frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Nega imomga iqtido qilgan Qur’on tilovat qilmaydi?

25.02.2025   6328   7 min.
Nega imomga iqtido qilgan Qur’on tilovat qilmaydi?

“Qur’on tilovat qilinganda uni tinglanglar va jim turinglar, shoyad rahmatga erishsangiz” (A’rof surasi, 204-oyat).

Imom jahriy o‘qiganida ham, maxfiy o‘qiganida ham muqtadiy qiroat qilmasligiga dalil Payg‘ambarimizning: “O‘zimga-o‘zim nimaga Qur’onda tortishyapman dedim-a (shu sababli ekan-da)”, degan so‘zlaridir.

Yuqoridagilardan, muqtadiy ovoz chiqarib qiroat qilmasligi ma’lum bo‘ladi. Shunday ekan, Payg‘ambarimizning “tortishyapman” degan so‘zlarini “mashg‘ul bo‘lib qolyapman” deb ta’vil qilib bo‘lmaydi.

Demak, Rasulullohning: “O‘zimga o‘zim nimaga Qur’onda tortishyapman, dedim-a (shu sababli ekan-da)”, degan so‘zlari imom jahriy qiroat qiladimi yoki yo‘qmi, muqtadiy qiroat qilmasligiga ochiq-oydin hujjat, dalil bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan imom jahriy qiroat qilganida ham, maxfiy qiroat qilganida ham muqtadiy qiroat qilmasligi kerakligi to‘g‘risida rivoyatlar bor.

Imron roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sahobiylari bilan bomdod namozini o‘qidilar. Namozlarini ado qilib bo‘lganlaridan so‘ng: “Qaysi biringiz (Sabbihisma Robbikal a’la)ni o‘qidi?” dedilar. Odamlardan ba’zilari: “Yo Allohning rasuli, men”, dedi. Payg‘ambarimiz: “Sizlardan ba’zingiz unda diqqatimni tortganingizni bildim”, dedilar».

Imron ibn Husoyn: “U zot qiroatini maxfiy qilganlar”, deb bayon etadi. Bu ham Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda kelgan qaytariq maxfiy hol qolib, faqat jahriy holatga tegishli emasligini, balki iqtido qiluvchi barcha namozlarda imomning ortidan qiroat qilishdan qaytarilganini bildiradi.

Darhaqiqat, imomning ortida qiroat qilishdan qaytariq borasida Payg‘ambarimiz alayhissalomdan ko‘plab hadislar naql qilingan. Abu Hurayra va Imron ibn Husoyn roziyallohu anhumdan rivoyat qilingan mazkur hadislar ham shular jumlasidandir.

Shuningdek, Abdullohdan rivoyat qilingan xabar ham bor: «Biz Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ortlarida qiroat qilar edik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni menga chigallashtirdingiz”, dedilar».

“Ehtimol, ular Qur’oni karimni jahriy o‘qiyotgan bo‘lishlari va shuning uchun qiroat qilishdan qaytarilgan bo‘lishlari mumkin-ku?” deyilsa, bunga javoban: “Muqtadiylarning jahriy qiroati borasida biror naql yetib kelmagan. Ular jahriy qiroat qilgan bo‘lganlarida, qiroat qilganlari rivoyatlarda yetib kelgani kabi jahriy o‘qiganlari ham yetib kelgan bo‘lar edi”, deyiladi.

Bu hadisda faqat jahriy qiroatdan qaytarilmagan, balki imom ortida har qanday qiroat qilishdan qaytarilgan. Bunga boshqa dalillar ham bor. Abu Voildan rivoyat qilinadi: «Abdulloh ibn Mas’uddan imomning ortida qiroat qilish haqida so‘radim. U: “Jim turgin. Namozda mashg‘ul bo‘lish bor. Senga shu imomning o‘zi kifoya qiladi”, deb javob berdi».

Abdulloh ibn Shaddoddan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimning imomi bo‘lsa, imomning qiroati unga ham qiroatdir”, dedilar».

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam namoz o‘qidilar va u kishining ortida bir kishi qiroat qil­di. Sahobiylardan biri uni namozda qiroat qilishdan qaytardi. Natijada ular bu borada tortishib qolishdi. Bu holat Payg‘ambarimizga aytildi. Shunda u zot: “Kim imomning ortida namoz o‘qi­sa, imomning qiroati uning uchun ham qiroatdir”, dedilar»

Abu Muso roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan quyidagilarni rivoyat qilgan: “Imom qiroat qilsa, sizlar jim turinglar”.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imom ergashish uchun tayinlanadi. U takbir aytsa, takbir aytinglar, qiroat qilsa, jim turinglar”, dedilar». Bu va shu kabi boshqa hadislar ham mavjud.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning “Ummul Qur’onni o‘qimagan kishining namozi namoz bo‘lmaydi”, degan hadislari bizning nazdimizda kka o‘zi namoz o‘qigan kishiga tegishlidir.

Demak, mazkur hadisi sharif ehtimoliy ma’noga ega bo‘lib, uni imomning ortida qiroat qilishdan qaytarilgan hadisi shariflar tafsir qi­ladi. Ular: “Jahriy namozda muqtadiy Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisiga binoan qiroat qilmaydi. Maxfiy namozda esa, Ubodaning hadisiga binoan qiroat qiladi. Chunki Abu Hurayra va Uboda ibn Sobitning hadislari sahihdir”, deyishsa, bunday javob beriladi: “Ayni shu holatni yakka o‘zi namoz o‘qiyotgan kishiga tegishli qilsangiz bo‘lmaydimi?

Shunda Ubodaning hadisi ham, Imron ibn Husoynning hadisi ham sahihligicha qoladi. Chunki Imron ibn Husoynning hadisida maxfiy namozda muqtadiy qiroat qilishdan qaytarilgan bo‘lsa, Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisida jahriy namozlarda (muqtadiy) qiroat qilishdan qaytarilgan bo‘ladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisini Uboda rivoyat qilgan umumiy ma’nodagi hadisdan chiqarib yuborsak, unda hadis imom jahriy qiroat qilganida ham, maxfiy qiroat qilganida ham muqtadiy qiroat qilmasligi kerakligini anglatadi”.

Ularga yana bunday deyiladi: “Namozning qaysidir farzi muqtadiyga bir holatda soqit bo‘lib, boshqa holatda vojib bo‘lga­nini ko‘rganmisiz?”. Ular: “Yo‘q”, deb javob berishsa, bunday deyiladi: “Jahriy namozda qiroatni muqtadiydan soqit qilishingiz sizga maxfiy namozda qiroatni bekor qilishni yuklamaydi”.

Ba’zi sahobalarimiz bunga yana quyidagi dalilni keltirganlar: “Bir kishi imomga rukuda ergashib, namozni takbir aytib boshlasa-yu, umuman qiroat qila olmasa, barcha olimlar uning namozi durust bo‘lishiga ijmo qilishganlar. Bu holat ham muqtadiyga qiroat farz emasligiga dalil bo‘ladi”.

Kimdir: “Bu holatda zarurat tufayli unga ruxsat berilgan”, desa, bunday javob beriladi: “Bir kishi imom sajdadaligida namozga kelib qo‘shilsa, garchi zarurat bo‘lsa-da, uning bu rakati e’tiborga olinmaydi. Zarurat biror farzni soqit qilganida, imomga sajdada ergashgan kishidan rukuni ham soqit qilgan bo‘lar edi.

Demak, zarurat imomga rukuda ergashgan kishidan qiroatni soqit qilmasligi kerak, biroq amalda (muqtadiyga) qiroat qilish farz bo‘lmagani uchun ham bu holatda muqtadiydan qiroat soqit bo‘lmoqda. Shuning uchun muqtadiy qiroat qilmasa ham, namozi joiz bo‘laveradi”.

Bir guruh sahobiylarning bunday deyishgani rivoyat qilingan: “Imomning orqasida namoz o‘qigan kishiga qiroat yo‘qdir”. Ular Ali, Ibn Mas’ud, Jobir, Sa’d, Abu Said, Ibn Umar, Ibn Abbos, Zayd ibn Sobit kabi sahobiylar roziyallohu anhumdir.

Ali roziyallohu anhu aytadi: “Kim imomning orqasida turib qiroat qilsa, fitratiga zid ish qilibdi”. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu: “Kim imomning ortida qiroat qilsa, uning namozi namoz bo‘lmaydi”, degan.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan: “Imomning orqasida turgan kishi qiroat qiladimi?” deb so‘raldi. U zot: “Yo‘q, sizlardan kim yakka o‘zi namoz o‘qisa, qiroat qilsin”, dedilar. Ibn Umar roziyallohu anhumo imomning orqasida qiroat qilmas edilar. Abu Said roziyallohu anhudan imomning ortidagi kishi qiroat qilishi haqida so‘raldi. Shunda u: “Unga imomning o‘zi kifoya qiladi”, dedi.

Abbos roziyallohu anhumodan bir kishi: “Imomning ortida qiroat qilamanmi?” deb so‘radi. U: “Yo‘q”, deb javob berdi. Hanafiy ulamolarimiz shu kabi hadislarga amal qilganlar. Qur’on, sunnat va saho­biylarning ijmolari ham shunga dalolat qiladi.

 

Ta’vilotul Qur’on” asaridan
Abdulatif ALLOQULOV tarjimasi.

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Buni shukr deb bo‘ladimi?

27.06.2025   2094   3 min.
Buni shukr deb bo‘ladimi?

Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!

Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!

Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!

Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!

Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!

Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!

Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].

Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh  shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].

Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun  rozi bo‘lur...»[4].

Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.

Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].

Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash  umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Baqara surasi, 152-oyat.
[2]  Niso surasi, 147-oyat.
[3]  Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4]  Zumar surasi, 7-oyat.
[5]  Ibn Hibbon rivoyati.
[6]  Imom Buxoriy rivoyati.
[7]  Imom Tabaroniy rivoyati.