O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan xatmi Qur’on tadbirlarining saviyasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan shu yil 12 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limida Ramazon oyida Respublika hududidagi masjidlarda xatmi Qur’onga o‘tadigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish Hay’ati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bo‘lim mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum raisligida o‘tgan yig‘ilishda ustoz qorilardan iborat Hay’at a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Ramazon oyiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, masjidlardagi xatmi Qur’on tadbirlarida qatnashadigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish masalalari batafsil muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ishtirokida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 238-maktabda "Jaholatga qarshi ma’rifat" shiori ostida aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Suhbat davomida ota-onaga hurmat va itoatning mukofoti, farzandlarni sog‘lom e’tiqodli qilib tarbiyalashda ota-onaning vazifalari, o‘rni muhimligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir so‘ngida ijtimoiy, aqidaviy va boshqa mavzularda berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati