Kecha, 19 fevral kuni Bahrayn Podshohligi shafeligida Musulmon donishmandlar kengashi tashabbusi bilan ushbu davlat poytaxti Manama shahrida boshlangan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqdalar.
Mazkur xalqaro konferensiyada Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib, Bahrayn islom ishlari bo‘yicha oliy kengash prezidenti Shayx Abdurahmon bin Muhammad bin Roshid al-Xalifa, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod, Dorul ulum Karachi Islom universiteti professori Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxul-islom Allohshukur Poshozoda, Rossiya markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Tal’at Tojiddin kabi taniqli ulamolar, davlatlar muftiylari, din va davlat arboblari qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar bugungi murakkab va tahlikali davrda butun dunyoda tinchlik-osoyishlikni qaror toptirish, musulmon ummati birligini ta’minlash, turli din vakillari va turfa millat-elatlari ahil-inoqligiga erishish juda ham muhim ekani, islomofobiya xatti-harakatlarining oldini olish kabi o‘ta muhim masalalarni ta’kidladilar. Shuningdek, hozirgi kunda musulmon ummati oldida turgan dolzarb muammolar, kelgusidagi istiqbolli rejalar to‘g‘risida fikr almashdilar.
Konferensiya ertaga, 20 fevral kuni ham davom etadi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, Musulmon donishmandlar kengashi mustaqil xalqaro tashkilot bo‘lib, 2014 yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida tashkil topgan. Kengashga Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari, Shayx Ahmad Toyyib raislik qiladi. Muhammad Abdussalom esa uning bosh kotibi hisoblanadi.
Tashkilotning asosiy maqsadi musulmon olamida tinchlikni targ‘ib qilish, nizolarni birgalikda hal etish, bag‘rikenglikni ta’minlash, boshqalarga hurmat saqlaydigan farovon jamiyat barpo etishdir.
Kengash a’zoligiga o‘zining serqirra faoliyati bilan obro‘-e’tiborga erishgan dunyoning eng nufuzli musulmon olimlari jalb qilinadi. Ana shu ulamolar qatorida Markaziy Osiyo mintaqasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham a’zo qilingan edilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jannatdagi yuqori martabalarni va ulug‘ farishtalar bilan birga bo‘lishni xohlasangiz Allohning oyatlariga bog‘laning. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onga mohir bo‘lgan kishi hurmatli farishtalar bilan birgadir”[1], deganlar. Boshqa bir hadislarida esa: “Qiyomat kuni Qur’on sohibi jannatga kirsa, unga “O‘qi va ko‘taril!” deyiladi. U o‘qiydi va har bir oyat uchun bir daraja ko‘tariladi, toki o‘zidagi bor oyatlarni o‘qiydi”[2], deganlar.
Allohning oyatlariga qanday bog‘lanish mumkin?
Juzlarga ajratilgan Qur’on sotib oling. Shunda mo‘ljallangan juzni o‘zingiz bilan olib yura olasiz. Bo‘sh vaqtingizdan unumli foydalaning va bir-ikki oyat bo‘lsa-da, o‘qib olishga harakat qiling.
Namozga aytiladigan iqoma va azon o‘rtasida Qur’on o‘qishga ozroq vaqtingiz bo‘lishi uchun namozga ertaroq boring.
Ulovingizga bitta mus'haf qo‘yib qo‘ying. Uyga kirishdan avval kichik bo‘lsa-da, bir necha oyat o‘qing. Shu tariqa siz uyingizga Allohning oyatlari ila birga kirib borasiz.
Ishga ketayotgan va qaytayotgan paytingiz bir necha daqiqa bo‘lsa ham Qur’on eshiting.
Juma namoziga ertaroq boring va hafta davomida Qur’ondan o‘qiy olmagan qismingizni ushbu muborak soatlarda o‘qib, yetkazib oling.
Muhtarama ayollar! Uy yig‘ishtirayotganingizda, taom tayyorlayotganingizda Qur’onning ovozli shaklini qo‘yib qo‘ying. Qanchadan-qancha vaqtimiz havoga sovurilib ketyapti. Xasratu nadomatlar foyda bermaydigan kunda bu vaqtlarimiz uchun pushaymon bo‘lamiz, axir.
Qur’onning elektron shaklini telefon yoki kompyuteringizning ekraniga o‘rnatib oling. Shunda ozroq bo‘lsa-da, o‘qishga muvaffaq bo‘lasiz.
Piyoda yurganingizda yod olgan suralaringizni takrorlab boring va buni kundalik odatga aylantiring.
Yotoqingizga yaqinroq joyda ham bitta Mus'haf bo‘lsin. Uyquga ketishdan avval Qur’ondan kunlik belgilangan miqdorni tugatib qo‘ying. Shunday qilsangiz kuningizning yakuni Allohning oyatlari bilan hamohang bo‘ladi.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.
[2] Imom Ahmad rivoyati.