Ota-o‘g‘il bir-birlarini bag‘riga bosishdi, ko‘z yoshlari sel bo‘lib oqdi. Farrux ayoli bilan o‘tirib dildan suhbatlashdi va gap orasida: “Men berib ketgan o‘ttiz ming dinorni nima qildingiz?” – deya so‘radi. Shu payt azon ovozi yangradi. Farrux bomdod namozini o‘qish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlari tomon otlandi. U yerdagi katta olomon sabab tashqarida o‘qishga majbur bo‘ldi.
Namozdan so‘ng Farrux masjidga kirdi. Nabiy alayhissalomning qabrlariga yaqinlashib, u zotga salom berdi va ravzai mutahharaning oldida turib ancha vaqtgacha namoz o‘qidi. Farrux namozini tugatgach ketmoqchi bo‘lib turgan edi hamki, masjid hovlisida o‘tirgan katta jamoat uning e’tiborini tortdi va uni joyida to‘xtashga undadi. Odamlar unga biror katta ulamoni kutayotgandek ko‘rinardi. Farrux ham yaqinroqqa o‘tirdi, shayx va’z qila boshladi. U kishining gaplaridan qalblar larzaga keldi. Tolibi ilmlar shayxning aytgan gaplarini qoralab borishardi. Farrux shayxdan ajablandi. Shayx majlisni tugatib o‘rnidan turgach, odamlar ko‘rishib, ziyorat qilish uchun uning atrofini o‘rab olishdi.
Farrux o‘tirganlardan biriga yaqinlashib, pichirlagancha: “Bu shayx kim?” – deb so‘radi.
Savolni eshitgan kishi hayron holda qoshini chimirib: “Oramizda shayx kim ekanini bilmaydigan odam ham bor ekan-da, axir shayxning ismi har yerda dong taratgan, siz bu shaharlik emasga o‘xshaysiz”, dedi. Farrux: “Yo‘q, lekin men uzoq safarda edim, bugun kechasi qaytdim”, deya javob berdi.
Qarshisidagi odam tabassum ila bunday dedi: “Ha qadrdonim-a, bu zot tobe’inlarning ulug‘laridandir. U parhezkor muhaddis bo‘lib, ko‘rganingizdek, uning majlisiga Molik ibn Anas, Abu Hanifa, Yahyo ibn Sa’id, Sufyoni Savriy, Avzoiy, Lays ibn Sa’d va boshqalarni ham jamlay oladigan faqihlarning imomidir. U Farrux o‘g‘li Robiy’atur Raydir. Uning otasi ko‘p yillar ilgari urushga ketgan edi. Kecha tunda qaytib kelibdi. Odamlar aytishdi”, dedi.
U kishi gapini tugatmasidan Farrux hushini yo‘qotayozdi va shaxdam qadamlar bilan uyi tomon shoshdi. Qalbi bu buyuk olim uning o‘g‘li ekanligidan huzur va faxr tuyg‘ulari bilan limmo-lim edi. Ayolining oldiga kirdi va: “Azizam, jufti halolim, men ko‘rganlarim meni hayratda qoldirdi. O‘zidan boshqa iloh bo‘lmagan Zotga qasamki, agar dunyodagi barcha xazinalar tortilsa ham, bu ne’mat og‘ir keladi”, dedi.
Ayoli: “Xo‘sh, nima ekan u?” – dedi. “O‘g‘limiz Robiy’a ilmda yuksak martabaga erishibdi, hatto zamonaning katta ulamolari ham uning ilmidan bahramand bo‘lmoqda ekanlar”, dedi.
Ayol tabassum ila: “Alloh yo‘lida jangga otlanish oldidan bizga tashlab ketgan o‘ttiz ming dinoringizni nimalarga sarflaganimni angladingizmi?” dedi.
“Ha”, dedi Farrux. Ayol yana: “Dinorlarning barini farzandimiz tarbiyasi va kamoli uchun sarfladim. Ko‘rib turganingizdek shu darajaga yetdi”, dedi.
Farrux ko‘zlarida yosh ila: “Alloh xayringizni bersin, azizam! Baraka toping. Siz haqiqatan ham tahsinga sazovor mo‘mina ayolsiz...”, deya zavjasiga minnatdorchilik bildirdi.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti Axborot-resurs markazi fondiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovning «Islom fiqhi asoslari» kitobidan 50 dona hadya qilindi.
Kitobda Islom voqeiy din ekani va barcha zamonu makonlarga mos hamda muvofiq kelishi saodat asrida sodir bo‘lgan voqea-hodisalar asosida ilmiy asoslab berilgan. Bir misol. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga qozi qilib tayinlaganlarida bunday deganlar: “Agar sen biror muammoga duch kelsang, qanday hukm qilasan?” Shunda u: “Qur’ondan hukm chiqaraman”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar Qur’ondan uning hukmini topa olmasang-chi?” deb so‘radilar. “Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hukm izlayman”, dedi. “Agar Rasulullohning sunnatlaridan ham topa olmasang-chi?” deb so‘raganlarida: “U holda aqlimga suyanib ish tutaman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muozning yelkasiga qoqib: “Rasulullohning elchisini O‘zi rozi bo‘ladigan ishga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yoki u kishi bo‘lmagan vaqtlarda sahobalar tomonidan bunday ijtihodlar ko‘plab sodir bo‘lgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning chiqargan hukmlaridan to‘g‘risini tasdiqlab, xatolarini tuzatib qo‘yar edilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati