Bugun, 18 fevral kuni poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiya bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev va boshqa tegishli mutassaddilar ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, mustahkam tarixiy, madaniy va diniy rishtalarga asoslangan O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni aloqalarining yuqori darajasi ikki davlat yetakchilari rahbarligida olib borilayotgan o‘zaro do‘stona munosabatlar natijasidir.
Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mazkur tashrifdan maqsad O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada takomillashtirish, ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish sifatini oshirish, diniy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot, turizm, transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilganini bildirdi.
Vazir janoblari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi ulamolarning islom ma’rifatiga, jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasini ta’kidlab, qadim madaniyat va bebaho asori-atiqalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonga saudiyaliklarni ham ziyoratga targ‘ib etishda faol bo‘lishini aytib o‘tdi.
Muloqotda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev mamlakatimizda haj va umra tadbirlarini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslari ta’minlangani, fuqarolarimizga qulayliklar, yanada yaxshi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar qilib kelinayotgani, xususan, umra tadbirlarini namunali tashkil etish, ziyoratchilarga amallarni to‘liq, xavfsiz bajarishi uchun munosib sharoitlar yaratish, ularning kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlash maqsadida Respublikamiz qonunchiligiga muvofiq O‘zbekistonda umra tadbirini tashkil etish vakolati O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda 12 ta shirkatga berilganini aytdi. Haj va Umra ishlari bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, avvalo, bunday hamkorliklarga zamin yaratib berilayotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ikki Muqaddas Masjid xodimi Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonlarga minnatdorlik bildirish asnosida yurtdoshlarimiz uchun haj kvotasi so‘nggi yillarda 3 barobarga oshirilib, har yili 15 ming nafar hamyurtimiz hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etayotgani, ularga bo‘lgan hurmat-e’tibor, shart-sharoitlar borgan sari yaxshilanib borayotganini e’tirof etdilar.
Shuningdek muloqotda Prezidentimiz tomonidan ochiqlik siyosati olib borilayotgani, ayniqsa, mamlakatlarimiz hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir ko‘plab hujjatlar qabul qilingani tilga olindi. Ikki davlat o‘rtasida ilmiy-tadqiqot ishlarida keng ko‘lamli hamkorlik qilish, din ulamolari ishtirokida anjumanlar o‘tkazish, Saudiya Arabistoni fuqarolari O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlariga ziyoratga kelishlarini tashkil etish kabi ishlarni rivojlantirish borasida taklif va mulohazalar aytib o‘tildi.
Tavfiq bin Favzon ar-Rabia O‘zbekiston tomonidan bildirilgan takliflarni atroflicha ko‘rib chiqib, ijobiy hal etishda bor imkoniyatni ishga solishini bildirdi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yaqin kunlarda yurtimizga ham muqaddas ramazon oyi kirib keladi. Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar yanada kuchaytiriladi.
Islom dinida muhtojlarga yordam berish, nogironligi bor insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish xayrli amallardan hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Moddiy-ma’naviy yordamlar ko‘lamini yanada ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi bir qancha davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, arab davlatlarida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan Saudiya podshohligi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan aloqalar yildan yilga yanada ijobiy tus olyapti. Bu hamkorlik natijasida Saudiya tomoni, xususan, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi ikki yildan buyon aynan ramazon oyida O‘zbekistonga ehtiyojmand aholi qatlami uchun hurmo mevasi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari hadya qilib kelyapti. Ramazon oyi munosabati bilan yaqinda ushbu markaz O‘zbekistonga kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar uchun yana 6 750 dona oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat qutilar va un mahsulotlarini xayriya qilib, fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar salmog‘ini yanada oshirdi. Joriy yilning 24 fevral kuni ushbu xayriya mahsulotlari qabul qilib olinib, ularni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiy, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazining O‘zbekistondagi koordinatori Nosir as-Subay’iy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi vakillari, OAV xodimlari hamda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalar ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, xayriya qilingan mahsulotlar Respublika bo‘ylab taqsimlanib, Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylardagi boshqarmalari va fond filiallari orqali Ramazon oyi davomida ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor xonadonlarga tarqatiladi. Demak, bu oyda 6 750 ta ehtiyojmand oilaga Ramazon tuhfalari kirib boradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
"Vaqf" xayriya jamoat fondi
Matbuot xizmati