frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Inson nima uchun yashaydi?

17.02.2025   6823   2 min.
Inson nima uchun yashaydi?

Shayx Yusuf Qarazoviy bunday yozadi:

"Inson faqat yeb-ichish, o‘ynab-kulish, so‘ngra esa o‘lib ketish uchun yaratilmagan. Qur’onda aytilishicha, ba’zi odamlar hayvonlar kabi hayot kechirishadi: «Ular bahra oladilar va hayvonlar kabi yeydilar» (Muhammad, 12). Ammo inson oliy maqsad uchun yaratilgandir.

Ahmoq yeyish uchun yashaydi, oqil esa yashash uchun yeydi, deyiladi. Lekin bu yerda yana bir savol tug‘iladi: oqil nima uchun yashaydi?

Yashashning o‘zi maqsad emas, balki u orqali inson qandaydir oliy maqsadga erishishi kerak. Materialistlar bu savolga to‘laqonli javob bera olmaydilar. Imon keltirganlar esa shunday deydilar: inson Yaratganni tanish, Unga ibodat qilish uchun yashaydi.

Agar ahmoq yeyish uchun yashasa, oqil yashash uchun yeydi, mo‘min esa, Allohga ibodat qilish uchun yashaydi.

Qur’on bu haqiqatni aniq va ravshan bayon qiladi: «Men jin va inslarni faqat Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim. Men ulardan rizq istamayman va ularning Meni oziqlantirishlarini ham istamayman. Albatta, Alloh rizq beruvchidir, kuch-quvvat egasidir» (Zoriyot, 56-58).

Butun koinot — osmonlaru yerlar, hamma narsa faqat bitta sabab uchun yaratilgan: inson Yaratganni tanishi uchun. Bu tanish — har qanday hidoyatning kaliti va barcha yaxshiliklarning ochqichidir.

Alloh taolo bunday deydi: «Alloh yetti osmonni va ularga o‘xshash yerni yaratdi. Ularning orasida farmon tushadi, shundayki, sizlar Allohning har narsaga qodir ekanligini va Uning hamma narsani ilmi bilan o‘rab olganini bilib olasizlar»" (Taloq, 12).

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   37029   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari