Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.
Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz.
Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Aziz vatandoshlar!
Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin!
Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!
Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Misrdagi Al-Azhar xalqaro imom va voizlar tayyorlash akademiyasida malaka oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Delegatsiya a’zolari ikki haftalik o‘quv dasturi davomida misrlik islomshunos olimlar bilan arab tilini o‘rganish, ta’lim tizimida innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish, islomshunoslik yo‘nalishidagi yangi yondashuvlar va ko‘nikmalar xususida fikr-mulohazalar almashdi.
Malaka oshirish kurslari doirasida Al-Azharda faoliyat yurituvchi taniqli imomlar tomonidan ma’ruzalar tashkil etildi. Xususan, professor Ahmad at-Tayyib turli mamlakatlardan kelgan ulamolar, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro ilmiy-akademik hamkorlikni mustahkamlash borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Dastur davomida arab tilini o‘qitishning zamonaviy strategiyalari, ilg‘or pedagogik yondashuvlar va til ko‘nikmalarini amaliyotga samarali tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar hamda seminarlar ham o‘tkazildi.
O‘quv dasturi so‘nggida Al-Azhar xalqaro akademiyasi prezidenti, professor Hasan as-Sag‘ir hamda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakili tinglovchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi va faolligini yuqori baholab, ushbu kurs xalqaro miqyosda ilmiy va da’vat salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda kurs davomida tayyorlangan eng yaxshi amaliy loyihalar mualliflari alohida e’tirof etildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilariga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati