O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani "Toqchilik" jome masjidi imom noibi Ansoriddin qori Mamarasulovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum qorini O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum domlaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Ansoriddin qori Mamarasulovning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun soat 16:00 da tumandagi Sayiljoyi mahallasi, Umid-Obod ko‘chasi, 51-uyda o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati