Taqvo – Allohdan qo‘rqish, Unga itoat qilish va gunohlardan saqlanish ma’nosini anglatadi. Bu tushuncha insonning qalbidagi ixlos, taqdirga bo‘lgan ishonch va Allohning hukmlariga sodiq qolish bilan bog‘liq.
Taqvoning asosiy ma’nolari:
1. Allohdan qo‘rqish va ehtirom qilish – inson gunohlardan uzoq bo‘lishi va Allohning amrlariga itoat qilishi.
2. Niyat va amal pokligi – faqat Allohning roziligini qidirish, riyo va dunyoviy manfaatlardan qochish.
3. Gunohlardan ehtiyot bo‘lish – nafaqat ochiq gunohlar, balki shubhali va zararli ishlardan ham uzoqlashish.
4. Sabr va shukr – sinovlarga sabr qilish, Alloh bergan ne’matlarga shukr aytish.
Qur’onda taqvo haqida:
Alloh taolo Qur’onda taqvo egalari haqida bunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh huzurida eng hurmatli kishingiz – eng taqvodoringizdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Bu oyatdan ko‘rinib turibdiki, insonlarning Alloh huzuridagi maqomi boylik, nasab yoki martaba bilan emas, balki taqvo darajasi bilan belgilanadi.
Taqvoli inson qanday bo‘ladi?
Har bir ishida Allohning roziligini qidiradi.
Halolni mahkam ushlab, haromdan uzoq bo‘ladi.
Adolatli, mehribon va muruvvatli bo‘ladi.
O‘z nafsini tarbiya qiladi va qalbini pok saqlaydi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan taqvo haqida hadis:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Taqvo shu yerda”, deb qo‘llari bilan qalblariga ishora qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis taqvoning tashqi ko‘rinish emas, balki insonning qalbidagi ixlos va itoat bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.
Taqvo – musulmonning hayotidagi eng muhim sifatlardan biri bo‘lib, insonni Allohga yaqinlashtiradi va unga ikki dunyo saodatini olib keladi. Taqvoli inson to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi va hamisha Allohning madadini his qiladi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur” (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.
Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:
“Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas” (An’om surasi, 160-oyat).
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!
Davron NURMUHAMMAD