«Ey iymon keltirganlar, sizni Alloh va rasuli sizga jon baxsh etadigan narsaga chaqirganda javob beringlar va bilinglarki, Alloh kishi va qalbi orasini to'sib qo'yadi va Unga hisob berish uchun to'planarsizlar. Va sizlardan faqat zulm qilganlarning o'zigagina tushmaydigan fitnadan saqlaning. Va bilingki, Allohning azobi qattiqdir» (Anfol surasi, 24–25-oyatlar).
Oyatdagi “javob bering”dan murod itoat qilinglardir. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Nabiy alayhissalom Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhu uyi eshigiga borib, uni chaqirdilar. U namoz o'qiyotgan edi. Namozini tez tugatib, u zotning oldilariga chiqdi. Nabiy alayhissalom undan: “Nega javob bermading?” deya so'radilar. Ubay ibn Ka'b: “Namoz o'qiyotgan edim”, dedi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Alloh va Rasuli sizga jon baxsh etgan narsaga chaqirganida javob beringlar” oyati nozil bo'lganidan xabaring yo'q edimi?” dedilar. Ubay ibn Ka'b: “Endi chaqirsangiz, albatta, javob beraman”, dedi».
Mazkur hadis sharhida bir necha fikrlar aytilgan. Ulardan biri bunday: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ubay ibn Ka'bni kechiktirib bo'lmaydigan ish uchun chaqirgan edilar. Bunday holatda namoz o'qiyotgan kishi namozini buzib, javob berishi kerak”.
“Jon baxsh etadigan narsa” – shar'iy ilm. Jaholat o'limdir. Bir o'rinda: “Diningizni jonlantiradi va sizlarga o'rgatadi”, deyilgan. Yana boshqa o'rinda: “Qalblaringizga hayot beradi va sizlarni birlashtiradi”, deyiladi. Oyatdagi “jon baxsh etish” iborasi majoziy ma'nodadir. Chunki bu erda kufr va jaholat o'limidan saqlanish nazarda tutilmoqda. Mujohid va jumhur ulamolar aytadilar: “Toatga hamda Qur'on o'zida jamlagan buyruq va qaytariqlarga javob beringlar. Chunki Qur'onda abadiy hayot va abadiy ne'matlar bor”.
Bir o'rinda yana bunday keladi: «“Sizga hayot beradigan...”, ya'ni abadiy hayot uchun jiddu jahd qilishga javob bering.
“Va bilinglarki, Alloh kishi va qalbi orasini to'sib qo'yadi”. Ya'ni, uni vafot ettiradi. Kishida qalbini illatlardan tozalab, uni sog'lom qilishi uchun fursat qolmaydi. Shuning uchun o'lmasdan burun fursatni qo'ldan boy bermasdan qalblaringizni isloh qiling. Uni Alloh va Rasuli amr etgan toatlarga bo'ysunadigan qiling.
Mujohid rahimahulloh aytadi: «Alloh taolo kishi bilan aqlini ajratib qo'yadi. Hatto kishi nima qilishini bilolmay qoladi. “Albatta, bunda qalbi borlarga eslatma bordir” (Qof surasi, 37-) oyatidagi “qalb”dan murod aqldir», degan. Bir o'rinda yana bunday deyiladi: “Kishi va qalbi orasini o'lim bilan ajratib qo'yadi. Shu sabab kishi yo'qotganlarini qayta qo'lga kiritishining imkoni yo'q”. Boshqa bir o'rinda bunday keladi: “Badr kuni musulmonlar dushmanning ko'pligidan qo'rqishdi. Alloh taolo ularga banda bilan uning qalbini ajratib qo'yishini, ulardagi qo'rquvni xotirjamlik, dushmanlardagi ishonchni qo'rquvga almashtirib qo'yishini bildirdi”. Imom Tabariy rahimahulloh: “Alloh taolo bandalari qalblarining Hojasi ekani, istasa, ular bilan qalblari orasini ajratib qo'yishini, shuningdek, inson biror narsaga faqat Parvardigorning irodasi bilan erisha olishini xabar qilmoqda”, degan.
“Va Unga hisob berish uchun to'planarsizlar”. Shunda qalblaringizni buzuq e'tiqodlardan tozaligi va qilgan toatlaringizni xolisligiga ko'ra ajr yo jazo olasizlar.
“Va sizlardan faqat zulm qilganlarning o'zigagina tushmaydigan fitnadan saqlaning. Va bilingki, Allohning azobi qattiqdir”. “Fitna” so'zidan murod azobdir. Ya'ni, sizlarga azob (balo) tushsa, faqat zolimlargagina (gunohkorlargagina) tushmaydi. Balki hammangizga birday tushadi. Allohning azobi juda qattiqdir.
“Sahihi Muslim”da bunday keladi: «Zaynab binti Jahsh onamiz Payg'ambarimiz alayhissalomdan: “Yo Rasululloh, oramizda solihlar bo'lsa-da, halok (baloga duchor) bo'lamizmi?” deb so'radi. Nabiy alayhissalom: “Ha, agar yomonlik (axloqsizlik) ko'payib ketsa”, dedilar».
Imom Buxoriy va Imom Termiziy rahimahumulloh No''mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: “Alloh hududida qoim banda bilan mazkur hududlarni buzuvchi kimsaning misoli bir kemaga bo'linib joylashgan qavmga o'xshaydi. Ularning ba'zilariga kemaning tepa qismidan, ba'zilariga esa pastki qismidan joy tegdi. Pastda joylashganlar suv ichmoqchi bo'lsalar, tepadagilarga murojaat qilishardi. Keyin ular shunday deyishdi: “O'zimiz uchun shu erdan bir teshik ochib olsak, tepadagilarni ham qiynab o'tirmasdik”. Agar tepadagilar ularni o'z bilganlariga tashlab qo'yishsa, barchalari halok bo'lishadi. Agar pastdagilarning qo'lidan tutib qolishsa, o'zlari ham, ular ham omon qolishadi». Ushbu hadisda shaxsiy (bir odamning) gunohi uchun omma azoblanishi, yana amri ma'ruf va nahyi munkarni tark qilganlik uchun butun jamiyat uqubatga duchor bo'lishiga dalil bor.
Ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo biror-bir qavmga azob yuborsa, azob ularning barchalariga etadi. So'ngra amallariga ko'ra qayta tiriladilar”, deb ogohlantirdilar» (Imom Buxoriy rivoyati). Hadis bunday halokatning umumiy bo'lishiga, faqat mo'minlarni poklovchi va faqat fosiqlarni jazolovchi bo'lmasligiga dalolat qiladi.
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti
o'qituvchisi Farhod JO'RAYeV
tayyorladi.
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. Bu o‘zgarishlar zamirida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, shaxslar, ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan mashhur ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish ishlari mujassam.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan "Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu nufuzli anjumanda "Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni", "Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini", "XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" kabi sho‘balarda muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalarida buyuk bobomizning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati kabi muhim masalalarda so‘z yuritdi.
Tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 dan ortiq davlatdan 70 dan ziyod muftiy, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunoslar va diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 1 may, 88-son