O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani "Suluvqo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Rahmonberdi domla Umrzoqovning hamda Toyloq tumani "O‘rta" masjidi mutavallisi Dilmurod G‘affarovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumlarni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum diniy soha xodimlarining ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhumlarni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Rahmonberdi Umrzoqov hamda Dilmurod G‘affarovning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Toshkent islom institutida “Fevral – Qur’on qiroati va ilmlari fan oyligi” deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan Qur’on ilmlari kafedrasi tomonidan Oliy ma’had talabalari o‘rtasida “Qur’on musobaqasi – 2025” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tadbirni Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov ochib berdi va ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi. So‘ngra “Qur’on ilmlari” kafedrasi mudiri, musobaqa hakamlar hay’ati raisi Jahongir qori Ne’matov musobaqa shartlari bilan tanishtirdi. Ishtirokchilarni “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchilari baholab borishdi.
Hakamlar hay’ati qo‘ygan ballar asosida chiqarilgan yakuniy xulosaga ko‘ra 1-o‘ringa 4-kurs talabalari Sayyidburxon Faziliddinov va Ubaydulloh Habibullayev loyiq ko‘rildi. 2-o‘rin 2-kurs talabasi Muhammad Aminxon Najmiddinovga, 3-o‘rin 3-kurs talabasi Saydullo Solijonovga nasib etdi.
Musobaqa g‘oliblariga Toshkent islom instituti tomonidan qimmatbaho hadya va diplomlar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati