobonlarda mahf etgani, Spitamen boshchiligida yurt mudofaasiga bel bog‘lagan ajdodlarimiz ozodlik va mustaqillikni himoya qilib, yuksak mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatganlari bizda cheksiz g‘urur, faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Vatanga bo‘lgan mehru muhabbat har qanday muammoni yechishga, har qanday yovuz kuchni yengishga qodir. Ana shunday muhabbat Jaloliddin Manguberdini taqdirning og‘ir zarbalariga dosh berishga, metin iroda va harbiy salohiyatni namoyish etib, chingiziylar bilan murosasiz kurash olib borishga undagan edi.
Kubroviya tariqati asoschisi Najmiddin Kubroning “Yo hayot, yo sharafli o‘lim” deya g‘anim bilan jangga kirib, mardlarcha halok bo‘lgani esa, Vatan ozodligi, mustaqilligi, yurt tinchligi hamma narsadan ulug‘ligini ko‘rsatuvchi yorqin hayotiy misol bo‘la oladi. Vatanni himoya qilish naqadar ulug‘ savob, har bir musulmonning zimmasidagi farzi hisoblansa, unga xiyonat qilish, qurol bilan bostirib kelish shu qadar katta gunoh, eng oliy jazoga loyiq jinoyat hisoblanadi.
Vatan himoyasi yo‘lida harbiylarimizning xizmatlari beqiyosdir. Har bir vijdonli inson haqiqatni tan olishi darkorki, barchamiz xotirjam tinch orom olib uxlab yotganimizda, harbiyrlar sarxadlarimizni qo‘riqlab, jonlarini yurtimiz tinchligiga fido qilib, qiyinchilik va mashaqqat bilan oila yaqinlaridan ham avval barcha vatandoshlarimiz xavfsizligi bilan tunu-kun xizmatdalar. Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha harbiy yurtdoshlarimizni turli balo va ofatlardan, yomon ko‘z va so‘zlardan Alloh o‘z panoxida asrasin.
Doniyor NORXO‘DJAYEV,
Mustaqil tadqiqotchi. Sharqshunos, filolog.
Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, jamiyatdagi yetakchi doiralarning yosh avlodni oilali qilish borasidagi burchlari ularni nikohlab qo‘yish bilan cheklanmaydi. Balki, kelinlik va kuyovlikka nomzod yoshlarga nikoh, oila, oila a’zolarining o‘zaro munosabatlari, oila tutish sirlari, er-xotinlik munosabatlari kabi narsalarni o‘rgatish ham zarur. Bu borada ham qilishimiz lozim bo‘lgan ishlarimiz anchagina.
Hozirgi kuzatishlar natijasiga qaraganda, ko‘pchilik ota-onalar farzandlarini oilali qilish maqsadida mol-dunyo va sep yig‘adilar, sovchilik, qudachilik bordi-keldilarini qiladilar va kattaroq to‘y qilish bilan o‘z burchlarini ado etgan bo‘lib, erkin nafas oladilar. Ammo eng muhim masalalardan biri bo‘lgan narsa – qizlarini kelinlikka, o‘g‘illarini kuyovlikka tayyorlash eslaridan chiqib qoladi. Ming afsuski, ko‘pchilik yoshlar go‘shangaga oila, er-xotinlik hayoti, ularning o‘zaro munosabatlari, haq-huquqlari hamda burch va mas’uliyatlari haqidagi dinimiz ta’limotlaridan bexabar holda kiradilar.
Odatda, to‘y vaqtida va oilaviy hayotning boshlanishida kelin-kuyovning yaqinlari, kuyov jo‘ralar, kelin yangalar ularga qanday qilib bo‘lsa ham umr yo‘ldoshini «gah desa, qo‘lga qo‘nadigan qilib olish» haqida va boshqa bachkana narsalardan iborat bo‘lgan maslahatlarni beradilar.
Bunday maslahatlar ko‘pincha maslahatgo‘yning o‘ta tor, tuban tajribalariga asoslangan bo‘ladi. Ya’ni qo‘polroq qilib aytganda, o‘ziga yeng bo‘lolmagan boshqa birovga yoqa bo‘lgisi keladi. Bunday «jaydari» maslahatlarni o‘ylasang, uyalib ketasan, kishi.
Aslida, «Er oilada qanday bo‘lishi kerak?» degan savollarga mazkur maslahatlar hech qachon javob bera olmaydi. Aksincha, ular oilada aloqalarning keskinlashuviga sabab bo‘ladi, xolos.
Ba’zi tanishlarning aytishlaricha, ayrim doiralarda kelinlik va kuyovlikka nomzodlar to‘y kuni g‘arbcha raqs tushishga bir necha oy davomida katta miqdorda mablag‘ to‘plab, alohida dars olishar va mashq qilishar ekan. Bir necha daqiqalik havas uchun anchagina hajmdagi pul, vaqt, harakat, aql, zakovat sarflashar ekan.
«Ular ana shu pul, vaqt, harakat, aql, zakovatni o‘zining oilaviy baxti uchun kerak bo‘ladigan ilohiy ta’limotlarni o‘rganishga sarflashsa bo‘lmaydimi?» degan haqli savol paydo bo‘ladi. Nima uchun ushbu o‘ta ahamiyatli ish ota-onalarning e’tiboridan chetda qolmoqda?
Bu masalaga alohida e’tibor berish har bir ota-onaning burchidir. Avvallari imkoni bo‘lmagan bo‘lsa, alhamdulillah, hozir imkoni bor. Kitoblar chiqib turibdi, ma’ruzalar qilinib, ovoz yozuv vositalari orqali taralib turibdi. Xalqaro axborot tarmog‘i sahifalarida ham ko‘plab ma’lumotlar bor. Bilmaganlar so‘rab, o‘rganishlari mumkin.
Balki, imkonini topib, kelin-kuyovlar uchun o‘quv kurslari ochish zarur. Boshqa kerakli choralarni ko‘rib, bu ahamiyatli ish bo‘yicha har bir sohaning mutaxassislari o‘z imkonlarida bor hissani qo‘shishlari yaxshi natijalarga olib boradi, inshaalloh. Vaqtning borida mazkur mutaxassisliklarning faoliyatlarini muvofiqlashtirish va samarali bo‘lishini ta’minlash kerak.
O‘g‘il bolalarning tarbiyasiga otalari katta ahamiyat berib, ularda erkaklarga xos bo‘lgan oliy sifatlarning shakllanishi uchun o‘zlaridan talab qilinadigan barcha mas’uliyatlarni sharaf bilan ado qilishlari, farzandlarini yetuk kishilar etib tarbiyalab borishlari lozim.
Shuningdek, qizlarning alohida tarbiyalari onalarga topshiriladi. Ularda yetuk qiz, kelin, uy bekasi, xotin, ona bo‘lish qobiliyatlarini onalar tarbiyalashlari va kamolga yetkazishlari talab etiladi.
Madaniy merosimizga murojaat qiladigan bo‘lsak, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida ko‘plab go‘zal namunalarni ko‘ramiz.
Musulmonchilikda kattalar, xususan, ota-onalarning yosh kelin-kuyovlarga oilaviy turmush haqida pand-nasihat qilishlari, hayotiy tajribalarni so‘zlashlari odat tusiga kirib qolgan. Ayniqsa, kelinlarga qilingan nasihatlar kitoblarimizda ko‘plab saqlanib qolgan.
Ulkan sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhu: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari yangi kelinlarga erining hurmatini va xizmatini qilishga buyurar edilar», – deganlar.
Abdulloh ibn Ja’far ibn Abu Tolib o‘z qizlariga quyidagi nasihatni qilgan ekanlar:
«Zinhor rashkchi bo‘lmagin, u taloqning kalitidir. Zinhor ko‘p itob qilguvchi bo‘lmagin, u ko‘ngilsizlikni keltirib chiqaradi. Surma qo‘yib yurgin, ziynatlarning eng afzali shudir».
Amoma binti Horis ismli ayol o‘z qizining kelin bo‘lib, kuyovning uyiga uzatilishidan oldin saodatli oila asoslarini bayon qiluvchi quyidagi nasihatlarni qilib, kuzatgan ekan:
«Ey qizginam! Agar ahli fazl va ahli odoblarga nasihat kerak bo‘lmaganida, senga ham nasihat qilmasdim. Lekin nasihat – g‘ofilga eslatma, oqilga yordamdir.
Agar qiz bola ota-onasining kambag‘alligi sababligina erga berilishi kerak bo‘lganida, sen hech qachon uzatilmagan bo‘lar eding. Chunki otangning boyligi, martabasi yetarlidir. Lekin Alloh belgilab bergan hayot qonunlariga ko‘ra, ayollar erkaklar uchun va aksincha, erkaklar ayollar uchun yaratilganlar.
Qizginam! Endi sen o‘zing o‘sgan havodan ayrilding. O‘zing yayrab-yashnagan oshyondan chiqding va notanish joyga borib, avval o‘zing bilmagan sherikka uchraysan. U endi sening xojang, do‘sting va mahbubingdir.
Sen unga cho‘ri bo‘lsang, u senga qul bo‘ladi. Sen unga yer bo‘lsang, u senga osmon bo‘ladi. Sen uning uchun quyidagi o‘n xislatni ado etsang, oilada mas’ud va baxtiyor hayot kechirasizlar:
1. Qanoat sohibasi bo‘l, undan hayiqib tur. Ering uyga nima ko‘tarib kelsa, xushfe’llik va odob-nazokat bilan qabul qilib ol, tashakkur ayt.
2. Eringga hamisha itoatda bo‘l, amrlarini yaxshilab tingla va bajar.
3. Eringning nazari tushadigan joylarga e’tibor qil. U senda xunuklik ko‘rmasin. Uy ichi va hovlini nihoyatda ozoda va tartibli tut.
4. Eringning burniga hushyor bo‘l. Dimog‘iga sendan yomon hid kirmasin, faqat xushbo‘ylik sezsin.
5. Ovqatni vaqtida tayyorla, aslo kechiktirma. Ering uyga kelishi bilan, dasturxon sol.
6. Uning uyqu vaqtini, uyg‘onish paytini bilib ol. Chunki ochlik va uyquning buzilishi erkaklarning g‘azabini qo‘zg‘aydi.
7. Xojangning moli va ashyosiga e’tiborli bo‘l, isrof qilma, avaylab asra! Chunki uning mol-dunyosi senikidir.
8. Eringning qarindoshi va yaqinlarini izzat-hurmat qil. Bu bilan xojangni hurmat qilgan bo‘lasan.
9. Eringning sirlarini boshqalarga aytuvchi bo‘lma, uning ishonchini yo‘qotasan.
10. Xojangning amriga osiy bo‘lma, uning dinga to‘g‘ri keladigan barcha buyruqlarini ado qil. Shuni yaxshi bilib olki, xojang xafa bo‘lganda xursand ko‘rinishdan, u quvongan paytda g‘amgin bo‘lishdan o‘zingni ehtiyot qil!»
Kuyovlarga nasihat qilish ham o‘z o‘rnida bo‘lgan.
Avvalo, Qur’oni karim va Sunnatdagi nasihatlarning ko‘pchiligi erkaklarga qaratilganini eslatishimiz lozim. Ammo, shu bilan birga, alohida ularga qaratilgan nasihatlar ham mavjud. Mazkur nasihatlardan ba’zilarini taqdim etishga ijozat bergaysiz.
«Sen er o‘laroq, bilki, ayoling ayol bo‘lganligi uchun sendan boshqacha uslub bilan tafakkur va tasarruf qiladi, uning nafsoniyatini fahmlashing va ehtiromini qozonishing uchun quyidagi nasihatlarga amal qilishing kerak bo‘ladi:
1. U ham sen kabi tasarruf qilishi kerak deb o‘ylama. Chunki u sendan boshqacha yaratilgan.
2. Uni e’tiborsiz qoldirma. Unga muhabbat, mehr va omonlik hadya et. Chunki u ayollik tabiati ila mazkur narsalarga muhtojdir.
3. Uning shikoyatlarini e’tiborsiz qoldirma. Ayol kishi har doim ma’naviy va mehrli qo‘llovni istaydi.
4. Unga sovg‘alar taqdim qilishda baxil bo‘lma, chunki ayol zoti baxil erni yoqtirmaydi.
5. Ahlini ziyorat qilishiga qarshi bo‘lma, agar bunga qarshi bo‘lsang, uning muhabbatini yo‘qotasan. Ayollar o‘z ahliga ko‘proq bog‘liq bo‘ladi.
6. Goh-gohi rashk qilishingni bildirib tur. Bu uning ayollik izzat-nafsini rozi qilib turadi.
7. Unga lutf ko‘rsat, ayolligini qondirib tur.
8. Uning ayblarini yuziga solma. U tanqidni yoqtirmaydi.
9. Undan yuz o‘girma. Ayol kishi o‘ziga quloq tutganni yaxshi ko‘radi.
10. Unga xiyonat qilma. Ayol uchun eng og‘ir narsa erining xiyonat qilishidir.
11. Uning o‘zini ham, his-tuyg‘ularini ham masxara qilma, chunki u nozik xilqatdir, jarohatni ko‘tara olmaydi.
12. U sendan talab qilgan narsani unutma. Aks holda unda «qadr-qiymatim yo‘q ekan» degan tushuncha paydo bo‘ladi.
13. Undan yordamingni ayama. Chunki ayol zoti doimo o‘zi ishonadigan va suyanadigan shaxsga muhtojdir.
14. Oilaviy mas’uliyatlaring va va’dalaringni zinhor e’tiborsiz qoldirma. Ularga amal qilishing ayolingga bo‘lgan muhabbatingni his qildiradi.
15. Uning ikkingizning muammolaringizni hal qilish bo‘yicha takliflarini e’tiborsiz qoldirma. Agar unday qilsang, bu unga ahamiyat bermaganligingni bildiradi.
16. Undan muammolarni oqilona va mantiqiy hal qilishini talab qilma. Chunki ayol kishi odatda ko‘proq otifaga – his-hayojonga berilgan bo‘ladi.
17. Uyning mayda-chuyda ishlariga ko‘p aralashma. Bu borada unga ishon. Bu unga uyning haqiqiy bekasi ekanini sezdirib turadi.
18. Uni maqtab turishdan g‘ofil bo‘lma. Uning kiyimi, ziynati, pishirgan narsalarini, uy tutishini maqtab tur. Bu uning ayollik tuyg‘usini rozi qiladi.
19. Ayol kishining homiladorlik, tug‘ish va hayz kabi og‘ir holatlarni boshidan o‘tkazishini aslo unutma. O‘sha paytlarda uning his-tuyg‘ularini yanada ko‘proq rioya qilish lozim.
20. Uning shaxsiy hurriyatini ko‘p cheklama. Xususan, ijtimoiy aloqalarda.
"Baxtiyor oila" kitobidan