Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Fevral, 2025   |   28 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:01
Peshin
12:41
Asr
16:27
Shom
18:14
Xufton
19:27
Bismillah
27 Fevral, 2025, 28 Sha`bon, 1446
Yangiliklar

Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi

21.02.2025   9758   4 min.
Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.


Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud hamda Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Shuningdek,  vazir Prezidentimizga Podshohning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Ka’ba yopinchig‘i –Kisvaning bir parchasini topshirdi. 

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, Kisva parchasining ostida Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz bin Abdurrahmon Ol Saudning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga sovg‘asi degan ma’nodagi izoh bo‘ladi.

– Ka’ba yopinchig‘i – Kisva parchasini Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirish haqidagi Prezidentimizning topshirig‘i biz uchun tom ma’noda tarixiy va sharafli voqea bo‘ldi, – deydi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. – Bu hadya Islom dinining ulug‘ allomalari yetishib chiqqan yurtimiz, xalqimiz va Prezidentimizga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning yorqin namunasidir. Biz shu kunning o‘zidayoq Markaz jamoasi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu xushxabarni e’lon qildik. Markaz olimlari va ijodiy xodimlar bunday shukuhli xabarni mamnuniyat bilan qabul qilib, davlatimiz rahbarining bizga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun tashakkur bildirdi. Hamkorlarimiz hurmatli Prezidentimiz orqali bizga yetib kelgan bunday tabarruk sovg‘a bilan bizni tabriklamoqda. Albatta,  muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – kisva parchasi Markazdagi eng qadrli eksponatlardan biri bo‘lib qoladi. Bunday bebaho hadya uchun hurmatli Prezidentimizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiramiz.  

Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra vaziri O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan megaloyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ham tashrif buyurdi va Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. 

Mehmonlar O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu Markaz nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo hamda butun Islom olamining eng jozibali va ibratli ma’naviy maskanlaridan biriga aylanishini alohida ta’kidlashdi. 
 

– Taassurotlarim ajoyib! Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi chin ma’noda o‘xshashi yo‘q loyiha. Bino va uning mahobati tahsinga sazovor. Uni yanada rivojlantirish uchun oz bo‘lsa-da, ko‘magimiz tegsa, mamnun bo‘lamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shunday ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qilar edim. Uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgach, qoyil qoldim. Ulkan ish qilingani va buning ortida katta mehnat yotgani ko‘rinib turibdi, – dedi Tavfiq bin Favzon ar-Rabia.

Podshohlikning Haj va umra vazirligi hamda O‘zITSM o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan muzokaralarda O‘zbekistonda Haj va umraning tarixi, buguniga bag‘ishlangan hujjatli film yaratishga kelishib olindi. Filmda Islom dini diyorimizga yoyilishining ilk davridan boshlab yaqin o‘tmishgacha o‘zbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishida duch kelingan to‘siqlar, qiyinchiliklar va Yangi O‘zbekistonda bu boradagi keng imkoniyatlar ko‘rsatib beriladi. Bundan tashqari, filmda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham aks ettiriladi.


Uchrashuv so‘ngida  O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tomonidan nashr etilgan Katta Langar Qur’onining faksimilesi va xattot Habibullo Solih ko‘chirgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning maktublaridan birining nusxasi mehmonlarga hadya qilindi.

Rustam JABBOROV, 
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi.

O‘zA

Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Ko‘kaldosh"ga "Islom fiqhi asoslari" kitobi hadya qilindi

25.02.2025   4804   1 min.

«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti Axborot-resurs markazi fondiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovning «Islom fiqhi asoslari» kitobidan 50 dona hadya qilindi. 

Kitobda Islom voqeiy din ekani va barcha zamonu makonlarga mos hamda muvofiq kelishi saodat asrida sodir bo‘lgan voqea-hodisalar asosida ilmiy asoslab berilgan. Bir misol. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga qozi qilib tayinlaganlarida bunday deganlar: “Agar sen biror muammoga duch kelsang, qanday hukm qilasan?” Shunda u: “Qur’ondan hukm chiqaraman”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar Qur’ondan uning hukmini topa olmasang-chi?” deb so‘radilar. “Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hukm izlayman”, dedi. “Agar Rasulullohning sunnatlaridan ham topa olmasang-chi?” deb so‘raganlarida: “U holda aqlimga suyanib ish tutaman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muozning yelkasiga qoqib: “Rasulullohning elchisini O‘zi rozi bo‘ladigan ishga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yoki u kishi bo‘lmagan vaqtlarda sahobalar tomonidan bunday ijtihodlar ko‘plab sodir bo‘lgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning chiqargan hukmlaridan to‘g‘risini tasdiqlab, xatolarini tuzatib qo‘yar edilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

MAQOLA