Men Alloh subhanahu va taolo meni ulardan Qur’oni karimni o‘rganishga muvaffaq qilgan juda ko‘p mashoyixlarimizdan Qur’onni yod olishning eng afzal yo‘li haqida so‘rab chiqdim. Madinadagi qorilar ustozi shayx Ibrohim Axdor, shayx Muhammad Ahmad, shayx Bakr Tarobishi rahimahulloh, shayx Rodvon hafizahulloh kabi kibor ulamolardan so‘radim. Odatda, biz bu haqida ko‘pchilikdan so‘raymiz. Ammo umrining 60-70 yilini Qur’onni tilovat qilish va uni o‘rgatishga bag‘ishlagan va butun hayoti Qur’oni karim ta’limiga sarflangan ustozlardan Qur’onni yodlashning eng afzal usulini so‘raganimizda, ular bir ovozdan ma’qullab aytishadiki, “Qur’onni hifz qilishning eng yaxshi yo‘li - Payg‘abarimiz sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalariga amal qilish: “Qur’onga o‘zingizni bag‘ishlang!” (Uni muntazam o‘qing). Oddiy. Bu borada ko‘p bahslashamizu, ammo oxir-oqibat Payg‘abarimiz alayhissalomning tavsiyalariga qaytamiz: “Qur’onni muntazam o‘qing!” Oz-ozdan Qur’ondan o‘qishni kunlik odat qilib olishingiz kerak. “Amallarning eng yaxshisi — oz va bardavom bo‘lganidir”.
Ya’ni, bilamizki, yeb-ichishdan butunlay voz kecholmaysiz, ammo oz-ozdan bo‘lsa ham qilishingiz kerak. Taomlanish va ichish kabi kunlik qiladigan odatlaringiz ichiga Qur’ondan oz miqdorda tilovatni ham qo‘shishingiz kerak. Va vaqt o‘tgani sari bu oz miqdor ko‘payib boradi va shu bilan siz Qur’onni, shubhasiz, yod olasiz. Alloh sizni Qur’onni yod olishga muvaffaq qilishi darajasiga yetmaguningizcha, tunlari sajdada duo qilishingiz lozim: “Yo Alloh, Qur’onni qalbimning bahori, ko‘ksimning nuri qilgin. Menga nafsimni yengishimda madad ber!”.
Qur’on ahllari bu — Allohning xos bandalari bo‘lib, ular U zotga eng yaqin bo‘lganlardir. Alloh bandalari orasidan Qur’on ahllaridan bo‘lishga loyiqlarini tanlaydi. Alloh qalbingizdagi Qur’on ahllaridan biri bo‘lishga bo‘lgan kuchli istagingizni ko‘rishi kerak. Alloh subhanahu va taolodan sizni Qur’onni hifz qilishga muvaffaq etishini so‘rab, bu amalni o‘zingizga kunlik odat qilib olsangiz, O‘zining izni ila sizni Kalomini hifz qilish bilan mukofotlaydi.
Shayx Yosir Dusariy
«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti Axborot-resurs markazi fondiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovning «Islom fiqhi asoslari» kitobidan 50 dona hadya qilindi.
Kitobda Islom voqeiy din ekani va barcha zamonu makonlarga mos hamda muvofiq kelishi saodat asrida sodir bo‘lgan voqea-hodisalar asosida ilmiy asoslab berilgan. Bir misol. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga qozi qilib tayinlaganlarida bunday deganlar: “Agar sen biror muammoga duch kelsang, qanday hukm qilasan?” Shunda u: “Qur’ondan hukm chiqaraman”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar Qur’ondan uning hukmini topa olmasang-chi?” deb so‘radilar. “Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hukm izlayman”, dedi. “Agar Rasulullohning sunnatlaridan ham topa olmasang-chi?” deb so‘raganlarida: “U holda aqlimga suyanib ish tutaman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muozning yelkasiga qoqib: “Rasulullohning elchisini O‘zi rozi bo‘ladigan ishga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yoki u kishi bo‘lmagan vaqtlarda sahobalar tomonidan bunday ijtihodlar ko‘plab sodir bo‘lgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning chiqargan hukmlaridan to‘g‘risini tasdiqlab, xatolarini tuzatib qo‘yar edilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati