Shu yilning 13 fevral kuni Bishkek shahrida Qirg‘iziston ulamolari kengashi tomonidan “An’anaviy islom: hanafiylik va moturidiylik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Habibulloh domla Jo‘raboyev mavzu doirasida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Habibulloh domla o‘z nutqida islomning mohiyati, Xanafiy mazhabining ahamiyati, Moturidiy aqiydasining afzalligi xususida ma’ruza qilish barobarida yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh aytadilar:
“Hanafiy va molikiy mazhablari imom juma xutbasini o‘qiyotgan vaqtida masjidga kirgan kishi tahiyyatul-masjid namozini o‘qishi makruh deb biladilar. Holbuki, bu namozni o‘qish haqida hadis kelgan. Buning sababi nima?
Biroz mulohaza yuritib, shunday xulosaga keldim: Juma xutbasi hijratdan keyin shariatga kirgan. Musulmonlar o‘n yil davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning orqalarida juma namozini o‘qiganlar, ya’ni bu davrda taxminan 500 ta xutba aytilgan. Lekin ular qayerda? Nega muhaddislar bu xutbalarni yozib qoldirmagan? Ular faqat sanoqligina xutbalarni qayd etgan!
Haqiqat shundaki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xutba qilganlarida Qur’on tilovat qilar edilar. U zot minbarda turganlarida Allohning kitobini o‘qish bilan band bo‘lardilar, shuning uchun barcha kishilar sukut saqlab, diqqat bilan eshitishlari kerak edi. Hech kim o‘sha paytda boshqa narsa bilan, jumladan, namoz yoki qiroat bilan mashg‘ul bo‘lolmas edi. Chunki Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Qachon Qur’on o‘qilsa, uni diqqat bilan eshiting va jim turing, shoyadki rahm qilinsangiz” (A’rof surasi, 204-oyat)”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV