frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

O‘zbekiston xalqiga tabrik

01.03.2025   17706   2 min.
O‘zbekiston xalqiga tabrik

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.

Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.

Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz.

Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Aziz vatandoshlar!

Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin!

Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!

Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uyda axlat to‘plashning zararlari

27.07.2026   11987   1 min.
Uyda axlat to‘plashning zararlari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni uy va hovlilarni ozoda tutishga, chiqindi va axlatlarni to‘plab qo‘ymaslikka chaqirganlar. U zot alayhissalom bunday deganlar: “Albatta, Alloh xushholdir, xushhollikni suyadir. Ozodadir, ozodalikni suyadir. Karamlidir, karamni suyadir. Saxiydir, saxiylikni suyadir. Shunday ekan, hovlilaringizni ozoda tuting! Yahudiylarga o‘xshamang!” (Imom Termiziy rivoyati).

Uyda axlat to‘plab qo‘yish nafaqat diniy, balki tibbiy va psixologik jihatdan ham katta zararlarga ega. Chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib tashlamaslik uy muhiti va inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.

To‘plangan axlat suvaraklar, pashshalar, sichqon va kalamushlarni o‘ziga tortadi. Ular vabo, tif va dizenteriya kabi xavfli infeksiyalarni tashiydi.

Oziq-ovqat qoldiqlari tez chiriydi. Natijada havoda ko‘zga ko‘rinmas zamburug‘ sporalari ko‘payib, allergiya va astmani qo‘zg‘atadi.

Chirish jarayonida ammiak va vodorod sulfid kabi gazlar ajraladi. Bu gazlar bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va nafas qisishiga sabab bo‘ladi.

Betartib va axlat to‘la uyda yashash inson miyasini toliqtiradi. Bu doimiy stress, asabiylik va surunkali charchoqni keltirib chiqaradi.

Ifloslangan havo va tartibsizlik odamning ish qobiliyatini pasaytiradi. Diqqatni bir joyga jamlash qiyinlashadi.

Davron NURMUHAMMAD

Uyda axlat to‘plashning zararlari
Maqolalar