Ayol kishi taksining orqa o‘rindiqlari bo‘sh bo‘laturib, haydovchining yonida o‘tirib ketyapti?
Bir kishi masjidning yonginasidan o‘tib ketyapti, masjidda esa odamlar namoz o‘qishyapti. U kishi namozga kirmay o‘tib ketaverdi?
Bir kishining yonidan o‘tib ketaturib unga salom berdingiz, lekin u salomingizga alik olmadi?
Birinchi holatda, ehtimol, ayol taksi haydovchisining xotini bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi holat, masjidga kirmagan kishi, ehtimol boshqa masjidda namoz o‘qigandir.
Uchinchi holat, salomingizga alik olgmagan kishi, ehtimol salomingizni eshitmagandir.
Salafi solihlardan birlari aytadi: "Agar men birodarlarimdan birining soqolidan aroq tomib turganini qo‘rsam, ehtimol ustiga quyilib ketgan bo‘lsa kerak?" deyman.
Agar uni tog‘ning tepasiga chiqib: "Men sizning oliy Robbingizman", deb baqirayotganini eshitsam, ehtimol u Qur’on o‘qiyotgan bo‘lsa kerak? deyman.
Ibnul Qayyum rahimahulloh aytadilar: "Banda o‘zining qilayotgan amalidagi niyatini aniq bilib olishi juda qiyin ish. Qanday qilib u boshqalarning niyatidan voqif bo‘lishi mumkin?".
Ko‘pincha siz suratning bir qismini ko‘rganingizda, uning qolgan qismini hayolingizda ijobiy shaklda gavdalantirishga harakat qilasiz. Chunki o‘sha suratdagi odamga zulm qilib, unga nisbatan nohaqlik qilmaslik uchun shunday hayolga borasiz. Shunday ekan, hayotdagi insonlar haqida ham yaxshi gumonda bo‘ling.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِن لَّدُنكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنتَ الْوَهَّابُ
“Robbanaa laa tuzig‘ qulubanaa ba’da iz' ha-daytanaa vahab lanaa milladunka rohmatan innaka antal vahhaab”.
“Yo Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi) dirsan” (Oli Imron surasi, 8-oyat).
Bu duoda inson hidoyat topganidan keyin ham kufrga og‘ib ketishi mumkinligidan ogohlantirilgan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ko‘p duo qilar edilar: “Ey qalblarni ag‘daruvchi Zot! Qalbimni O‘z diningda sobit qilib qo‘y!" va yana: “Ey qalblarni yurituvchi Zot! Qalbimizni O‘z itoating sari yo‘naltir!”.
Taqvodor mo‘minlar Allohning rahmatini “hadya” sifatida so‘raydi: “Rahmat faqat Sening inoyating, biz bunga haqli emasmiz”.
Ya’ni, qalbda iymon va ma’rifat nurini yoqadigan, oxiratda jannatga yetaklaydigan rahmatingdan benasib qoldirma!.
Barcha yaxshiliklarning haqiqiy manbai ham, ixlos beruvchi Zot ham Sensan.
Bandaning qalbi to‘g‘rilikda sobit qolishi, Allohning rahmatini so‘rashi va Uning hidoyati da bardavom bo‘lishi juda ahamiyatlidir. Bu duo mo‘minning Allohga bo‘lgan muhtojligi, muhab bati va umidini aks ettiradi. Duo bilan yashash esa qalbni pok, iymonni mustahkam qiladi.
Qur’oniy duolar qisqa, lekin ma’nolari juda keng qamrovlidir.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi