Shu o‘rinda bir ibratli rivoyatni keltirish maqsadga muvofiqdir.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh yetuk faqih, muhaddis va Allohning do‘sti edi. Alloh taolo unga oliy martaba ato qilgan edi. Vafot etgandan keyin bir kishi tushida u zotdan: “Alloh sizga qanday muomala qildi?” deb so‘radi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Alloh taolo meni mag‘firat qildi, fazliga olib, ulkan marhamat ko‘rsatdi. Lekin menga uyimning ro‘parasidagi temirchiga berilgan maqom nasib bo‘lmadi”, dedi.
Kishi uyqudan uyg‘ondi, dilida temirchining kimligi va qanday qilib Abdulloh ibn Muborakka nasib qilmagan narsa unga berilganini o‘ylab, uning mahallasiga bordi.
Surishtirib, Abdulloh ibn Muborakning temirchi qo‘shnisi borligini, u ham o‘sha kunda vafot etganini aniqladi. Borib, temirchining xotinidan: “Eringiz nima qilar edi?” deb so‘radi va tushida ko‘rganlarini aytib berdi.
Ayol: «Erim temirchi edi, kun bo‘yi ishlar, kechasi esa uxlardi. Kechasi Abdulloh ibn Muborakning tahajjud o‘qishiga havasi kelib, hasrat qilib: “Biz ham kengchilikda bo‘lganimizda tuni bilan tahajjud o‘qir edim”, der edi. Yana u ishlayotganida qulog‘iga azon tovushi kirsa, mabodo bolg‘asini tepaga ko‘targan bo‘lsa, shuni urib qo‘yayin, demasdi. O‘sha zahoti bolg‘asini pastga tushirib: “Azonni eshitganimdan keyin menga bolg‘ani ushlab turish yarashmaydi”, deb masjidga ketar edi», dedi.
Temirchi halol rizq talabida edi. Azon eshitilib, birinchi darajadagi farz bilan ikkinchi darajadagi farz ro‘baro‘ keldi. Birinchi darajadagisini ustun qo‘ydi va Alloh buyuk muhaddislarga bermagan maqomga erishdi.
“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan
Hech shubha yo‘qki, kitob o‘qishga odatlanish maktabga bormay turib, uyda – oilada yo‘lga qo‘yilishi kerak. Darhaqiqat, mutolaa eng yaxshi odat. Hozirda biz telefon, internet, seriallar asridamiz. Siz bunday vaziyatda farzandlaringizning mutolaaga bo‘lgan muhabbatini qanday shakllantiryapsiz?
Farzandlaringizga namuna bo‘ling. Yosh bola uyda turli xil kitoblar bilan to‘lib turgan kitob javonini ko‘rsa, ota-onasining tez-tez kitob o‘qiyotganiga guvoh bo‘lsa, bunday holat, ko‘pincha, bolani kitob o‘qishga va ota-onasining izidan borishga undaydi.
Farzandingizga uning fe’l-atvori, yoshiga to‘g‘ri keladigan kitoblar olib bering. Yosh bolalarga rasmlari bo‘lmagan katta-katta kitoblarni olib berib bo‘lmaydi.
Farzandingizni o‘zlarining kitob javonlari bo‘lishiga qiziqtiring, kichkina bo‘lsa ham mayli. Ularning kitob javonlarida ibratli qissalar, ertak kitoblar, e’tiborni tortuvchi gazeta va jurnallar bo‘lsin. Farzandlaringizni kitob do‘konlariga olib boring va ular sizning nazoratingizda qiziqarli kitoblar yoki jurnallar sotib olishsin.
Yosh bolalarga kitobni bosqichma-bosqich tanlang. Avvaliga yozuvi kam, suratlari ko‘p kitoblarni, keyin asta-sekin boshqalarini olib bering.
Albatta, farzandlaringizning qiziqishlarini hisobga oling. Bolalar, odatda, rang-barang hamda qahramonlar to‘g‘risidagi ertaklarga qiziqishadi. Ularni qiziqmaydigan kitoblarni o‘qishga hech ham majbur qilmang.
Hatto beshikdagi farzandingizga ham kitob o‘qib bering. U sizning ishorangiz va harakatlaringizga o‘z ta’sirini bildiradi, sizga qo‘shilib harakat qiladi.
Farzandingizga uxlashidan avval birorta ertak yoki qissa aytib berishga harakat qiling. Agar bu ishda onasi ham ishtirok etsa juda ajoyib bo‘ladi. Hikoya qila turib qahramonlarning obrazlariga moslab harakatlaringiz va ovozingizni o‘zgartiring. Yoshlari biroz katta bo‘lgach esa bir necha daqiqa bo‘lsa-da, kitob o‘qib bering.
Farzandlaringizga bayramlarda, biror-bir muvaffaqiyatlari munosabati bilan kitoblar sovg‘a qiling.
Uyingizga bittadan ortiq televizor o‘rnatmang. Bunday jihozlarning ko‘payishi farzandlaringizning asosiy vaqtlarini televizor qarshisida o‘tkazadigan qilib qo‘yadi. Televizordagi foydali ko‘rsatuvlarni ko‘rishi uchun ularga kuniga bir yarim soat vaqt belgilang. O‘qish kunlari esa buni yarim soatga qisqartiring. Ayniqsa farzandlaringizning yotog‘iga aslo televizor o‘rnatib bermang. Ular televizor ko‘rib uxlashga odatlanib qoladilar.
Farzandlaringizning mutolaadagi g‘ayratlari, harakatlarini maqtab qo‘ying va ularning o‘qigan har bir kitoblarining nomini yozib qo‘ying, shuningdek, vaqti-vaqti bilan kutubxonalarga olib boring.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.