Bugun, 19 fevral kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul ta’lim tizimi asosida ta’lim olayotgan bir guruh talabalar poytaxtimizdagi «Shayx Zayniddin» jome masjidiga tashrif buyurdi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov talabalar bilan uchrashib, ularga ilmning fazilatlari, bugungi imom qanday bo‘lishi kerak kabi mavzularda ma’ruza qildi.
Darhaqiqat, imomlik sharafli, ayni paytda mas’uliyatli burchdir. Zero, hadisi sharifda: «Imom zomin (zimmasiga oluvchi), muazzin omonatdordir. Allohim, imomlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin va muazzinlarni mag‘firat qilgin», (Imom Abu Dovud rivoyati), deyilgan.
Ma’ruzani jon qulog‘i bilan tinglab, bunday uchrashuvlarni tashkil etgan institut ma’muriyatiga hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibiga talabalar tashakkur bildirishdi.
Abduqahhor domla yoshlarning savollariga atroflicha javob qaytardilar.
Talabalarga "Mavlidi sharif" kitobi hadya etildi.
* * *
Tadbirdan so‘ng talabalar «Shayx Zayniddin» qabristoniga dafn etilgan marhum ustozlarning qabrlarini ziyorat qilib, Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qildilar.
Xayrli duolar bilan tashrif nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolar murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bugun, 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning taklif va murojaatlarini tingladi.
Yuzma-yuz muloqot jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi ochiq muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati