Muqaddas Islom dinimiz insonlarni kechirimli bo‘lishga targ‘ib qiladi. Chunki kechirimli bo‘lishda insonlar uchun ko‘p manfaatlar bor. Avvalo, Kechirgan inson o‘zini yengil tortib, Allohdan bo‘ladigan ajrga loyiq bo‘lsa, kechirilgan inson esa kechiruvchiga adovati ketib, qalbida unga nisbatan iliqlik va mehr paydo bo‘ladi.
Alloh taolo o‘zining Kalomida bunday bayon qiladi: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Sen yaxshilik bo‘lgan narsa ila daf qil. Ko‘ribsanki, sen bilan orasida adovati bor kimsa, xuddi sodiq do‘stdek bo‘lur” (Fussilat surasi, 34-oyat).
Darhaqiqat, turli-tuman xulq-atvorli odamlar orasida yashar ekanmiz, albatta ulardan bir qancha ozor-aziyatlar ko‘ramiz. Agar har bir shunday ko‘ngilsizlik bizga qattiq ta’sir etib, g‘amga botirib qo‘yaversa, shubhasiz, butun hayotimiz azobga aylanadi. Shu bois imkon qadar yon-atrofimizdagilarning xatolari, bilib-bilmay yetkazgan ozorlariga sabr qilib, kechirishga harakat qilaylik.
Shunda bir-birimizga mehr-muhabbatimiz ziyoda bo‘ladi. Gohida boshqalardan biror yomonlik yoki zulm o‘tsa ham, sinov deb qabul qilishimiz zarur.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib aytadiki: “Albatta, kim (o‘ziga yetgan ozor-aziyatlarga) sabr qilsa va (intiqom olmay Alloh uchun) kechirib yuborsa, shak-shubhasiz bu (ish) ishlarning maqsadga muvofig‘idir”. (Sho‘ro surasi, 43-oyat).
Alloh taolo yana: “Kechirimli bo‘l, yaxshilikka buyur va johillardan yuz o‘gir”, degan (A’rof surasi, 199-oyat).
Ya’ni, o‘zaro muomala-munosabatda kechirimli bo‘l, oson yo‘lni tut. Odamlarga nisbatan o‘ta talabchan bo‘lma, qilgan xatolarini avf etuvchi, keng bag‘rli bo‘l.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qiyomat kuni Alloh butun xaloyiqni jamlaganida bir nido qiluvchi: “Fazl egalari qani?” deb nido qiladi. Shunda ozchilikni tashkil qiluvchi bir guruh insonlar turadilar. Ular jannat sari shoshib yuradilar. Ularni farishtalar kutib olib: “Jannat sari shoshib kelayapsizlar?” deyishadi. Ular: “Biz fazl egalarimiz”, deyishadi. Farishtalar: “Fazllaringiz nimadan iborat edi?” deydilar. Ular: “Agar bizga zulm qilinsa, sabr qilar edik. Johillik qilinsa, halimlik qilardik”, deb javob berishadi. Ularga: “Jannatga kiringlar! Amal qiluvchilarning ajri (mukofoti) qanday ham yaxshi!” deyiladi
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan so‘radilar: “Yo Rasululloh, go‘zal xulq nima?”. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga javoban ushbu oyatni o‘qidilar: “Avf-marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring” (A’rof surasi, 199-oyat).
So‘ngra: “Go‘zal xulq – uzilgan (qarindoshing)ga bog‘lanmog‘ing, bermaganga bermog‘ing, senga zulm qilganni kechirmog‘ingdir”, dedilar.
Xalqimizda “Beayb Parvardigor” degan hikmat bor. Inson xatodan holi emas. Odamlar bir-birlarining xatolarini kechirishi, tuzatishi ularning oliyjanob xulq egasi ekanidan dalolat beradi. Kechirish qalblarimizni gina-kuduratlardan, xafagarchilik va ozorlardan saqlaydi.
Robiya Adaviyya rahmatullohi alayho vafotlari yaqinlashgach bunday vasiyat qilgan ekanlar: “Avf qilishda ikkilanmang, o‘zingizdan boshqa hammani kechiring, lekin o‘z nafsingizni aslo kechirmang. Zero, u (gunohlarga moyil bo‘lib, Allohning g‘azabiga va do‘zaxga tushishingizga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan) asl dushmaningizdir! Hammani kechiring! Zero, komil inson boshqalarning do‘zaxda azoblanishiga sababchi bo‘lishga aslo rozi bo‘lmaydi”.
Shu o‘rinda aytish joizki, Davlatimiz rahbari farmoni bilan so‘nggi yillarda turli bayramlar va hayit bayramlari arafasida minglab turli jinoyatlarni qilib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan shaxslar avf etilmoqdalar. Ular o‘z oilalari bag‘riga qaytib, qalblarida Vatanga muhabbat, kelajakka ishonch tuyg‘ulari paydo bo‘lmoqda. Shu bilan birgalikda avf etilganlarni reabilitatsiya qilish, ularni jamiyatga qo‘shish va ish bilan ta’minlash ishlari ham olib borilmoqda.
Abu Zarr roziyallohu anhu Bilol ibn Raboh roziyallohu anhuga: “Ey qora xotinning o‘g‘li, meni bosib olding!” degandilar, Bilol roziyallohu anhu g‘azab qilgan holda o‘rnilaridan turib: “Allohga qasam, men bu ishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytaman”, dedilar. Bu xabar yetkazilganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari o‘zgarib ketdi va: “Ey Abu Zarr"! Onasini aybladingmi?" Senda johiliyat odatlari bor ekan”, dedilar. Abu Zarr roziyallohu anhu yig‘ladilar va: “Yo Allohning Rasuli, menga istig‘for ayting” dedilarda masjiddan yig‘lagan holda chiqib ketdilar. Keyin Bilol roziyallohu anhuning oldiga kelib, yuzlarini tuproqqa qo‘ydilar-da: “Allohga qasam, to oyog‘ing bilan yuzimni ezg‘ilamaguningcha boshimni ko‘tarmayman. Sen oliyjanob kishisan, men esa pastkashman”, dedilar.
Bilol roziyallohu anhu ham yig‘lab unga yaqinlashdilar-da, uning yuzidan o‘pdilar. So‘ngra: “Allohga qasamki, Alloh uchun bir marta bo‘lsa ham sajda qilgan yuzni oyog‘im bilan bosmayman”, dedilar. Keyin ikkovlari o‘rinlaridan turib, bir-birlarini quchoqlab, yig‘ida davom etishdi.
Bizlar bugungi kunda bir-birimizga yomonlik qilib qo‘ysak kechirasiz, deb aytishga ham botina olmaymiz.
Alloh taolo barchalarimizni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning axloqi hamidalari bilan yaxshi sifatlanib borishimizni nasib etsin! Imonimizni salomat saqlab, muloyimlik, hayo, qanoatlik, kechirimli solih bandalardan bo‘lishimizga muvaffaq aylasin!
Muhammad Quddus Abdulmannon,
Xo‘jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.
Ko‘pincha mablag‘siz, ehtiyojmand odamga “kambag‘al” deb qaraladi. Aslini olganda haqiqiy kambag‘al bu – nafsu havoning asiri bo‘lgan, qalbiga ikkiyuzlamachilik, zulm, g‘urur kabi razilliklar o‘rnashib olgan kishidir. Qalbi insonni e’zozlash kabi tuyg‘ulardan bo‘shab qolgan kishidir. Qalbida iymon mash’alasi so‘ngan kishi haqiqiy kambag‘al, faqir va bechoradir.
Livan yozuvchisi Mixail Nuayma bunday deydi:
Har bir munofiq yoki o‘g‘ri yo fosiq – faqirdir.
Har bir adovatchi, serg‘azab, ginachi – faqirdir.
Har bir hasadgo‘y, chaqimchi, ikkiyuzlamachi – faqirdir.
Har bir moli, chiroyi, saltanati bilan maqtanadigan – faqirdir.
Yeyayotgan noni birovning peshona teri evaziga bo‘lgan har bir kishi – faqirdir.
O‘zi obro‘li bo‘lish uchun qo‘shnisini xor qilgan yoki qornini to‘yg‘azish uchun uni och qoldirgan kishi – faqirdir.
Nafsu havosiga ergashib, ishining boshiyu oxiri jaholat bo‘lgan har kishi – faqirdir.
Endi ayting-chi, shular haqiqiy kambag‘al emasmi?! Ular husnixulq bobida faqir emasmi?!
Ë Robb! Bizni ana shunday faqirlardan va ularga o‘xshaganlardan qilib qo‘yma. Bizni o‘zingga muhtojlardan va berganingga rozi bo‘ladigan behojatlardan qil. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida menga eng yaqin o‘tiradiganingiz xulqi eng go‘zal bo‘lganingizdir”[1], deganlar.
Mazkur faqirlar tavba qilib o‘zlarini isloh qilmas ekanlar, Allohning rahmatidan mahrum bo‘lganlari uchun ko‘z yosh to‘kishlari aniq. Bir on tafakkur qilib ko‘ring-chi, siz ham ularning biri emasmisiz? Agar shunday bo‘lsa, nafsingizni tergang va qoralangan sifatlardan xalos bo‘ling-u, Allohga qayting! Agar buning aksi bo‘lsa, siz husni xulqda, iymonda ekansiz. Allohning rahmatiga loyiqsiz, buning uchun Allohga hamd ayting.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kamgina narsasi bor faqir emas, balki ko‘pni istaydigan haqiqiy faqirdir”.
Bu borada shoir Mutanabbiy ham bunday degan:
Kunlarin sarflar mol-dunyo to‘plab,
Faqir bo‘lib qolmay deya xavfsirab.
Bakr ibn Uzayna ham bunday deydi:
Qancha bechora bor, chorasi sabr,
Qancha faqirlarning ko‘zlari to‘qdir.
Yana ne boylar bor, dunyoga asir,
Och nafsdan o‘zga hech tuyg‘usi yo‘qdir.
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyati.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.