O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan xatmi Qur’on tadbirlarining saviyasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan shu yil 12 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limida Ramazon oyida Respublika hududidagi masjidlarda xatmi Qur’onga o‘tadigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish Hay’ati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bo‘lim mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum raisligida o‘tgan yig‘ilishda ustoz qorilardan iborat Hay’at a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Ramazon oyiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, masjidlardagi xatmi Qur’on tadbirlarida qatnashadigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish masalalari batafsil muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#kun_hikmati
Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar:
“Hilm – ilmning vaziri. Muloyimlik – ilmning otasi. Tavoze’ esa ilmning libosidir”.
– Hilm – qiyinchiliklarga sabrli va matonatli bo‘lib, g‘azabni ichga yutish, odamlar bilan muomalada yumshoq bo‘lishdir. Buning aksi – g‘azab, jizzakilik va serjahllikdir.
– Muloyimlik – yumshoqlik, og‘ir-bosiqlik bilan muomala qilish. Uning aksi – dag‘allik, qo‘pollik, bag‘ritoshlik, qo‘rslikdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radir”, deganlar.
– Tavoze’ – o‘zini katta tutmaslik. Buning aksi – takabburlik, o‘zini katta sanash, g‘ururlanish.
#hilm #ilm #muloyimlik
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati