Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ramazon ostonasidagi duolarimiz
Allohim, muborak Ramazon oyi tashrifini barcha musulmonlarga xayr va baraka tashrifi etgin!
Allohim, bizning ro‘zalarimizni, namozlarimizni, qiyomlarimizni qabul ayla va gunohlarimizni mag‘firat etgin! Albatta Sen G‘afur va Rohiym Zotsan!
اللهم إنا نسألك أن تبلغنا شهر رمضان المبارك لا فاقدين ولا مفقودين ونحن في راحة بال ونتمتع بصح وعافية، وأن تجعل هذا الشهر المبارك نهاية المعاصي التي قد ارتكبناها وأعنا على أن نعبدك في هذا الشهر عبادة ترضيك وترضينا
Allohim, bizni muborak Ramazon oyiga (yaxshiliklarini) yo‘qotmagan va (g‘animat fursatlarini) o‘tkazib yubormaganlar qatorida rohat, xotirjamlik, salomatlik va ofiyat ila (bu oydan) bahramand bo‘ladigan holda yetkazgin.
Bu oyni biz uchun sho‘ng‘ib ketganimiz gunoh-ma’siyatlarning yakun topishi qilgin va O‘zing bizdan rozi bo‘ladigan va bizni ham rozi qiladigan ibodatlarni ado etishimizda yordam bergin!
يارب العباد إنا ندعوك أن تغفر لنا ذنوبنا وأن تجعل شهر رمضان المبارك بداية لنا لكل خير وأن ترزقنا فيه البركة والرزق الواسع وأن تعتق رقابنا ورقاب من نحب فيه من النار
Ey bandalarning Robbisi, biz Sendan ushbu muborak oyda bizning gunohlarimizni mag‘firat qilishingni va bu oyni bizga barcha yaxshiliklarning boshlanishi etishingni va bu oyda baraka, keng rizq ila rizqlantirishingni, bo‘yinlarimizni va biz sevganlarning bo‘yinlarini do‘zaxdan ozod etishingni so‘raymiz!
اللهم إنا نسألك أن تجعل شهر رمضان المعظم شهر تملأ فية الفرحة قلوبنا وتفرج فيه كروبنا وأن ترزقنا فيه الخير كله
Allohim, ushbu muazzam Ramazon oyini qalblarimizni shodlik va quvonchga to‘ldiradigan, g‘am-tashvishlarimizni ketkazadigan oy etishingni va ushbu oyda barcha xayr, yaxshiliklarni nasib etishingni so‘raymiz!
اللهم إنا نسألك أن تبلغنا صلاة التراويح ودعوات المصلين وختم كتابك، اللهم إنا نسألك أن تبلغنا نحن ومن نحب شهر رمضان المبارك وأن ترزقنا فيه الخير والسعادة وأن تتقبل منا صلاتنا وصيامنا وان تعتق رقابنا من النار
Allohim, bizni Kitobing xatmiga, namozxonlarning duolariga va taroveh namozlariga yetkazishingni so‘raymiz!
Allohim, bizni va bizning suyganlarimiz, yaqinlarimizni muborak Ramazon oyiga yetkazishingni va u oydagi xayr va saodat ila rizqlantirishingni va bizdan namozlarimizni, ro‘zalarimizni qabul etmog‘ingni va bizga do‘zaxdan najot bermog‘ingni so‘raymiz!
Yaqinlashayotgan Ramazoni sharif barchamizga muborak bo‘lsin!
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.