Shu yilning 13 fevral kuni Bishkek shahrida Qirg‘iziston ulamolari kengashi tomonidan “An’anaviy islom: hanafiylik va moturidiylik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Habibulloh domla Jo‘raboyev mavzu doirasida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Habibulloh domla o‘z nutqida islomning mohiyati, Xanafiy mazhabining ahamiyati, Moturidiy aqiydasining afzalligi xususida ma’ruza qilish barobarida yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi” mavzusida chiqish qildi.
Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.
Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.
O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati