frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Abu Hanifaning so‘zlari - ustun

18.02.2025   11976   5 min.
Abu Hanifaning so‘zlari - ustun

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Hanifa rahimahulloh o‘z zamonlarida o‘zlari ishlab chiqqan tanzir qoidalariga ko‘ra: «Muzora’a savdosi joiz emas», deb fatvo berganlar. Muzora’a – sherikchilik asosida hosilning uchdan biri yoki to‘rtdan birini berish evaziga yerni topshirish. Bundan qaytarilgani haqida Payg‘ambar alayhissalomdan ochiq hadisi shariflar ham vorid bo‘lgan. Abu Hanifa shulardan dalillanib aytganlar. Lekin keyinchalik jamiyatda muzora’a muomalasi keng yoyildi, chunki unga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Natijada, garchi Abu Hanifani qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab dalillar bor bo‘lsa ham, biz u kishining so‘zlarini tark qildik va ikki shogirdning bunga ijozat bergan fatvolarini olib, muzora’a va musoqot kelishuvlariga ruxsat berdik.

Bunda ulamolar Abu Hanifaning dalilini zaif bilib, u zotning so‘zlarini shuning uchun tark qilishmagan. U zotning so‘zini tark qilishimizga sabab boshqa narsa – mazkur tatbiq usullari, qoidalaridir. Ular usulut-tatbiq deyiladi. Demak, Abu Hanifaning dalillari zaif emas, balki tatbiq masalasi sababli biz u kishining gaplaridan boshqa gapga fatvo berganmiz. Masalan, oramizda «Ixtiyor» kitobini o‘qiganlar bo‘lsa, bir necha o‘rinlarda muallif avval bir masalaga Abu Hanifaning ko‘plab dalillarini keltirib, gaplarini Qur’on, Sunnat va qiyos jihatidan qo‘llab, so‘ng «Urf sababli fatvo imom Muhammadning so‘zlariga beriladi», «Zarurat sababli ikki shogirdning gapiga fatvo beriladi», degan o‘rinlarga guvoh bo‘ladi. Yoki zamon o‘zgarishi, biror muammo yoki ehtiyojning o‘ta ommalashib ketishi kabi boshqa sabablar tufayli shogirdlarning so‘ziga fatvo beriladi.

Shulardan ko‘rinib turibdiki, tanzir masalasi va tatbiq masalasi boshqa-boshqa narsalar ekan. Boshqa rivoyatga ko‘ra, fatvo berish mazhabboshining dalili zaif bo‘lgani uchun emas, balki muftiyning zamonni tushunishdagi, qoidalarni tatbiq etishdagi yo‘li ekan.

Tushunarliroq bo‘lishi uchun boshqa bir mashhur masalani aytib o‘taman. Bir kishi bedarak bo‘lib ketdi, uyida ayoli qolgan edi. Buni «mafqud» masalasi deymiz. Mazhabimizga ko‘ra, to o‘sha kishi tengi odamlar vafot etmagunicha uni o‘ldi deb hukm chiqara olmaymiz. Masalan, bir ayol yigirma yoshida turmushga chiqdi. Eri to‘satdan g‘oyib bo‘lib, yo‘qolib qoldi. Endi uni eridan ajratishimiz uchun 50 yil kutish kerak. Shundan keyin unga ajrashdi, deb hukm beriladi va idda o‘tiradi. Bu masalada Rasululloh alayhissalomdan zaif rivoyatlar bor, Aliy, Ibn Mas’ud roziyallohu anhulardan bir qancha asarlarda shunday deyiladi. Qiyosga ko‘ra ham shunday bo‘lishi kerak. Lekin amal va tatbiq qilish jihatiga kelsak, bu masalada imom Molik rahimahullohning so‘zlariga fatvo berilganini ko‘ramiz: er yo‘qolganidan 4 yil o‘tgach, ayol erning nikohidan chiqariladi, ya’ni undan ajrashadi. Bu hukm hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning so‘zlaridir.

Xo‘sh, bu yerda Abu Hanifa rahimahullohning so‘zlarini zaif bo‘lgani uchun tark qildikmi? Yo‘q! Biz tatbiq qilish jihatidan Abu Hanifaning so‘zidan yengilroq so‘z topganimiz uchun ikkinchi qavl bilan hukm chiqardik. Bu ikkinchi qavl ham mutlaq mujtahidning qavli. Tushuntirish uchun aytaman: «Abu Hanifaning so‘zlari rojih, ya’ni ustun», deymiz. Dalil jihatidan birorta so‘zni u kishining so‘zlaridan muqaddam qo‘ymaymiz. Keyingi bahslarda bu masalani batafsil ko‘rib chiqamiz. Dalil jihatidan Abu Yusufning so‘zlarini ham, Muhammadning so‘zlarini ham u kishining so‘zlaridan muqaddam qo‘ymaymiz, lekin amalga tatbiq qilish jihatidan yuzdan ellik foiz masalada Abu Hanifaning qavllaridan boshqa qavlga fatvo beryapmiz.

Xullas, Abu Hanifaning qavllari eng ustuni, chunki u zot eng qadri baland mujtahiddirlar. Lekin muftiy rioya qilishi lozim bo‘lgan zarurat, yengillik qilish, mashaqqatni ketkazish, zamonning o‘zgarishi, biror muammo yoki ehtiyojning o‘ta ommalashib ketishi kabi tatbiq qilish qoidalariga kelsak, bularning barchasi Qur’on va Sunnatda sobitdir. Ushbu zarurat, yengillik qilish, mashaqqatni ketkazish, zamonning o‘zgarishi, biror muammo yoki ehtiyojning o‘ta ommalashib ketishi kabi omillarga qat’iy dalillar bor. Agar shulardan bir qanchasi Abu Yusuf yoki Shofe’iyning dalili bilan jamlansa, mana shu qavl rojih deb e’tiborga olinib, Abu Hanifaning qavllaridan muqaddam qo‘yiladi. Bu tariqa bayon qilishimiz o‘zimizning katta imomimizga – imomi A’zamga nisbatan ta’zim va ehtirom bo‘ladi. Lekin biroz oldin aytganimizdek, ixtiloflar va zarurat, yengillik, zamonning o‘zgarishi kabi omillarni qo‘llab-quvvatlagan dalillar bor bo‘lsa, u zotning so‘zlaridan boshqasini mazhab tutamiz va unga amal qilamiz.

Aytilgan bu gaplardan oladigan katta xulosamiz shuki, hech bir masalada Abu Hanifa rohimahullohning biror dalillarini o‘sha dalil zaif bo‘lgani uchun tark qilmagan ekanmiz. Balki, fatvo beruvchi uchun ishlab chiqilgan yo‘llar – zarurat, yengillik qilish, mashaqqatni ketkazish, zamonning o‘zgarishi, biror muammo yoki ehtiyojning o‘ta ommalashib ketishi kabi omillar sababli ayrim dalillarini tark qilganmiz.

Mana shular bilan fiqh ilmining asoslari mukammal bo‘ladi. Aynan biz aytgan sabablar tufayli ehtiyojga qarab boshqa qavllarni, boshqa mazhablarning dalillarini olamiz.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   44317   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari