O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani "Suluvqo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Rahmonberdi domla Umrzoqovning hamda Toyloq tumani "O‘rta" masjidi mutavallisi Dilmurod G‘affarovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumlarni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum diniy soha xodimlarining ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhumlarni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Rahmonberdi Umrzoqov hamda Dilmurod G‘affarovning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Allohni seving! Zero, biz Allohga muhabbat qilishga buyurilganmiz. Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo sizlarni O‘z ne’matlari ila yeb-ichirib turgani uchun ham U Zotga muhabbat qilinglar”, deganlar. Bu borada Alloh taolodan ko‘ra muhabbatga haqliroq yana kim bor?! Axir U Zot butun borliqning Yaratuvchisi, uni yo‘qdan bor qilguvchi Zot-ku! Ey inson, U Zot seni yaratib, surat ato etib, go‘zal husn berdi. Sendagi kattayu kichik ne’matlarning barini ato qilgan Zot – Alloh taolodir.
Mustafo Siboiy bunday degan edi:
“Kim Allohni sevsa, boshqasini sevishdan lazzat totmaydi.
Kim qalbini nur bilan yoritsa, uning qalbida zulmatga joy qolmagay.
Kimning ruhi taqvo ila yuksakka ko‘tarilsa, yuksaklikdan boshqasiga rozi bo‘lmagay.
Kim oliymaqom ishlarni yaxshi ko‘rsa, faqat jannatdangina qarorgoh topgay.
Kim buyuklarga muhabbatli bo‘lsa, uni faqatgina Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lish qanoatlantiradi.
Kim hayotning sir-asrorlarini anglasa, Allohdan boshqaga bo‘lgan muhabbatni munosib, arzirli muhabbat deb hisoblamaydi”.
Alloh taolodan boshqaga bo‘lgan muhabbatingizni Allohga bo‘lgan muhabbatingizdan ustun qo‘ymang! Alloh taolo boshqaning muhabbatini Uning muhabbatidan ustun qo‘yganlarga qarata bunday deydi: «Ayting (ey Muhammad!): “Agar ota-onalaringiz, bolalaringiz, aka-ukalaringiz, juftlaringiz, qarindosh-urug‘laringiz va kasb qilib topgan mol-dunyolaringiz, kasod bo‘lishdan qo‘rqqan tijoratlaringiz hamda yaxshi ko‘rgan maskanlaringiz sizlarga Allohdan, Uning Rasuli va Uning yo‘lida jiddu jahd qilishdan suyukliroq bo‘lsa, u holda to Alloh O‘z amrini (ya’ni, azobini) keltirguncha kutib turing. Alloh fosiq qavmni hidoyat qilmas”»[1].
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Tavba surasi, 24-oyat.