Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Fevral, 2025   |   25 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:47
Quyosh
07:05
Peshin
12:41
Asr
16:24
Shom
18:11
Xufton
19:24
Bismillah
24 Fevral, 2025, 25 Sha`bon, 1446

Olim tarbiyalagan ona (2 qism)

19.02.2025   6293   3 min.
Olim tarbiyalagan ona (2 qism)

Ota-o‘g‘il bir-birlarini bag‘riga bosishdi, ko‘z yoshlari sel bo‘lib oqdi. Farrux ayoli bilan o‘tirib dildan suhbatlashdi va gap orasida: “Men berib ketgan o‘ttiz ming dinorni nima qildingiz?” – deya so‘radi. Shu payt azon ovozi yangradi. Farrux bomdod namozini o‘qish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlari tomon otlandi. U yerdagi  katta olomon sabab tashqarida o‘qishga majbur bo‘ldi.

Namozdan so‘ng Farrux masjidga kirdi. Nabiy alayhissalomning qabrlariga yaqinlashib, u zotga salom berdi va ravzai mutahharaning oldida turib ancha vaqtgacha namoz o‘qidi. Farrux namozini tugatgach ketmoqchi bo‘lib turgan edi hamki, masjid hovlisida o‘tirgan katta jamoat uning e’tiborini tortdi va uni joyida to‘xtashga undadi. Odamlar unga biror katta ulamoni kutayotgandek ko‘rinardi. Farrux ham yaqinroqqa o‘tirdi, shayx va’z qila boshladi. U kishining gaplaridan qalblar larzaga keldi. Tolibi ilmlar shayxning aytgan gaplarini qoralab borishardi. Farrux shayxdan ajablandi. Shayx majlisni tugatib o‘rnidan turgach, odamlar ko‘rishib, ziyorat qilish uchun uning atrofini o‘rab olishdi.

Farrux o‘tirganlardan biriga yaqinlashib, pichirlagancha: “Bu shayx kim?” – deb so‘radi.

Savolni eshitgan kishi hayron holda qoshini chimirib: “Oramizda shayx kim ekanini bilmaydigan odam ham bor ekan-da, axir shayxning ismi har yerda dong taratgan, siz bu shaharlik emasga o‘xshaysiz”, dedi. Farrux: “Yo‘q, lekin men uzoq safarda edim, bugun kechasi qaytdim”, deya javob berdi.

Qarshisidagi odam tabassum ila bunday dedi: “Ha qadrdonim-a, bu zot tobe’inlarning ulug‘laridandir. U parhezkor muhaddis bo‘lib, ko‘rganingizdek, uning majlisiga Molik ibn Anas, Abu Hanifa, Yahyo ibn Sa’id, Sufyoni Savriy, Avzoiy, Lays ibn Sa’d va boshqalarni ham jamlay oladigan faqihlarning imomidir. U Farrux o‘g‘li Robiy’atur Raydir. Uning otasi ko‘p yillar ilgari urushga ketgan edi. Kecha tunda qaytib kelibdi. Odamlar aytishdi”, dedi.

U kishi gapini tugatmasidan Farrux hushini yo‘qotayozdi va shaxdam qadamlar bilan uyi tomon shoshdi. Qalbi bu buyuk olim uning o‘g‘li ekanligidan huzur va faxr tuyg‘ulari bilan limmo-lim edi. Ayolining oldiga kirdi va: “Azizam, jufti halolim, men ko‘rganlarim meni hayratda qoldirdi. O‘zidan boshqa iloh bo‘lmagan Zotga qasamki, agar dunyodagi barcha xazinalar tortilsa ham, bu ne’mat og‘ir keladi”, dedi.

Ayoli: “Xo‘sh, nima ekan u?” – dedi. “O‘g‘limiz Robiy’a ilmda yuksak martabaga erishibdi, hatto zamonaning katta ulamolari ham uning ilmidan bahramand bo‘lmoqda ekanlar”, dedi.

Ayol tabassum ila: “Alloh yo‘lida jangga otlanish oldidan bizga tashlab ketgan o‘ttiz ming dinoringizni nimalarga sarflaganimni angladingizmi?” dedi.

“Ha”, dedi Farrux. Ayol yana: “Dinorlarning barini farzandimiz tarbiyasi va kamoli uchun sarfladim. Ko‘rib turganingizdek shu darajaga yetdi”, dedi.

Farrux ko‘zlarida yosh ila: “Alloh xayringizni bersin, azizam! Baraka toping. Siz haqiqatan ham tahsinga sazovor mo‘mina ayolsiz...”, deya zavjasiga minnatdorchilik bildirdi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

Boshqa maqolalar

Kim bu eshikni ochsa...

24.02.2025   776   3 min.
Kim bu eshikni ochsa...

Agar dinimiz ta’limotlarini diqqat bilan o‘rganilsa, tilanchilik, birovning qo‘liga qarash mutloq qoralanadi. Tilanchi bo‘lgandan ko‘ra ko‘chada o‘tin terib sotishga chorlanadi.

Keling, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning, sahobalar va ulamolarimizning dangasalikdan, tanbal va boqimanda bo‘lishdan qaytargan so‘zlarini o‘rganaylik va ulardan kerakli xulosalar chiqaraylik.

Bu xususda hadisi sharifda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga bir kishi kelib tilanchilik qilishga ruxsat so‘radi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam undan so‘radilar: “Uyingda biron narsang bormi?”.

“Ha, bor, kunduzi ostimizga solib, kechasi ustimizga yopadigan bir eski mato va suv ichadigan idish, xolos”, dedi kishi.

“Ikkovini keltir”, dedilar. U kishi aytgan narsalarini olib keldi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qo‘lga olib bunday dedilar: “Bularni kim sotib oladi?”.

Sahobalardan biri: “Men ularni bir dirhamga olaman”, dedi.

“Kim buning ustiga ziyoda qiladi?”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Boshqa sahoba: “Men ularni ikki dirhamga olaman”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki dirhamni boyagi kishiga berib: “Bir dirhamga taom sotib olib, ahli ayolingga olib bor va qolgan bir dirhamga bolta sotib ol-da, menga olib kel”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amrlarini bajarib, huzurlariga bolta sotib olib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llari bilan unga sop yasadilar va boltani uning qo‘liga berdilarda: “Endi borib, o‘tin yig‘ib, uni sot”, dedilar.

Ansoriy o‘tin yig‘ib, uni sotib, o‘n besh dirhamga ega bo‘ldi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: Bu mablag‘ning bir qismiga taom xarid qil, bir qismiga kiyim-kechak sotib ol!”.

So‘ngra aytdilar: “Bunday qilishing senga yarashadi. Tilanchilik qilishing qiyomat kuni yuzingga dog‘ bo‘lib tushadi”.

Inson hunaridan hurmat ko‘radi, Dunyoda ne eksa, shuni o‘radi.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘ziga tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochib qo‘yadi. Kim o‘zini undan tiysa, Alloh ham uni saqlaydi. Kim behojat bo‘lishni so‘rasa, Alloh uni behojat qiladi. Sizlarning biringiz arqon olib, vodiydan o‘tin terib bozorga keltirib, bir mudd xurmoga sotsa, o‘sha ishi odamlar beradigan yoki bermaydigan sadaqani so‘rashidan yaxshidir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 

“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan