Payg‘ambarlarning vazifasi Alloh taoloning buyruq va qaytariqlarini insonlarga yetkazish, so‘zida va amalida bayon qilib berishdir. Qur’oni karimda barcha payg‘ambarlar ushbu mas’uliyatli vazifani mukammal bajarganliklari ta’kidlangan.
Payg‘ambarlar qatorida Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam zulmatlarni yorituvchi nur misol ummatni munavvar manzillar sari yetakladilar. Alloh taolo bunday marahamat qiladi:
وَدَاعِيا ً إِلَى اللَّهِ بِإِذنِهِ وَسِرَاجًا مُّنِيرا
“Allohning izni bilan U zotga (Uning diniga) da’vat qiluvchi va (haq yo‘lni ko‘rsatuvchi) nurli chiroq qilib yuborgandirmiz”(“Ahzob” surasi, 46-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam go‘zal o‘rnak, insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi ekanliklari ushbu oyatda bayon qilinyapti. Shu sababdan sahobalar u zotning hayotlarini diqqat bilan kuzatib, o‘zlari uchun o‘rnak qilib olishgan va kelajak avlodlarga katta g‘ayrat bilan yetkazishgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalomdan o‘rnak olish har bir musulmon uchun eng oliy vazifa hisoblanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَانَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ
“Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo‘rqinglar”(“Hashr” surasi, 7-oyat).
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Qiyomatga qadar barcha insonlar o‘rnak olishini ta’kidlagan. U zot alayhissalom ham so‘zda, ham amalda bayon qilgan asos va qoidalar butun insonlar uchun yo‘l ko‘rsatuvchidir. Shunday vaziyatlar bo‘lganki, u zotdan dushmanlari va ozor bergan shaxslarni la’natlash, ularga azob kelishi uchun duo qilishlarini so‘raganlar. Lekin shunday og‘ir vaziyatda ham: “Men la’natlovchi emas, balki rahmat payg‘ambari qilib yuborildim”, – deb javob berishlari fikrimizning dalilidir.
U zotning axloqlari to‘g‘risida Oisha onamizdan so‘ralganda: “U zotning xulqlari Qur’on edi”, deb javob berdilar. Oisha onamizning bergan javoblaridan Qur’onning buyruq va qaytariqlariga bo‘ysunish eng chiroyli axloq ekanini yana bir bor anglaymiz. Imom Navaviy: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’on rozi bo‘lgan ishdan rozi, Qur’on norozi bo‘lgan ishdan norozi bo‘lar edilar”, deganlar. Bulardan ayon bo‘ladiki, musulmon kishi oyat va hadislardagi buyruqlarga bo‘ysungan vaqt Payg‘ambarimiz alayhissalomni o‘zlariga o‘rnak qilib olgan bo‘ladi.
Haqiqatda, Rasululloh alayhissalom arzimas sabablar tufayli bir-birini halok qiladigan, axloqsizlikning yuqori cho‘qqisiga chiqqan qavmdan Saodat asri deya e’tirof etilgan jamiyatni tarbiyaladilar. Payg‘ambar alayhissalomning bu yutuqqa erishishlarida buyuk axloqlari, hayot yo‘llarining ta’siri bor, albatta.
Bundan kelib chiqadiki, go‘zal xulqning inson hayotida tutgan o‘rni beqiyosdir. Zero, Islom dini mohiyatini boshqalarga namoyon etishning eng yaxshi yo‘li go‘zal axloqdir!
Hoshim domla Amanov,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Ehson arab tilida “yaxshilik qilish, ezgulik ko‘rsatish, go‘zal muomala qilish” degan ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda esa, ehson – Allohga chin ixlos bilan bandalik qilish va odamlarga yaxshilik bilan munosabatda bo‘lishdir.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam ehsonni quyidagicha ta’riflaganlar: «Ehson – Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek ibodat qilishdir. Agar sen Uni ko‘rmasang ham, U seni albatta ko‘rib turibdi» (Imom Muslim rivoyati).
Qur’oni karimda Alloh taolo ehson qiluvchilarni sevishini bir necha bor ta’kidlagan:
«Alloh yaxshilik (ehson) qiluvchilarni sevad» (Oli Imron surasi, 134-oyat).
Bu oyat shuni ko‘rsatadiki, Alloh taoloning muhabbatiga erishish uchun banda ehson ahlidan bo‘lishi lozim.
Ehson gunohlarni yuvadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Albatta, yaxshilik (ehson) gunohlarni yuvadi, xuddi suv olovni o‘chirgani kabi» (Imom Termiziy rivoyati).
Bu hadisdan ko‘rinib turibdiki, inson qilgan ehsoni orqali gunohlaridan poklanish imkoniga ega bo‘ladi.
Ehson faqat sadaqa yoki moddiy yordam bilan cheklanmaydi. Qur’on va hadislar asosida quyidagi asosiy ehson turlarini sanab o‘tish mumkin:
1. Ibodatda ehson:
Bu – Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek ixlos bilan ibodat qilishdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ta’riflariga ko‘ra, ehsonning eng oliy darajasi shudir.
2. Odamlarga yaxshilik:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Sizlarning eng yaxshilaringiz – odamlarga foydasi tegadiganlaringizdir» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bunga kambag‘allarga yordam berish, yetimlarni boqish, kasallarga hamdard bo‘lish kabi barcha ezgu ishlar kiradi.
3. Hayvonlarga yaxshilik:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir jonzotga ham yaxshilik qilish ehson ekanligini ta’kidlaganlar: «Kim bir chanqagan hayvonga suv ichirsa, Alloh uning gunohlarini kechiradi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
4. Ota-onaga ehson:
Qur’oni karimda ota-onaga yaxshilik qilish buyurilgan:
«Ota-onalarga yaxshilik qiling…» (Baqara surasi, 83-oyat).
Ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish, ularning duosini olish – ehsonning eng muhim ko‘rinishlaridan biridir.
Xulosa qilganda, ehson – musulmonning iymonini mukammal qiladigan va Allohning muhabbatiga erishtiradigan fazilatdir. Qur’onda va hadisda ehsonning oliy qadriyat ekanligi ta’kidlangan. Kim bu fazilatni o‘zida shakllantirsa, Alloh taoloning rahmati va jannatiga musharraf bo‘ladi.
Alloh barchamizga ehson ahlidan bo‘lishimizni nasib etsin!
Sulaymon FAYZULLAEV,
Toshketn Islom instituti 4-kurs talabasi.