O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud va Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Vazir, shuningdek, Podshohning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Ka’ba yopinchig‘i kisvaning bir parchasini topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga bebaho tuhfa hamda ziyoratchilarimizning musulmon dunyosi markazlari - Makka va Madinada bo‘lishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulay sharoitlar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 800 mingdan ziyod fuqarolarimiz Umra ziyoratini, 15 ming nafari Haj ibodatini ado etdi.
Suhbat chog‘ida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga shart-sharoitlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ularning Saudiya Arabistoniga tashrifi xavfsiz va qulay bo‘lishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bugun – chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Diniy idoraga turli masalalarda kelgan fuqarolarni qabul qildi. Ularning masjidlar faoliyati, sohani rivojlantirish, moddiy yordam kabi masalalarida qilgan murojaatlari tinglandi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va so‘rovlar atroflicha o‘rganilib, Diniy idora vakolati doirasida tegishlilari bo‘yicha mas’ullarga tez fursatlarda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati