O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyodagi islom san’ati to‘plamlari mavjud muzey, markaz, kutubxona kabi joylarda bo‘lib, islom sivilizatsiyaga oid kolleksiyalar bilan tanishmoqda. Markaz quyida islom san’ati to‘plamlari bo‘yicha eng yirik muzeylar beshligini taqdim etadi:
1. Islom san’ati muzeyi (Qohira, Misr)
Qohiradagi Islom san’ati muzeyi dunyoning eng ulkan muzeylaridan biridir. U o‘zining noyob va kamdan-kam uchraydigan yog‘och ishlovlari, artefaktlar, keramikalar, shisha, kristallar va matolar bilan butun islom dunyosidan to‘plangan buyumlar bilan mashhur. Yillar davomida muzeyda 2500 dan ortiq artefaktlar 25 galereyada namoyish etilgan bo‘lsa-da, muzeyda 102 000 dan ortiq buyum mavjud. Eng muhim artefaktlardan biri — Qur’onning noyob qo‘lyozmasi bo‘lib, ba’zi qismlarida kumush siyoh bilan yozilgan kaligrafiya mavjud.
2. Islom san’ati muzeyi (Doha, Qatar)
Qatarning poytaxti Doha shahrida joylashgan ushbu muzey 1980 yillarning oxirlaridan boshlab to‘plangan artefaktlar bilan tanilgan. Ushbu muzeyda dunyodagi eng katta islom san’ati kolleksiyalari jamlangan bo‘lib, bu muzey 1400 yil davomida uch qit’ada musulmon san’ati va artefaktlarini namoyish etadi. Ba’zi artefaktlar Ispaniya, Iroq, Eron, Hindiston, Turkiya, Misr va Markaziy Osiyodan keltirilgan. Muzeyda VII asrdan XIX asrgacha bo‘lgan metall ishlovlari, keramika, zargarlik buyumlari, yog‘och ishlovlari, matolar va shisha asarlarini o‘z ichiga olgan ijod namunalari namoyish etiladi.
3. Og‘a Xon muzeyi (Toronto, Kanada)
Bu muzeyda islom san’ati hamda Eron san’atiga doir noyob topilmalar jamlangan va u Toronto shahrida joylashgan. Muzeyda islom tarixining barcha davrlaridan olingan san’at asarlari va meroslarining to‘plami mavjud. Og‘a Xonning shaxsiy to‘plamlari, Londonning Islom tadqiqotlari instituti va Sadriddin Og‘a Xonning oilaviy to‘plamlari ham shular jumlasidan. Artefaktlar orasida keramika, metall ishlovlari va rasmlar mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, muzeyda Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining eng qadimgi nusxasi (1052 yil) va IX-X asrlarga oid Qur’oni Karimning sahifasi saqlanadi.
4. Turk va Islom san’ati muzeyi (Istanbul, Turkiya)
Istanbulning Fotih tumanida joylashgan ushbu muzey 1524 yilda qurilgan va avval Pargali Ibrohim Poshshoning saroyi bo‘lgan. Muzeyda muhim islom xattotlik san’ati, plitkalar, gilamlar va turli turk madaniyatlarini namoyish etuvchi etnografik ko‘rgazmalar mavjud. Turli davrlar va mintaqalardan bo‘lgan turar-joylar rekonstruksiya qilinib, ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.
5. Pergamon muzeyi (Berlin, Germaniya)
Pergamon muzeyi Berlin shahrida joylashgan bo‘lib, 1910-1930 yillarda qurilgan. Muzey ikki qismga bo‘lingan: Yaqin Sharq muzeyi va Islom san’ati muzeyi. Har yili bir milliondan ortiq odam muzeyga tashrif buyuradi. Muzey Germaniyadagi eng ko‘p tashrif buyurilgan san’at muzeyi sifatida e’tirof etiladi. Muzeyda VII-XIX asrlar orasidagi artefaktlar, Ispaniyadan Hindistongacha bo‘lgan mintaqalardan keltirilgan. Eng mashhur artefaktlardan biri — Mshatta fasadi, bu sahrodagi saroy devorining bir qismi bo‘lib, Iordaniya janubida joylashgan.
Manba (https://rahyafteha.ir/en/14721/5-museums-with-the-largest-collection-of-muslim-art/)
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.