O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazining milodiy 2025 / hijriy 1446 yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr sadaqasi va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilindi, unga ko‘ra:
Zakot nisobi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bu yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobini ≈ 85 gramm 585 probali tillaning qiymatidan kelib chiqib 61 200 000 (oltmish bir million ikki yuz ming) so‘m deb belgiladi.
Shunga ko‘ra, kimda zaruriy ehtiyojidan tashqari kamida 61 200 000 (oltmish bir million ikki yuz ming) so‘m qiymatidagi pul mablag‘i yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moli bo‘lsa, jami mablag‘ining qirqdan biri (2,5%)ni zakot niyatida haqdorlarga beradi.
Fitr sadaqasi miqdori
Fitr sadaqasining miqdori quyidagicha belgilandi:
≈ 2 kg bug‘doy unidan – 10 000 (o‘n ming) so‘m;
≈ 4 kg arpadan – 16 000 (o‘n olti ming) so‘m;
≈ 2 kg mayizdan – 110 000 (bir yuz o‘n ming) so‘m;
≈ 4 kg xurmodan – 180 000 (bir yuz sakson ming) so‘m deb belgilandi.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotdan xohlagan biri yoki uning qiymatini fitr sadaqasi niyatida bersa kifoya qiladi.
Fidya miqdori
Bir kunlik fidya miqdori fitr sadaqaning miqdori bilan bir xil bo‘ladi.
Shunday ekan, har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotdan xohlagan biri yoki uning qiymatini fidya niyatida bersa kifoya qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qariyb o‘n oydirki, yurtimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Hoji ota, hoji onalar, imom-xatib va faollar bilan birga mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan oilalar holidan xabar olib, qimmatli va’z-nasihatlar bilan ularning ko‘ngillariga iliqlik olib kirish barobarida xayriya va ehsonlar ulashmoqda.
Bugunga qadar 84 ming 793 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 518 121 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda. Zero, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot kishilik jamiyatida doimiy qilinishi lozim bo‘lgan ishlar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati