Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fotiha surasi etti oyatdan, yigirma etti so'z va bir yuz qirq harfdan iboratdir. Ibn Abbos, Qatoda va Abul Oliya Fotiha surasi Makkada nozil bo'lgan, deydi. Fotiha surasining nomi ko'pligi uning sharafi va fazlining yuqoriligiga dalildir.
Fotiha surasi bilan namozning har bir rakati avvalida o'qilishi va Qur'oni karim u bilan boshlangani uchun “Fotiha” (ochuvchi) deb nomlanadi.
Anas, Hasan va Ibn Sirin bu surani “Ummul Kitob”, ya'ni Kitob (Qur'on) onasi deyishgan.
Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdulillahi Robbil a'lamiyn Ummul Qur'on, Ummul Kitob, Sab'ul masoniy (etti takrorlanuvchi) va Al-Qur'anul a'ziym (ulug' Qur'on)dir”, dedilar. Yana “As-solat” (namoz) deb ham nomlanadi. Chunki u namozning shartlaridan biridir.
Ushbu sura “Shifo” deb ham nomlangan. Imom Dorimiy Abu Sa'id roziyallohu anhudan marfu' holatda rivoyat qilgan hadisda: “Fotihatul Kitob – har bir zaharga shifodir”, deyilgan.
Bu sura “Ruqiya” deb ham nomlanadi. So'fyon ibn Uyayna Fotihani “Voqiya”, Yahyo ibn Abi Kasir esa “Kofiya” degan. Yana u “Namoz va xazina” ham deyiladi. Buni Imom Zamaxshariy o'zining “Kashshof” tafsirida keltirgan.