O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan tashkil qilingan qorilarni suhbatdan o‘tkazish tadbirlari yurtimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 18 fevral sanasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi vakilliklarda 2025 ( hijriy 1446) yilgi Ramazon oyida Xatmi Qur’on tadbirlarida ishtirok etadigan qorilarni saralash uchun suhbatlar tashkil qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlaridan iborat ustozlar mazkur qorilarning tayyorgarligini tekshirib, ularga taroveh va xatmi Qur’on odoblariga oid kerakli tavsiyalarni berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.