Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘n ikki oyning sultoni, muborak mohi Ramazonga ham oz fursat qoldi. Ushbu oy qadimdan yurtimizda xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. O‘tgan solihlardan: «Ramazon oyini qanday kutib olardinglar?» deb so‘ralganida, ular: «Biz yangi oyni boshqa musulmonlarga nisbatan zarracha ham gina adovat, kek saqlamagan holda, qalbimizni poklagan tarzda qarshilar edik», deya javob bergan ekanlar.
Ramazon oylarning sultonidir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir», deganlar (Imom Tabaroniy rivot qilgan).
Bu haqiqatni quyida keladigan satrlar ham tasdiqlaydi.
Ramazon Qur’on oyidir. Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘ngi kitobi, Qiyomatga boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘jiz kalomi Qur’oni Karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi: «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir» (Baqara surasi, 185-oyat).
«Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik» (Qadr surasi, 1-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Qur’onni avval Lavhul-mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilgan va bu Ramazon kechalaridan birida – Qadr kechasida bo‘lgan. Vaqti-soati kelib, Qur’onning Yer yuziga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari Qur’onni Jabroil alayhissalomga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda «arzai oxir» - «so‘ngi o‘qib o‘tkazish» degan nom bilan mashhurdir.
Allohim, yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyini bizlarga muborak qil!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Molik ibn Dinor rahimahulloh aytadilar: «Hajga bordim. Keng sahroda yursam, og‘zida non bo‘lagini tishlagan qarg‘ani ko‘rib qoldim. O‘zimga o‘zim: «Bu qarg‘a og‘zida non bo‘lagi bilan uchadi. Buning bir sababi bo‘lsa kerak» dedim-da, uning ortidan ergashdim. Qarg‘a uchib borib, bir g‘orning oldiga tushdi. Men ham o‘sha g‘orning oldiga bordim. Qarasam, oyoq-qo‘llari bog‘langan bir kishi turibdi. Har qancha urinsa ham arqonni yecholmayapti. Non bo‘lagi esa, uning oldida turardi. Men undan: «Kimsiz? Qaysi shahardansiz?» deb so‘radim.
U: «Men hojilardanman. O‘g‘rilar mening molimni, narsalarimni olib, o‘zimni esa, ko‘rib turganingizdek, shu yerga bog‘lab qo‘yishdi. Bir necha kun ochlikka chidadim. Keyin Robbimga qalbim bilan yuzlanib: «Ey O‘zining aziz Kitobida: «Yoki muztar odam duo qilganda, ijobat etadigan va yomonlikni aritadigan» Zot! (Naml surasi, 62-oyat). Men noiloj qoldim. Menga rahm qil!» deb duo qildim. Shu payt Alloh mana shu qarg‘ani mening oldimga taom bilan yubordi» deya javob berdi.
Keyin men uni arqondan yechdim. Ikkimiz yurib-yurib, chanqadik. Yonimizda suv yo‘q edi. Sahroga yaxshilab razm soldik va bir quduqni ko‘rdik. Quduq ustida bir to‘da ohular turardi. Darhol quduq oldiga yaqinlashdik. Ohular nariroqqa qochib, bir chetda to‘xtadi. Quduqqa yetib borib, qarasak, suv quduqning tubida ekan. Harakat qilib, suvidan oldik, ichdik. Keyin men ohularga ham suv olib chiqmagunimcha bu yerdan jilmayman, deb qasd qildim. Sherigim ikkalamiz quduqning yonidan bir joyni kavlab, o‘sha joyga quduqdan suv olib, to‘ldirdik. Ish bitgach, quduq yonidan uzoqlashdik. Bizning uzoqlashganimizni ko‘rib, ohular quduq yoniga kela boshladi. Kelib, haligi suvdan ichib, barchasining chanqog‘i bosildi. Shu payt menga: “Ey Molik, sheriging bizga duo qilib, qalbi va nafsi ila bizga yuzlangan edi, biz uning duosini ijobat qilib, unga taom berdik, arqondan yechdik va sug‘ordik. Ohular ham bizga tavakkul qilgan edi, ularni ham sug‘ordik» degan ovozni eshitdim».
Honiy Hojining «Solihlar hayotidan ming bir qissa» kitobidan