Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
“Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida o‘tkazilgan 69 ming 138 ta tadbir doirasida joriy yilning shu davriga qadar 422 ming 565 nafardan oshiq yurtdoshimiz qamrab olindi.
Ular bilan tinchlik qadri, shukronalik, yoshlar tarbiyasi, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish, oila mas’uliyati, nizolarning oldini olish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berib borilmoqda.
Ushbu xayrli ishlarga diniy soha vakillari bilan bir qatorda 11 mingdan ziyod hojilar jalb etilgan bo‘lib, ular mahallalarda amaliy ishlarda ko‘ngilli ravishda ishtirok etishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir kishi imom Vakiy’ ibn Jarroh rahimahullohni so‘kdi. U zot javob qaytarmadilar. Odamlar: “Unga javob qaytarmaysizmi?” deyishdi. Shunda u zot: “Unda ilm olganimiz qayerda qoladi?!” dedilar.
Agar sizga biror aqlsiz kimsa gap qotsa, unga javob qaytarmang. Ilmingiz hurmatidan, ilmdan olgan tarbiyangiz sababidan odob saqlang.
Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadilar: “Aqli past kimsa menga nihoyatda qabih so‘zlar bilan gapirsa, unga javob qaytarishni o‘zimga ep ko‘rmayman. Uning safohati ortgan sari, mening halimligim ortadi. Go‘yo cho‘g‘ isiriqni kuydirgan sari, uning hushbo‘yi ko‘prok taralgandek”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV